Reja:
1. Navoiy va Bobur bobolarimiz haqida.
2. “Buyuk alloma Z.M.Bobur Andijon farzandi” mavzuli o’yinli ta’lim faoliyat
3. “Buyuk alloma Ibn Sino” mavzuli o’yinli ta’lim faoliyat.
Xalq, haqiqat va nafosat o‘lmaydi, ularni ardoqlagan, kuylagan ulug‘lar ham mangudir. Bobokalonlarimiz Navoiy va Bobur ham o‘z asarlari orqali barhayotdir. Ular quyosh yang‘lig‘ so‘nmas sehrli badiiyat yaratdi. Bu ikki zamondosh shoir o‘z asarlarida yuksak insoniy tuyg‘ularni tarannum etdi. Mana shunday o‘lmas tuyg‘ulardan biri — bu Vatan tuyg‘usidir. Har ikki ijodkor lirik she’rlarida ham, epik asarlarida ham Vatan mavzusini mahorat bilan ulug‘ladi. Hatto Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” singari ilmiy asari ham yuksak vatanparvarlik ruhida yaratildi. O‘zini “vatanga rahnamoye” bilgan Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonida shunday degan edi:
Vatan tarkini bir nafas aylama,
Yana ranji g‘urbat havas aylama...
Ajabmaski, Navoiyning bu durdona fikrlari Boburga bashorat bo‘lib tuyulgan bo‘lsa. Bobur hali yurt ilhomlarini o‘z qalbiga to‘la oshno qilmay turib, o‘spirin chog‘laridanoq qo‘liga qilich tutganligi tarixdan yaxshi ma’lum. Boburning dilida saltanat ishqi, temuriylarning yagona qudratli davlatini tiklash havasi jo‘shib, tug‘yon qilardi. U bu harakati bilan o‘zaro qirg‘in-qabohatlarga barham bermoqchi bo‘ldi, lekin tarixning shafqatsiz to‘lqini uni Vatanidan badarg‘a etdi. Mana, shoirning o‘zi hasrat, afsus va nadomatlar bilan bu haqda nima degan edi:
Tole’ yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,
Har ishniki, ayladim — xatolig‘ bo‘ldi.
O‘z yerni qo‘yib, Hind sori yuzlandim,
Yorab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi?!
Shoir umr bo‘yi Vatanni eslab, hijron o‘tlarida yonib, g‘ussaga ko‘milib yashadi. Bobur so‘nggi nafasigacha ona-yurt xayoli bilan yashadi. Shoir olis yurtlarda vatanini qo‘msab, ko‘plab ruboiylar yozdi. Muhimi shundaki, bu she’rlarning aksariyati bevosita Alisher Navoiydan ilhomlanib, ulug‘ shoir ruboiylariga tatabbu’ sifatida yaratilgan.
Masalan:
G‘urbatta g‘arib shodmon bo‘lmas emish,
El anga shafiqu mehribon bo‘lmas emish.
Oltun qafas ichra gar qizil gul butsa,
Bulbulg‘a tikandek oshyon bo‘lmas emish.
Navoiyning mazkur ruboiysiga Boburning quyidagi to‘rtligi shakl va mazmun jihatidan g‘oyatda mos keladi:
Yod etmas emish kishini g‘urbatta kishi,
Shod etmas emish ko‘ngulni mehnatta kishi.
Ko‘nglum bu g‘aribliqda shod o‘lmadi, oh,
G‘urbatta sevunmas emish, albatta, kishi.
Bobur Navoiydan birinchi navbatda badiiyatni, o‘z fikrini ruboiyda yuksak mahorat bilan ifoda etish sirlarini o‘rgandi. Alisher Navoiy ruboiylaridan birida g‘ariblik tuyg‘usini mana bu shaklda ifoda etadi:
Munglug‘ boshim ostidog‘i toshimnimu dey?
Tosh ustidagi g‘arib boshimnimu dey?
Hasrat suyidin ko‘zimda yoshimnimu dey,
O‘lmakdin sa’broq maoshimnimu dey?
Bobur Navoiyning mazkur ruboiysiga payravlik qiladi va yozadi:
G‘urbat tuzi yopqon ruxi zardimnimu dey?
Yo hajr chiqorg‘on ohu sardimnimu dey?
Holing ne durur, bilurmisen dardimni,
Holing so‘raymu, yo‘qsa dirdimnimu dey?
