Elektron kutubxonadan yoki boshqa manbalardan tarmoq tizimi yordamida materiallarni olib o`qish-virtual o`qish deb yuritiladi. Yangi axborot texnologiyalari asosida boshqarishni avtomatlashtirish, ish yuritish, moliya ishlarini avtomatlashtirilgan holda boshqarishni ta`minlash kabi ishlarni bajarish imkoniyatlari tug`ildi. Bundan tashqari yangi axborot texnologiyalari tufayli yuzaga kelgan juda katta imkoniyatga ega bo`lgan muharrirlarni, tarjima qiluvchi dasturiy vositalarni keltirish mumkinki, ularning yaratilishi ta`lim tizimida ham o`z samarasini bermoqda. Shu o`rinda olamshumul ahamiyatga ega bo`lgan telekommunikatsion (kabelli, shisha tolali, sputnikli) aloqa vositalari asosida tashkil etilgan internet tizimining insoniyatga juda keng imkoniyatlar yaratganligini ta`kidlash lozim. Internet hozirgi kunda butun insoniyat bilimlarini birlashtirish, ularning aqliy qobiliyatlaridan unumli foydalanish kabi masalalarni yechish bilan bir qatorda, yangi adabiyotlar to`g`risida ma`lumot olish, masofadan turib o`qitish texnologiyasini amalga oshirish, musiqa eshitish, kino va boshqa sohalardagi mashhur kishilarning (yulduzlarning) rasmlarini ko`rish, ular haqida ma`lumotlar olish, kundalik gazetani o`qib borish, ob-havo to`g`risida ma`lumot olish, kompyuter o`yinlari o`ynash, yangi ish joyi topish, magazindan xarid qilish va hatto keng miqyosdagi biznes ishlarini amalga oshirish mumkin. Uchinchi ming yillikning boshlarida 120 mln. Kompyuter yagona dunyo tarmog`iga ulangan, ulardan 1 mlrd. Dan ziyod odamlar foydalanmoqda.
Keyingi vaqtda internetdan o`spirin yoshlarning va xotin-qizlarning foydalanish sur`ati o`sib borayotganligini qayd etish mumkin. Uchinchi ming yillikning boshida axborot texnologiyalarini tadbiq etishda tub o`zgarishlar ro`y berishi kutilmoqda. Bularga yo`ldosh kanali orqali internet elektron kitoblar, dunyo internet kutubxonasi, internet video-telefonlar, muloqotli tarjimonlar va nutqni hamda harakatni tushunadigan kompyuterlarning yaratilishi kutilmoqda. Bulardan ko`rinib turibdiki, ta`lim tizimida yangi axborot texnologiyalarini tadbiq etish masalalariga tubdan boshqacha ko`z bilan qaramoq lozim. Yuqorida qayd etilgan masalalar ta`lim tizimida ham yangi axborot texnologiyalarini tadbiq, etishning istiqbolli yo`nalishlarini belgilash bilan bir qatorda, ularning yechimini kechiktirmasdan hal etish uchun chora-tadbirlar ko`rish zaruratini ham yuzaga keltiradi. Shu o`rinda aytish lozimki, ta`lim tizimida yangi axborot texnologiyalarini tadbiq etishning bugungi kundagi dolzarb masalalaridan biri multimedia vositalari negizida virtual o`qitish tizimini yaratishdir. Axborot texnologiyalaridan o`quv jarayonini boshqarishda foydalanish ta`limning samaradorligini oshirishga olib keladi. Buning sababi, o`quv jarayonini to`liq nazorat qilish va uni yangilab borish imkoniyatlarining yaratilishidir.