41)Choy.
Dasturxonda Matmusa,
Qo’l ishqadi ko’ziga.
Ukasi esa Musa,
Achchiq qildi o’ziga.
Shunda der;-oyi,oyi,
Non bilan qorin to’ydi.
Ukamning achchiq choyi,
Oq qandimni yeb qo’ydi.
42) Bola tilidan.
Soat sakkiz chamasi,
Sardorga der onasi;
Sigiring olaxonni,
Buzoqchang qoraxonni.
Bog’dan tezda olib kel,
Yog’masidan yomg’ir,sel.
-Qayg’urmang siz oyijon,
Aqlliroq qoraxon.
Sal nam tushsa tanaga,
O’tib olar panaga.
Onasi;-Yomg’ir aralash chaqmoq,
Bo’lganda osmonga boq.
Avvalo oqni urar,
Bechora qanday yurar.
Sardor;-Chaqmoq urilgan sigir,
Bilsangiz juda olg’ir.
Bizga foydasi katta,
Pishgan qaymoq va sutda.
Sut sog’ib,pishirmasdan,
Idishdan toshirmasdan.
Endi ichaveramiz,
Kim so’rasa beramiz.
Axir foyda-ku bizga,
"Ekonom" bo’lar gazga.
43)Obi hayot.
Tashnalikdan lab quruq,
Qarolmas ko’kka ko’zlar.
Ana cho’l qanday qiziq,
Bulutdan panoh izlar.
Chanqog’ingni ketkazar,
Bo’lganda qattiq issiq.
Sahrodan suv tutkazgan,
Quduqning o’zi qiziq.
Nonday asramoq kerak,
Dengizdagi suvni ham.
Tatib ko’rsin kelajak,
Asraylik bo’lib baham.
Ularniki ham biling,
To’la-to’kis hammasi.
Doimo asrab yuring,
Kelajakning chashmasin.
44)Yozgi maslahat.
Tabiat juda go’zal,
Pardozlanar har fasl.
Issiq yoz azal-azal,
Yoqimli noyob asl.
Biroq kimdir qiynalar,
Uning ob-havosidan.
Bazan boshi aynalar,
Bog’-u rog’ navosidan.
Tinglang beray maslahat,
Shundan so’ng o’zgarasiz.
Yozni sevasiz faqat,
Ana keyin ko’rasiz.
Hali kun qizimasdan,
Shoshilmang uyga do’stlar.
Oyoq kiyim kiymasdan,
Qumlarda qoldir izlar.
Quyoshda ko’proq yurib,
Ko’ngil bo’lsa bexuzur.
Qatiq ich,biroz to’yib,
Qarabsanki bari zo’r.
Shabbodaning tagida,
Uxlayverma tun-u kun.
Ne’mat akang bog’ida,
Mizg’imay mevaga to’y.
Qara to’lib oqar soy,
Baliq bo’lma dengizga.
Maxsus havzalar saroy,
Muntazir o’g’il-qizga.
Oddiygina so’zlarim,
Bo’ldimi senga manzur.
Qoraymasdan yuzlarim,
Tezroq kiray uyga,uzr.
45)Shukrona.
Adirlarda esadi toza havolar,
Sharqiroq suvlardan kelar navolar.
Ko’ngilga ezgulik kiradi asta,
Tinglab orom olib sog’ayar xasta.
Gohida iymanib ketaman qo’rqib,
Yomonlar ko’paydi chiqmoqda qalqib.
Juda ko’p yurtlarda bo’layotir jang,
Begunoh bolalar ahvollari tang.
Nodon kimsalarning kasriga ular,
Kindik qon to’kilgan uylari qular.
Zamondosh quloq sol so’zlarimga boq,
Qoraygan qog’ozlar bo’lmagaydir oq.
46)Kitob.
Shirin so’zlar bo’lsa gar tilda,
G’uborlaring qolmaydi dilda.
Kitob senga beradi yordam,
Oshno bo’lgin sen unga har dam.
47)Nafs.
Har nening ham ozi soz,
Ko’p uchmaydi ko’kda g’oz.
Nafsingiz qo’yar tuzoq,
Umringiz bo’lmas uzoq.
