Korxona nazorati.Korxona nazorat tashkilotlari, komissiyalari, ishlab chiqarish korxonalarida nazorat o‘tkazadilar. Korxona nazorati – korxonada, shuningdek, mehnat muhofazasiga doir ishlarni tashkil qilish va unga umumiy rahbarlik qilish korxona rahbari zimmasiga (amalda o‘rinbosarlardan bittasiga) yuklatiladi.
Jamoat nazorati – bu ish mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi organlari tomonidan mehnat muhofazasi bo‘yicha saylangan vakil tomonidan olib boriladi. Saylangan vakil maxsus tayyorgarliqdan o‘tgan bo‘lishi kerak. Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakil, ish joylarida, mehnat xavfsizligi holatini qarshilik ko‘rsatilmagan holda tekshirish, aniqlangan kamchiliklar va qoida buzishlari bo‘yicha, aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflar kiritish huquqiga egadir. Mehnat muhofazasi bo‘yicha vakil o‘z vazifalarini bajarishligi uchun har hafta mobaynida, ish vaqtida, ikki soatdan kam bo‘lmagan vaqt beriladi. Bu davrda unga o‘zining o‘rtacha ish haqi hajmida haq to‘lash belgilangan.
2. Ma’muriy-jamoat nazorati Ma’muriy-jamoat nazorati – mehnat muhofazasini boshqarish tizimida ish joylarida sharoitning va mehnat xavfsizligining holatini ma’muriyat va kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan nazorat qilishning shaklidir. Ishlab chiqarish korxonalarining o‘ziga xos tomonlariga qarab ma’muriyatning kasaba uyushmasi bilan birgalikda olib boriladigan samarali nazorat usullaridan biri uch bosqichli nazorat usulidir. Ushbu nazorat mehnat muhofazasi ishlarini tashkil qilish bo‘yicha namunaviy nizomga mos ravishda o‘tkaziladi.
Birinchi bosqich nazorati: mehnat muhofazasi bo‘yicha vakillar tomonidan har kuni ish boshlanishidan oldin, zarur bo‘lganda ish kuni davomida ham amalga oshiriladi. Bu bosqichda kasaba uyushmasi va ma’muriyat o‘rtasida mehnat muhofazasi qoidalarini ish joyiga tatbiq etish, mehnat madaniyatini yaxshilash, ish sharoitini sog‘lomlashtirish kabi tadbirlar birgalikda olib boriladi. Ular mavjud sharoit darajasini xavfsizlik koeffitsienti orqali baholashlari ham mumkin. Ish davomida xavfsizlik texnikasi qoidalarining bajarilishi, havo muhitining tozaligi, ish joylariga o‘tish holati, ish joylarining yoritilishi kabi masalalarga qaratadilar. Kuzatuv natijalari va aniqlangan kamchiliklar, ishchilar tomonidan kiritilgan taklif va mulohazalar, chora-tadbirlarni belgilashda hisobga olinadi. Qoidabuzarlik holatlari aniqlanganda vakil tomonidan maxsus daftarga yoziladi, tartib buzuvchi ogohlantiriladi, keyingi smena boshlanishidan oldin muhokama qilinadi Aniqlangan kamchiliklar tekshiruvchilar ishtirokida shu zahotiyoq yo‘qotiladi, tekshirish natijalari jurnalga yoziladi va u bo‘lim boshlig‘ida saqlanadi.