3. Inson ongining rivojlanishi Inson psixikasi bilan eng yuksak taraqqiy etgan hayvon psixikasi o`rtasida katta farq bor. Hayvonlar
“tili” bilan inson tilini hech (qanday) bir jihatdan taqqoslab bo`lmaydi. Hayvon o`z to`dasidagi boshqa
o`ziga o`xshash hayvonlarga ayni choqdagi bevosita vaziyat bilan cheklangan hodisalar haqida faqatgina
signal berolsa, inson til yordami bilan boshqa odamlarga o`tgan, hozirgi va kelgusi zamondagi narsalar
haqida axborot berishi va ularga ijtimoiy tajriba o`tkazishi mumkin. Hayvon va odam tafakkurining bir -
biridan farq qilishi ular tili o`rtasidagi farqqa bog`liqdir. Inson abstrakt tafakkurga - hayvon esa amaliy
tafakkurga ega. Odam zaruriyatga mos ravishda ongli suratda ish ko`rish qobiliyatiga ega. Qurol yasash
va uni asrash qobiliyatiga egalik odamni ajratuvchi ikkinchi muhim farq hisoblanadi. Konkret vaziyatdan
tashqarida hayvon hech vaqt qurolni boshqa narsalardan farqlab, qurol sifatida ajratmaydi va uni
keyinchalik foydalanish uchun saqlab qo`ymaydi. Biron vaziyatda qurol o`z rolini o`tab bo`lgach, shu
zahotiyok, hayvon uchun qurollik sifatini yo`qotadi. Odam ilgaridan o`ylab qo`yilgan reja bilan qurol
yasaydi, quroldan tegishli maqsadlarda foydalanadi, hamda uni saqlab qo`yadi. Odam nisbatan doimiy
buyumlar olamida yashaydi. Odam quroldan foydalanish tajribasini boshqalardan o`rganadi va o`zi bu
tajribani boshqalarga o`rgatadi. Odam psixik faoliyatining hayvonlar psixikasidan uchinchi farqi shuki,
inson o`zidan keyingi avlodlarga ijtimoiy tajriba qoldiradi. Odam bilan hayvon o`rtasidagi to`rtinchi,
g`oyat muhim farq hissiyoti o`rtasidagi farqdir. Rivojlanish sharoitlarining turlicha bo`lishi odam
psixikasining hayvon psixikasidan ajratuvchi muhim farqlardan hisoblanadi. Agar odam insoniyat
tajribasini o`zlashtirmas ekan, o`ziga o`xshagan odamlar bilan munosabatga kirishmas ekan, shaxs
sifatida tarkib topmaydi. Inson ongining rivojlanishiga asosiy omil mehnat faoliyati bo`lgan, ya`ni
odamlarning birgalikda qurol yasash va undan foydalanish faoliyatlari bo`lgan. Mehnat faoliyati ijtimoiy
munosabatlar taraqqiyotiga ta`sir qiladi, ijtimoiy munosabatlarning rivojlanishi esa mehnat faoliyatining
takomillashuviga ta`sir ko`rsatadi. Inson ongi mehnatda rivojlanadi. Inson ongi evolyutsion taraqqiyot
jarayonida aks ettirishning eng yuksak shakli sifatida maydonga kelib, ong tufayli odam moddiy
dunyodagi narsalarning ob`ektiv barqaror xususiyatlarini ajrata oladi va shu asosda tevarak -atrofdagi
voqelikni o`zgartira oladi. Demak, inson psixikasini - ong deb atash mumkin.