Kirmang sira so’ziga,
Boqmang also ko’ziga.
Sayr etmang nafsning bog’in,
Suring ko’zga oila tuprog’in.
48)Ko'ngil
Yomg'irlardek yog'ilib kelgan
Ohlarimni yelkala ko'ngil
Sozlarimga bir bora ko'ngil
Xasratlarim yuragim tilgan
Shul soginchla bagridil alvon
Dilrang libos zohiriy surat
Ishq degani oshirib sur'at
Qalbim orom olarsan qachon
Xayolgamas hayotimga kel
Borlig'ingni dengizimga ot
Orzulardek oppoq o'shal ot
Baxtli kunlar ro'yobiday yel
Men sabrda kutarman hanuz.
49)Lirik qahramonga.
Sizga mehrim g'oyibona,
Oshiqligim mastonadur.
Sarhush xayol,o'jarginam,
Borligim ham pinhonadur.
Tushlarimga izn so'rmay,
Asli kirgan siz emasmu.
Oromimni qay vaqt bilmam,
O'g'irlagan siz emasmu.
Ishq tomchisi she'rlarimga,
Asta-asta to'kilgaydur.
Nam daftarim varoqlari,
Chok-chokidan so'kilgaydur.
Muhabbatning ifori-la,
Borsam dengiz qirg'og'iga.
Aylanadi bu sho'r dengiz,
Shirin qaynar bulog'iga.
Orzularim qanoti bor
Oq tulporday uchmoqda.
Hadsizlikda cheksiz bo'lib,
Samolarni quchmoqda.
Zamondoshim pinhona do'st,
So'zim ko'rar ko'zlaringiz.
Tushda emas ro'yolarda,
Ko'rmoq nasib yuzlaringiz.
Omon bo'lgin omonlikda taqdir bo'lsa ko'rishgaymiz.
50)Ibtido
Mayli ko'zlarimni o'zim berkitay,
Faqat sen kechikmay kelsang bo'lgani.
Taqdirim qo'lingga tutqazib qo'yib,
Kulbamda shafaqday kulsang bo'lgani.
Berma lek tasalli,o'rgat gardunni,
Tilsimin bilmoqqa botinim tayyor.
Qiynalsa borlig'im,g'am cheksa ko'ksim,
Har dardga mendayin betinim tayyor.
Saboday qo'llaring kutilmaganda,
Darparda tortganda ko'zlarim uzra.
To'rt tomon yangicha kashf etilajak,
Tabassum yugurar,yuzlarim uzra.
Hayot mavjlanadi,yangi ibtido
Ko'zlarimni qayta ochgan mahalim.
51)Mehribonlarim
O'zgacha yaralgan odamzot asli,
Goh suhbat,sukutni qumsaydi vujud.
Chin tuproq,mehrdan qorilgan nasli,
Zabonsiz so'zlagay vaqti tahajjud.
Bo'ldi bas, yo'qlama desada zabon,
Yo'qlayver yo'q bo'lib ketma der ko'ngil.
Qancha ham kuch kerak,bo'lingiz omon,
Bir bora qalaysiz?demoqlik uchun.
To'rt dona so'zingiz borliqlarga teng,
Mayli tutolmassiz gul yoki lola.
So'zingiz tugasa so'rang bir bora,
Bugun,qay kitobni qilding mutolaa?
Boshlanadi suhbat,yangicha mavzu,
Tabassum samimiy,asar yo'q tundan.
Asli xol so'ramoq,shunchalar oson,
Ajrating vaqtingiz,qizg'onmang undan.
Izlamang so'zlarning dur sarasini,
Kifoya ko'ngilga bo'lsangiz mayoq.
Ihtiyor etsangiz jimlik,sukunat,
Go'zal nigohlarla yoqingiz chiroq.
Mayli erib ketsin nigohingizdan!
52)Hayot.
Bugun juda she'rsiradi dil
So'zlar qator marjondek tizim
Shoirlarning she'rlarin o'qib
Qalam birla qolaman o'zim
Qofiyaga tun parda tutgan
Yozmoq haqqi allalagay tun
O'rindiqda qo'nim topmagan
Shoir so'zdan olarmi fusun
Kim mudroqda,kimlardir uyg'oq
Yaqinlashib kelaverar tong
Umrim she'rday qofiyatalab
Ulgusaydim chalinmasdan bong
53)Tushdaliklar
Bugun yo'qlamadi,kelmadi xabar
Yo'l ko'rib qolguvchi,ko'zlarim mushtoq
Holatim a'lodir,har kundan biroq
Lek nega qumsadim,olmadim saboq
O'rgatib qo'ydimi,o'rgandimmi men,
Ahli ilmlardan,so'z ochib har dam
Bergan suhbatida yo'qdir qusur -kam
Bilganin men bilan ko'rardi baham
Oz soniya qolmoqda erta bo'lmoqqa
Bu kunga berilar nihoya yakun
Oymoma bilarmi,xabar yo'q nechun
Ibtido,intiho azaliy tugun
54)Maqsad kuchi.
Bugun qayta yaraldi dunyo
Men o'zimga kashf etdim uni
Uchayotgan kuzgi xazon ham
Yangi kunla tabriklar meni
Yo'lning cheti mo'jaz o'rindiq,
Xayolotdan xavotir olmam
Orzularga maqsadlar tomon
Sobitlikda borurman ildam
Har savolga javob muqarrar
Bahonalar keltirar jumboq
Yaratmoqlik asli ortiqcha
O'zing uchun yangi topishmoq
55)Baxt nazdimda.
Derazamni ochaman kengroq,
Baxt qisilib qolar chamamda.
Ortiqchadir yopqich libosi,
Halal berar baxtim kelganda.
Tokcha uzra bo'y tortgan harir,
Xavotirim bilsang sen asli.
Halal berma sabo esganda,
Bo'l men tomon,kelsa ishq fasli.
Keng xonamni gulga to'ldiray,
Olislarga hush bo'y taratsin.
Topolmasa baxt izlarimni,
Iforidan bir yo'l yaratsin.
Kel baxtginam,intizoringman,
Kelmog'ingga dilginam tortiq.
Nihollarim bo'ldi chamanzor,
Orzularim gul yanglig',ortiq.
Derazadan faqat kirsin ishq!
56)Yashasang shunday.
Choraklagan tunning pallasi,
Xayolot yo atay ichni tirnaysan.
Asirasan go'yo tubsiz sukunat,
O'zingdan o'tganin o'zing bilmaysan.
Yozging kelaverar allanelarni,
Qalb qurg'ur o'zini qog'ozga otar.
Tartibsiz xayollar,chigal tuyg'ular,
Qalam anglagani jumlada yotar.
Yashamoq qanchalik og'ir bir tilsim,
Umr yo'llarida yozuving o'zga.
Bo'lmaydi shunchaki yashab o'tmog'ing,
Arzirli eslansang, ko'rinsang ko'zga.
Bir hovuch duoda tabassum ila, asta shivirlanib aks etsam yetar!
57)Noyabr.
Yomg'irli ko'lmaklar,bir uyum barglar,
Izg'irin ko'chaga borlig'in eltgan.
Yuzlarimni atay siypalar xazon,
Shamollar sochimning etagin tutgan.
Noyabr.
Xuvillagan ko'cha,yaproqsiz daraxt,
Tun-u kun zamin ham o'zni supurgay.
Va yo qishga kirmoq, poklanish vaqti,
So'nggi fursat deya imkon qidirgay.
Noyabr.
O'zgacha ovoz,kuz simfoniyasi,
Kelib ketmog'i ham yildan yil yashin.
Aylamoq sarhisob,tarozu mahal,
Kuzak silsilasi to'kadir yoshin.
Noyabr.
Mashinalar qatnovi,sershovqin shahar,
Shunchaki kuzatsang begona uzlat.
To'xtasang barchasi ketar olislab,
Manzilga yetmoq-chun, qadaming tezlat.
Noyabr...sendan olajakman xayrli saboq.
58)Vohadagi kunlarim.
Qalbimga jo'shqinlik olib kirgan joy,
Go'yo nurlar bilan tanim qizdirar.
O'zim bilan o'zim bo'lib hoynahoy
Ruhimni tin olgan chashma kezdirar.
Notanish bo'lsada chehralar issiq,
Derdilar insonning begonasi yo'q.
Manzillar o'zgacha,taqdirlar qiziq,
Yuribman vohada ko'ngil mudom to'q.
Tanish bo'ldi tezda shamoli afg'on,
Sulton Saodat u,Fayoztepalar.
Ko'rganda ko'zlarim bo'lar charog'on,
Sangartak yuzimga suvlar sepsalar.
Shodmonqul Salom-la uchrashgan chog'im,
Chin Surhon elini tanidim ilk bor.
"Bobotog'dan uchgan lochin,Boysuntog'im",
Shoir she'rin takrorlasam qolmas g'ubor.
Oroli Zul-Kifl ko'ringan mahal,
O'zgacha quvondi,o'sha payt ko'zlar.
Hapqirib yuragim,bo'ldiku mahtal,
Qirqqiz,Qoratepa nelarni so'zlar.
Shams Termiziylar yashagan zamin,
Yurtim har bir yering vodiyim kabi.
Har peshtoqda ko'ray qaldirg'och uyin,
Yurtimni madh etsin shoirlar qalbi.
59)Dengiz.
Dengizlarni ko'rsatgin menga,
Nigohing-la mavjlantir uni.
G'arq bo'layin mehring qariga.
Unut bo'lsin kecham, bugunim.
Qirg'oqlarda qo'sh quloch yozib,
Sayr etaylik osmon qavatin
To'lqinlarga teskari suzib
Va yozaylik unga dilxatin.
Qo'llarimni tutib ol mahkam,
Qumliklarda qolsin izimiz.
Shodligimga sherik, maslagim,
Yashaylik,
to'lqinlarga bosib yuzimiz.
Muzlamaydi mavjdor dengizlar,
Qoyalarga bo'sasi tortiq.
Ammo erkam, sening ko'zlaring,
Dengizlardan ming chandon ortiq.
Mayli baxtni menga qil tortiq...
Mayli baxtni ko'raylik baham.
60)Ota
Shodlikdan taqilar kiprigimga dur,
Umrning oq-qora kechalarida.
Chayqalar mastona ko'nglimda g'urur,
Yop-yorug' hayotning ko'chalarida.
Fayzdan so'z ochar mevali bog'lar,
Ko'rsatar zahmatni eski durrangiz.
O'z-o'zidan meni o'ziga bog'lar,
Alifni tanidim tinglab surangiz.
Buyuk chinorimsiz hayotimdagi,
Borligingiz sabab dunyolarim keng
Tengsiz javohirim bisotimdagi
Bardoshingiz metin,ulug' tog'ga teng.
Mehringiz cheksizdir go'yoki ochun,
Qo'rg'onsiz mustahkam lek qalbi sodda.
Aytilmagan lutfim yozaman har kun,
Sizni juda yaxshi ko'raman ota.
Zabondan qizg'onma bu so'zni dilim.
Sizga farzandligim eng katta baxtim.
Horg'in ko'zingizda mehr limmo lim
Hoji ota qilish duoyim, ahdim.
61)Ibrat
Baxtning bekatida sekinlang biroz,
Ulgurib qolayin,tushib qolishga.
Ko'rdim-u uzoqdan,eshitdim oz-moz,
Roziman,bir fursat nafas olishga.
Intiqib yashayman,ko'rmoqlik uchun,
Ziloldek pokiza orzularim bor.
Qo'ygin qarshilikni makkora ochun,
Namak ko'zyoshimdan bo'lginda bezor.
Qolganda oz fursat,bir sas nogahon,
Og'rig'i yurakka taqaldi shu on.
"-Oyi,baxt bekati,bormi u nima?"
So'rardi paypaslab qo'lini Oyxon.
Chuqur xo'rsinadi bechora ona,
"-Navbatimiz kelsin ko'rarsan qizim.
To'xtang,biz tushamiz,bu shifoxona,"
Shu jumla shovqinni buzdida bir zum.
Shoshmang,alishamiz bu gal chiptani,
Siz kutgan manzillar,sizlarni izlar.
Ko'rsinda qizaloq baxt bekatini,
Qayg'urmang u yerda ochilar ko'zlar.