Navoiy ruboiyda poetik fikrni savol-murojaat usulida bayon etadi. Natijada to‘rtlikdagi har bir misrani lirik qahramonning iztirobli hislari to‘ldirib turganga o‘xshaydi. Navoiy ruboiyda his, fikr va manzarani mahorat bilan bir-biriga uyg‘unlashtirgan. Bobur yaratgan to‘rtlik ham o‘ziga xos ruhi, ma’no tovlanishi jihatidan orginal asar darajasiga yetgan. Bobur Navoiy ruboiylari ilhomida she’r yozganda biror vaqt ham mana shu pozitsiyadan chekinmaydi. Ko‘pincha go‘yo ustozi bilan she’riy musobaqaga kirishganday, soz pardalarini Navoiy chalgan ohanglarga qarab moslaganday bo‘lib ko‘rinadi. Masalan, quyidagi ruboiy Navoiy qalamiga mansub:
Yuz mehnatu g‘am ko‘ngluma yetkurdi firoq,
Jonig‘a balovu dard o‘qin urdi firoq.
Jismimni fano o‘tig‘a kuydirdi firoq,
Chun kuydi, kulini ko‘kka sovurdi firoq.
Mana bunisini esa Bobur yozgan:
Andin berikim, qasdim uchun turdi firoq,
Yuz dardu alamni menga yetkurdi firoq.
Meni eshikingdin, netayin, surdi firoq,
Qil chora, yo‘q ersa meni o‘lturdi firoq.
Bu roboiylarning har ikkalasi ham firoq azoblari haqida aytilgan ajoyib firoqnomalardir. Ularning har biri o‘zicha go‘zal va orginal asarlardir. Navoiy kuylagan “firoq” mazmuni ko‘proq an’anaviy xarakterga ega bo‘lsa, Bobur unga o‘zining Vatandan judolikda tug‘ilgan qayg‘u-alam hislarini singdirgan.
Navoiyning Bobur ruboiylariga ta’siri shunchalik zo‘rki, ular ma’nolari bilangina emas, shakl belgilari, tasvir vositalari bilan ham bir-birlariga o‘xshab ketadi. Alisher Navoiy ruboiylaridan birida shunday deydi:
Andin berikim, qoshimda yorim yo‘qtur,
Hijronida juz nolai zorim yo‘qtur.
Dasht uzra quyun kebi qarorim yo‘qtur,
Sargashtaligimda ixtiyorim yo‘qtur.
Bobur esa shunday yozadi:
Ko‘pdin berikim, yoru diyorim yo‘qtur,
Bir lahzayu bir nafas qarorim yo‘qtur.
Keldim bu sori o‘z ixtiyorim birla,
Lekin borurimda ixtiyorim yo‘qtur.
Bobur Navoiy yo‘lidan borib, yolg‘iz yordan judolik alamlarini kuylash bilan kifoyalanmaydi, balki bu hisga diyor firoqini ham uyg‘unlashtirib, Vatan sog‘inchini tarannum etadi.
Ko‘rinib turibdiki, har ikki buyuk ijodkor janr jihatidan eng kichik asarlarida ham Vatan tuyg‘usini baland pardalarda kuylagan. Navoiy va Bobur asarlarining mavzu jihatidan rang-barangligi, maftunkorligi ularni o‘qigan insonning qalbini zavqu shavqqa to‘ldiradi. Ulardan har qanday kitobxon o‘ziga ma’naviy ozuqa oladi, ruhiyati go‘zallik bilan boyiydi.
O‘zbek xalqi har yili fevral oyini o‘ziga xos ko‘tarinkilik, katta tayyorgarliklar bilan qarshi oladi. Negaki, bu oyda o‘zbekning g‘ururi va iftixori bo‘lgan, buyuk mutafakkir shoir, olim va davlat arboblari, ulug‘ allomalar — Nizomiddin Mir Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning tavallud ayyomlari mamlakat bo‘ylab keng nishonlanadi.
Bu yil “Navoiyxonlik” va “Boburxonlik” oyligi respublikamizda, ta’lim sistemasida, barcha tashkilot va muassasalarda katta ko‘tarinkilik bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuni hisobga olib, mazkur tantanalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish talab etiladi. Maqsad: Navoiy va Bobur merosini o‘rgatish orqali insonni, o‘quvchini o‘zini tanishga, nima uchun yashayotganligi, nimalarga mas’ulligi, o‘zining tarbiyalanishi uchun o‘zi harakat qilishi kerakligini anglatishdir.
“Navoiyxonlik” va “Boburxonlik” oyligini o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar rejasini tuzishda faqat shoirlarning tavallud kunlari emas, balki “Navoiyxonlik” va “Boburxonlik” oyligi davomida amalga oshiriladigan tadbirlar nazarda tutilishi lozim.
