Mehnatni muhofaza qilish sohasidagi qonunlarni, me’yor va qoidalar talablarini buzganlik uchun javobgarliklar
1.Mehnat muhofaasi qonunlarini nazorat qilish Mehnatni muhofaza qilishning qoida, me’yor, qonuniyatlari bajarilishi holatini davlat nazorati tashkilotlari amalga oshiradi. Barcha vazirliklar, birlashmalar, korxonalarda mehnat qonunlarini aniq bajarilishi O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi tomonidan nazorat qilinadi. Mehnatni muhofaza qilishning me’yor va qoidalariga rioya etilishi ustidan jamoat tekshiruvini kasaba uyushmalari va xodimlarning boshqa vakillik tashkilotlari amalga oshiradi (Mehnat kodeksi 223-modda).
Iqtisodiyot sohalari bo‘yicha davlat nazoratini quyidagi davlat organlari olib boradi:
1. Sanoatgeokontexnazorat.
2. Davtexnazorat.
3. Davyong‘innazorat.
4. Davsannazorat.
5. O‘zenernazorat.
6. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati.
7. Davsuvxo‘jaliknazorat.
1. Sanoatgeokontexnazorat – geologiyada, sanoatda, tog‘-kon ishlarida, kommunal soha korxonalarida ishlarning xavfsiz olib borilishini, hamda bug‘ qozonlarini, 0,07 MPa ortiq bosimda ishlaydigan idishlarni, yuk ko‘tarish mexanizmlari va qurilmalarni ishlatish qoidalarini bajarilishini va gaz ta’minot tizimi qurilishini, ishlatilishini va boshqalarni nazorat qiladi.
2. Davtexnazorat – fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari hamda tashkilotlardagi mashina va uskunalarning texnik holatining nazorati. Shahar va viloyat Davlat mehnat texnik inspeksiyalari orqali amalga oshiriladi. Qishloq texnika nazorat organlari traktorlar, kombaynlar va boshqa murakkab uskunalarning texnik holatini, shuningdek ularni ishlatish qoidalariga rioya qilishni, mashinalarni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish sifatini (ixtisoslashgan ustaxonalar, zavodlar va ta’mirlash korxonalaridan tashqari) davlat nazoratidan o‘tkazadilar.