Yumuq ko'zlar ila qilib sayohat,
Ochmoq ilinjida kezmabman sira.
Dahri dun qildingsen,qandayin toqat,
Yo azal ko'rdimmi dunyoni xira.
62)Musofirlikda.
Musofir go'yoki yelkansiz kema,
Daydi shamollar ham hukmini solar.
Na bir so'z,izohsiz kelsa ham noma,
Moviyrang bayroqlar hilpirab qolar.
Cheksiz quloch ochar,mavjlanib dengiz,
Xayolan sirdoshdir o'jar to'lqinlar.
Yo'lboshchisi zuhro samoda tengsiz,
Maxzunli jimlikni buzar shovqinlar.
Ko'zlarim bejodir,hapqirar yurak,
Olisda ko'ringan ro'yo yo sarob.
Tuproqni hovuchlab yig'lasam kerak,
Ahir kutmoqdadir uydagi mehrob.
Manziliga yetsin har bir yo'lovchi,
Tishlangan obi non ushalsin shu chog'.
Shoshil ey polapon so'ra suyunchi,
Sog'inch tarqamoqda qolmasin firoq.
63)ONAGINAM.
Bahorni ko'ribman bir kam yigirma,
Nafim tegdi senga,qanday onajon.
Bo'l biroz toshbag'ir,mendan qayg'urma,
Endi asra faqat tan-joning omon.
Hayotdan mamnunsan,qo'shilmayman man,
Ko'rganing dardlarmi va yoki mehnat.
So'nggi bor safaring eslolmayman man,
Yolg'ondan jilmayib turishing san'at.
Faqat bolam deding,faqat sen deding,
Boringni baxshida etibsan menga.
Ko'rma kamlikni deb yugurib yelding,
Duoying foydangni yetkazgin elga.
Ko'zgu qarshisida zeblangan qizdan,
Ming chandon chiroyli,keksaygan onam.
Deraza tagida,yo'l ko'rib,o'ychan,
Maysa ungan tomin qumsagan onam.
Sochlaringga tushgan qorlarni asta,
Yoz bo'lib eritay,chaqnasin quyosh.
Farishtam,sen aslo bo'lmagin xasta,
Aytgansan yarashmas ko'zlarimga yosh.
Qadoq qo'llarini duoga ochib,
Namozida elni eslagan onam.
Yo rabbim,nazar sol,nurlaring sochib,
Rasululloh deya yig'lagan onam.
O'z ota uyini qumsagan onam
64)Zamona
O'zgaryapti zamona zayli,
Aytmoqdamiz og'iz to'ldirib.
Izlab yurar Majnunni Layli,
Ishq bilmagan qalbin toldirib.
Tilla soat bilakni bezar,
Etib chiq-chiq yurar beto'xtov.
Uyg'oqlardan mudroqlar sezar,
Oltin kapgir bilmaydi to'xtov.
O'sha turish birdek zamona,
O'zgaryotgan asli odamlar.
Bo'ldi.To'xtang.Aytmang bahona,
Tashlang endi dadil qadamlar.
Barakadan benasib yillar,
Vaqt shuvullar,nodon nazdida.
O'ylang biroz,so'z demang tillar,
O'tayotgan umr aslida.
O'tayotgan umr aslida...
O'zgaryotgan inson nazdimda.
65)Sog'inch.
Suv chanqog'ing qondirmaganda,
Horg'in ko'zga kelmasa uyqu.
Etingni ishq yondirmaganda,
His qilganing sog'inchli tuyg'u.
Qumsaganda bolaligingni,
Beixtiyor o'yga tolarsan.
Firdavslarda bor-yo'qligingni,
Yodga olib shoshib qolarsan.
Benamoz-u taqvodorni ham,
Shoshib o'tar birdek har kuni.
Lek bilmaysan kimning ko'zi nam,
Xo'l yostiqda o'tmoqda tuni.
Boqiy emas ketguvchi bizlar,
Gumon asli qalbning g'iybati.
Qoldiraylik eng yaxshi izlar,
Nasib etsin Jannat sharbati.
66)Tabrik(Muallima nomidan)
Tabrigim bisyordir yurakdan chiqgan,
Kasbkor,oilada qalqon timsoli.