Buyuk mutafakkirlarimiz tavalludi munosabati bilan viloyat xalq ta’limi boshqarmalari, tuman xalq ta’limi muassasalari faoliy atini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limlari, hokimliklar hamkorligida Navoiy va Bobur hayoti, ijodi va faoliyatini o‘rganish bo‘yicha keng ko‘lamdagi ishlar reja asosida muntazam yo‘lga qo‘yilishi kerak. Bu ishga umumta’lim maktablari o‘quvchi va o‘qituvchilari, ota-onalar, mahalla va keng jamoatchilik jalb etilishi, Navoiy va Boburning nurli siymolari, hikmatli so‘zlari, ularning ijodi va faoliyati bilan bog‘liq ko‘rgazmalar tashkil qilinishi talab etiladi.
Har bir umumta’lim maktabi, ta’lim boshqa tillarda(qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman) olib boriladigan maktablar va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida “Navoiyxonlik” va “Boburxonlik” oyligi ruknida:
— boshlang‘ich sinflarda “Alisher va Husayn”, “Bobur bobom” “Kichkina kitobxon”, “Bobur muzeyida bo‘ldik”, “Alisherning yoshligi”, “Alisher va bulbul” kabi matn va hikoyatlar o‘qitilishi, o‘z darajalarida muhokama qilinishi, suhbat uyushtirilishi, kichik-kichik sahna ko‘rinishlari tayyorlab, ertaliklarda, o‘quvchi-o‘qituvchilar, ota-onalar o‘rtasida namoyish etilishi ular qalbida buyuk bobolariga nisbatan mehr uyg‘otadi;
— V-VII sinflarda “Odob – kishining ziynati”, “Bobur ruboiylarini sevib yodlayman”, “Bobur ruboiylarida Vatan sog‘inchi” “Saxiylik va baxillik”, “Suhayl – mening sevimli qahramonim” mavzularida namunali darslar, tarbiyaviy soatlar, kichik sahna ko‘rinishlari; “Biz ham g‘azal yodlaymiz”, “Ruboiy sehri” mavzularida g‘azalxonlik, ruboiyxonlik musobaqalari;
— VIII-IX sinflarda “Navoiy va Bobur ijodini sevib o‘qiyman”, “Navoiy — daho ijodkor”, “Bobur shoh va shoir”, “Navoiy — davlat va jamoat arbobi”, “Bori elga yaxshilig‘ qilg‘il...”, “O‘zbek adabiy tilining asoschisi”, “Xamsa” – besh muhtasham qasr”, “Boburnoma — memuar asar”, “Alisher Navoiy ijodida komil inson tarbiyasi” “Asrlarni bo‘ylagan Bobur” mavzularida badiiy kecha, konferensiya, seminar-kengash, navoiyshunos va boburshunos olimlar bilan uchrashuvlar;
— “G‘azalxon yoshligim”, “Kim ko‘p g‘azalni ifodali yod biladi?”, “Navoiy va Bobur g‘azallarining eng yaxshi ijrochisi”, “Navoiy dostonlaridan kim ko‘p yod biladi?” mavzularida g‘azalxonlik, ruboiyxonlik, bahru bayt, dostonxonlik kechalari va musobaqalari;
— “Navoiy va Bobur asarlari bilimdoni”, “Buyuk allomalarni yod etib...”, “O‘yla, izla, top” mavzularida zakovat intellektual musobaqalari, ko‘rik-tanlovlar;
— “Ikki buyuk alloma va zamonamiz yoshlari”, “Buyuk xamsanavis”, “Navoiy va Bobur ijodi — ma’naviyat bulog‘i” va boshqa mavzularda insholar tanlovi, devoriy gazetalar, albomlar ko‘rik-tanlovi;
— “Navoiy va Bobur asarlarini o‘qish bo‘yicha eng kitobxon oila” tadbirlarini tashkil etish maqsadga muvofiq.
Alisher Navoiy va Zahiriddin Bobur asarlarini sinfda o‘qib-o‘rganish amalga oshiriladigan ishlarning asosiylaridan bo‘lib, bu yumushga muallimlar alohida e’tibor va mas’uliyat bilan yondashishlari talab etiladi.
Alisher Navoiy va Zahiriddin Bobur ijodi umumta’lim maktablarining V—IX sinflarida o‘rganiladi. Uzviylashtirilgan “Adabiyot” o‘quv dasturida mutafakkirlar ijodidan namunalar o‘quvchilarning yoshi, ruhiyati, bilim darajasi, jismoniy imkoniyatlari hisobga olingan holda sinflarga taqsimlangan.
Navoiy va Bobur ijodi bo‘yicha dars mashg‘ulotlarini tashkil etishda o‘rni bilan zamonaviy interaktiv metod va usullardan, AKTlardan foydalanish, ko‘proq asar jozibasi, badiiyatiga, so‘z sehri, uning qudratiga tayanish, badiiy matn bilan ishlashda o‘quvchilarning har biriga o‘z darajasida mustaqil xulosaga kelish imkoniyatini berish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |