Qiziqish — malaka va ko‘nikmalar rivojiga, bilim egallashi- ga moyillik tug‘diradigan ijobiy hissiy holat. Quvonch — to‘la qondirilishi mumkin bo‘lmagan, har holda qondirilishi noaniq dolzarb bo‘lgan ehtiyojni qondirilishi mumkinligi bilan bog‘liq ijobiy hissiy holat. Hayratlanish — to‘satdan ro‘y bergan holatlardan hissiy jihatdan ta’sirlanishning ijobiy yoki salbiy jihatdan aniq-ravshan ifoda etilmagan belgisi. Iztirob chekish — hozirga qadar qondirilish ehtimoli ozmi- ko‘pmi darajada mavjud deb tasavvur qilingan hayotiy muhim ehtiyojlarning qondirilishi mumkin emasligi haqida aniq yoki shunday tuyilgan axborot olinishi bilan bog‘liq salbiy hissiy holat. G‘azablanish — odatda affekt tarzida kechadigan va subyekt uchun g‘oyat muhim ehtiyojni qondirish borasida jiddiy to‘siq paydo bo‘lishi oqibatida kelib chiqadigan, ifodalanishiga ko‘ra salbiy hissiy holat. Iztirob chekishdan farqi g‘azablanish stenik tarzda, ko‘rinishda bo‘ladi. Kuch-g‘ayratni oshirib yuboradi. Nafratlanish — obyektiv holatga subyektning mafkuraviy, ma’naviy, estetik prinsiplari va yo‘l-yo‘riqlariga keskin zid kelib qolishi oqibatida ro‘y beradigan salbiy hissiy holatdir. Nafratlanish tajovuzkorlik xulq-atvoriga sabab bo‘lishi mumkin. Jirkanish — shaxslararo munosabatlarda ro‘y beradigan va subyektning hayotiy nuqtayi nazari, qarashlari va xulq-atvoriga nomutanosibligi oqibatida hosil bo‘ladigan salbiy hissiy holatdir.