Yurt koriga dildan yelib yugurgan,
Zabardast xalqimning jasur polvoni.
Ilmga baxshida hayot yo'llari,
Beminnat bilimi go'yoki daryo.
Halol-pok rizqida adolat metin,
Yo'lni yoritguvchi,fanda siz daho.
Akamsiz,ukamsiz va yo tengdoshim,
Siz odam Atoning mo'min avlodi.
Haqqa boshlaguvchi,iymonda sobit,
Sizga hamohangdir buyuklar yodi.
Oliygoh siz sabab osoyishta-tinch,
Borligingiz uchun ko'ngil hotirjam.
Bu ulug' dargohga mehnati singgan,
Fidoyi ustozlar bor bo'ling har dam.
Salobati ulug' aziz hamkasblar,
Bayram quvonchidan yorishsin ko'ngil.
Uzun va xayrli bo'lsin umringiz,
Siz mudom izlaning,o'sing yildan yil.
67)Baxt bilan salomlashing.
Qo'l uzatdim baxtning qo'liga,
Va yugurdim yosh bola kabi.
Sershovqinli dengiz yo'liga,
Asli toshdek otilgan o'zim.
Qirg'oqdagi olovrang quyosh,
Armonim-la,g'amim-la botdi.
Subhidamda o'zgacha boqib,
Nurafshonli oq tonglar otdi.
O'z o'qida aylanar dunyo,
Tilsimlari boshida qolsin.
Alif qadlar bo'lmasinda "Yo",
Mayli baxtdan charchablar tolsin.
Qo'l uzating baxtning qo'liga.
68)Kitobxon qiz
Tasavvurning imkoni cheksiz,
Orzu asli kimlardan meros.
His etajak tuyg'u taftini,
So'z demoqqa so'zlar nega oz.
O'zgachami yig'loqi ko'ngil,
Pok tuyg'ular ta'qibin qo'ymas.
Hayotning eng zalvorli yukin,
Ro'yolarda hech kiftdan olmas.
Kitoblarda yashaydi bir qiz,
Nigohida savoli to'la.
Sahifaning iforlaridan,
Nafas olib qilar mutolaa.
69)Orzudagi shahar.
Orzularga tutashsa yo'llar,
Istar yerim olis bir shahar.
Taqdir bilmam nelarni so'zlar,
Niyatlarim imkonsizmi yo.
O'y o'ylagan o'ylarim chigal,
Zarba berar boshlar og'rig'i.
Rangsiz so'zlar hislarim tugal,
Ko'zni yumib qo'l siltaymi yo.
O'chiq chiroq asli bedorlik,
Ki bir rud yaraldi ikki qosh aro.
Ravon yo'l, mushtoq dil,so'roq tadorik,
Taslimlik vaqtimi unutaymi yo.
Yashirin shu'la bor ko'ngil qarida,
Taftimni qizdirib oromim olar.
Bir shahar chorlaydi ancha narida,
Orzumni ko'ksimga ko'mayinmi yo.
U hamon chorlagay kutmoqda intiq,
Qushuyqu bo'lsamda tushlarimdadir.
Emasman aslida o'jar yo injiq,
Samoga qulochni keng ochaymi yo.
Bir shahar kutadi mendan olisda.
70)Baxt bizni quvlaganda
Kutganingda kelmaydigan kunlaring bor,
Sel-yomg'irli o'tmaydigan tunlaring bor.
Boshing olib ketay desang keng yo'llar tor,
Yaxshisi yur yuguramiz baxt yoniga.
Ko'z yoshidan bezordira nam yostiqlar,
Uzatganda qo'l yetmagan ming tortiqlar.
Azob bersa o'shal eski,dard-og'riqlar,
Yaxshisi yur yuguramiz baxt yoniga.
Yo'qdir aslo o'zgalardan ko'p yo kamim,
Hali uzoq yongusidir porloq shamim.
Endi hech ham ko'rmagaysiz ko'zda namim,
Yaxshisi yur yuguramiz baxt yoniga.
Kunchiqarda ko'priklar ham kutar mushtoq,
Bu yo'llarda bilmam qancha oldik saboq.
