3. Davyong‘innazorat – uning vazifasiga, yangi qurilayotgan va ta’mirlanayotgan korxona, tashkilotlar va aholi yashaydigan joylar uchun muhandislik-texnikaviy yong‘inga qarshi chora-tadbirlarni ishlab chiqish, ularning amalga oshirilishini nazorat qilish, ishlab turgan korxonalarda yong‘inga qarshi profilaktik rejim tashkil qilish, yong‘inni oldini olish va o‘chirishga keng jamoatchilikni jalb qilish ishlarini olib boradi.
4. Davsannazorat – Respublikamiz davlat sanitariya nazorati ishlab chiqarishda kasalliklarni kamaytirish, tashqi muhitni (suv hovzalari, tuproq va atmosfera havosi) ifloslanishining oldini olishga, mehnat sharoitini sog‘lomlashtirishga yo‘naltirilgan sanitariya-gigiyena, sanitariya-epidemiologik chora-tadbirlarini o‘tkazilishini nazorat qiladi, shuningdek, kasallanishning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarning o‘tkazilishini tekshirib turadi.
5. O‘zenernazorat – elektr qurilmalarining texnik holatini, ularga xizmat ko‘rsatishda xavfsizlikni ta’minlaydigan chora-tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilib turadi.
6. Yo‘l harakat xavfsizligi xizmati – o‘zining viloyat, tuman inspektorlari orqali avtomobillarning, yuk tashuvchi traktorlarning texnik holatini, haydovchilarning yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishlarini nazorat qilib turadi, shuningdek, yo‘l-transport hodisalarini oldini olishga doir katta profilaktik ishlarni olib boradi.
7. Davsuvxo‘jaliknazorat – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi inspeksiya, u o‘ta muhim va katta suv xo‘jaligi obyektlarining xavfsiz ishlatilishini nazorat qiladi.
Jamoat nazorati. Markaziy kasaba uyushmalari inspeksiyalari tomonidan mehnatni muhofaza qilishning qoida, me’yor, qonuniyatlari bajarilishi ustidan jamoat nazorati olib boriladi. O‘zbekiston Respublikasi markaziy kasaba uyushmasining qo‘mitasi qoshidagi mehnatning texnikaviy va huquqiy inspeksiyalari korxonada nazorat va tekshirishni amalga oshiradi. Mehnat texnik inspeksiyasi qoidalarga amal qilib, mehnat haqidagi qonunlarning va mehnat muhofazasi haqidagi qoidalarga rioya qilishini nazorat qiladi va tekshirib turadi. Mehnat texnik inspektorlari tekshirganda, agarda mehnat muhofazasi qoidalari buzilganligi va natijada ishlovchilar sog‘lig‘iga zarar yetishi mumkinligi aniqlangan bo‘lsa, buyruq berish yoki ta’qiqlash (muhrlash) yo‘li bilan ayrim bo‘lim, dastgoh yoki uskunalarda ishlashni taqiqlab qo‘yishga haqlidirlar.