Oq oltinday orzularim chanoq-chanoq,
Yaxshisi yur yuguramiz baxt yoniga.
Endi orzu ortimizdan quva qolsin!
71)Dildagilar
Sen menga ilinib yashagin har dam,
Arzimas bo'lsada shirin kaloming.
O'zgadan izlamay o'zgani emas,
Sen ham menga ata ishqiy saloming.
Aybga buyurma so'zim yo'qotsam,
Surating ko'zimdan joy olgan bilsang.
Olisda tursamda lek yarimimsan,
Ishqimni bir bora nazarga ilsang.
Zimdan nigohlaring etajak ta'qib,
Arazlab maylida kuydursa nozim.
Borliq quvonchini etar baxshida,
Shirin kaloming-u,go'zal ovozing.
Inkorlar etmadim muhabbatingni,
Yolg'onlar begona mayus ko'zimga.
Faraxbaxsh kunlarni olamiz qarshi,
Yuraging hadya et faqat o'zimga.
72)G'alaba
Maqsad katta orzularim ko'p,
Sof qalbimda orzular tiniq.
Jo'shqin kezar vujudimda qon,
Taqdirim ham o'zgacha aniq.
Men borliqqa o'zgacha boqgum,
Harakatdan to'xtamasman hech.
Bizning yo'lda g'alaba ila,
Tonglar otar,farqsiz erta kech.
Yaqinlashib qoldi g'alaba.
73)Chigallik
Tushunolmas meni begona,
Sodda qalbli o'jar quyoshman.
Ginalar yo'q dilda pinhona,
G'araz asli dilimdan uzoq.
Qandayligim Ollohga a'yon,
Sizlarga yo'q zarracha kekim.
Mendan o'tsa aylangiz bayon,
Lek barini unutib bo'ldim.
Ey qalbdoshim,savobga shoshil,
Tilsim ekan bu gardun ishi.
Nogoh taqdir o'yin qilganda,
Yetmas ekan inson bardoshi.
Odamzotni tushunib bo'lmas,
Osmonlardan olislang do'stim.
Ertani lek hech kimsa bilmas,
Mayli omad sizlarga bo'lsin.
Bilmay hafa qilganlarim bor,
Bilmay bizdan hafa bo'lganlar.
Men nohaq-u endi haqsizlar,
O'z-o'zicha ig'vo qilganlar.
Lek aybsiz,aybdorman men,
Aybdorlar fikri nazdida.
74)Umr
Sim yog'ochda porlagan fonus,
Jizillatar yurakni hamon.
Kengliklarni yoritar hanuz,
Oydin ko'cha,savlatli ravon.
O'nqiri yo'q,bir tekis yo'llar,
Toshloqlikni ko'rmadim hali.
Yurgan oyday,har qadam qo'llar,
Baxtiyorman ketmaydi nari.
Qo'sh fonusim tortmagin xira,
Zarrin nuring qalbim maskani.
Hamrohim bo'l o'chmagin sira,
Porloqliging umrim taskini.
75)Uchlik.
Mushtoqman,
Kutyapman,
Hardamxayolday.
Entikib,
Intiqib,
Lablarim tishlab.
Tashnaman,
Sog'indim,
Sharros yomg'irni.
76)To'rtlik
Inson ko'nikarkan har nega,har chog',
Turfa do'st,turfacha bo'larkan yaqin.
Kelganda xotima,qaytmoq fursatin,
Chap ko'ksingda bo'lar shovqinlar tag'in.
77)Noma'lum
Bir tin olib qumsayman neni,
Xayollarda chizilar qasr.
Bedorlikda muallaq qolib,
Oy,yulduzga bo'laman asir.
Yarimta jon diydorga mushtoq,
Visol yo'li teskari chalkash.
Lek hajrda intizor yonib,
Kutguvchi yo'q oshiqdek dardkash.
78)To'rtlik
Ishqim ketgan o'shal alvon lolalarga,
Yana bir bor lolazorni aylantiring.
Ko'rsam ko'zim,yashnar dilim hamon-hamon,
Gul ko'tarib qalbim tomon asta kiring.
79)To'rtlik
Yuragimdan otilgandi asli vulqon,
Begonamsan lek yaqindan eshitmading.
Shovqinlarni parchalovchi jimligim bor,
Anglaganim yo'lim tomon oshiqmading.
80)O'ynaymiz har gal bir xil,
Karra besh yigirma besh.
Undan ko'ra a'lodir,
Changitib to'plar teshish.
-Nuqul shunday demagin,
Foydali o'yinku bu.
Bir gal boshim yemagin,
O'rganding besh karrani.
-O'rgildim besh karradan,
Tirnadingiz yarani.
Ustoz mendan so'raydi,
Nuqul olti karrani.
81)Cho'lponning_"Qor qo'ynida lola"_ hikoyasini o'qib yozilgan she'r.
Vaqti kelmasada erta uzilmoq,
Sovuq qorlar seni etdilar mahkum.
Qishning talabini qonun deb bilmoq,
Lolam yopinganing qor emas uchqun.
Ikki ...uch...nafas ol,to'pla biroz kuch,
Zavoling istagan topmasin manfaat.
Taratib iforing falaklarni quch,
Tog'lar haybatidan yaratib quvvat.
Lolaning ustiga yog'ganda qorlar,
Eritmoqlik uchun qaytadi quyosh.
Hushbo'y iforlar-u,bir nurga zorlar,
Kurash mahalida kerakdir bardosh.
Lolaning ustiga yog'ganda qorlar...
82)Bir tin olib qumsayman neni,
Xayollarda chizilar qasr.
Bedorlikda muallaq qolib,
Oy,yulduzga bo'laman asir.
Yarimta jon diydorga mushtoq,
Visol yo'li teskari chalkash.
Lek hajrda intizor yonib,
Kutguvchi yo'q chinakam dardkash.
83)Ortiqcha so'z demay g'iybat bo'lmasin
Men faqat so'zlasam Ollohga so'zlay.
Hamisha ikki kaft ochiq osmonga,
Insho etilguncha duoda bo'zlay.
Sahardan xayrli Zulhijja tongi,
Saraton issiqlar g'animat kunlar.
Duo qalbdan chiqar,zabonim zikr,
Tahajjud mahali tinch-sokin tunlar.
Olgan har nafasim pokiza-ziyo,
Berganlaring cheksiz,Alhamdulillah.
Juda ko'p guvohman meni mendanda,
Sevib,o'zi qo'llar Robbim Ya Alloh.
Yig'lagim keladi to'yib yig'lagim,
Hudoyim karaming kengdir bunchalar.
O'n sakkiz ming olam paydo bo'libdir,
Yaral degan so'zing aytib shunchalar.
Bu foniy dunyoda ulashib mehr,
Ulgurib qolaylik savob olmoqqa.
Tilagim ummatlar yashasin mudom,
Labbaykani aytib banda bo'lmoqqa.
84)(Alliteratsiya-harflar uyg'unligiga doir she'r)faqat y harfiga she'r.
Yaxshilar yonimda yo'llarda yondosh,
Yaxshilik yugurgan yorqin yuzlarda.
Yo'limni yoritar yangicha yog'du,
Yangicha yangragan yillar yelkadosh.
Yolg'onga yo'g'rilgan yo'llar yomg'irli,
Yomonga yovlashish yaxshiga yiroq.
Yuraksiz yashamoq yolg'iz yashamoq,
Yordamga yugurgan yuzlar yoqimli.
Yalpizdek yastanib yosharib yashang yoshlar yugurmasin yuzlaringizga.
85)Shunday odam bo'lsang,arzirli bo'lib,
Eslansang doimo xush kalom bilan.
Qalbingda gullaydi mudom yaxshilik,
Barchasi samimiy,barchasi dildan.
Bosgan qadamingdan gullar ochilsin,
Iforlar taralsin abadiy,mudom.
Borliqning eng go'zal orzulari ham,
Xayrlar ulashmoq istasin har dam.
Bu dunyo deganing,asli o'tkinchi,
O'tkinchi saroblar,foniydir bari.
Faqat sen to'g'ri bo'l,chalg'ima uyg'on,
Mayda o'y-xayolni ketgizgin nari.
Bosgan qadamingdan gullar ochilsin,
Ezgulik sochilsin,mudom har taraf...