Ikkinchidan, mintaqaning tranzit-logistika salohiyatidan yanada samarali foydalanish va transport infratuzilmasining jadal rivojlanishini ta’minlash lozim.
Bu yo‘nalishda mintaqa mamlakatlari tomonidan amaliy qadamlar qo‘yilganini mamnuniyat bilan qayd etishni istardim.
Turkmanistonlik do‘stlarimiz tomonidan Amudaryodan o‘tadigan Turkmanobod – Forob yangi temir va avtomobil yo‘llari ko‘priklari ishga tushirildi. U O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – O‘mon transport-tranzit yo‘nalishining muhim tarmog‘idir.
Tez orada O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temir yo‘li qurilishini boshlash bo‘yicha kelishuvga erishildi, shuningdek, ushbu transport yo‘lagi bo‘ylab sinov tariqasidagi avtopoyga amalga oshirildi.
Shu munosabat bilan Transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha umummintaqaviy dasturni ishlab chiqish va qabul qilish zarur, deb hisoblaymiz.
Umumiy yondashuvlarimizni kelishib olish uchun biz 2018-yilda Toshkentda “Markaziy Osiyo xalqaro transport yo‘laklari tizimida: strategik istiqbollar va amalga oshirilmagan imkoniyatlar” mavzusidaxalqaro konferensiya o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz.
Konferensiyaning ishida barcha sheriklarimiz faol ishtirok etishiga umid qilamiz.
Uchinchidan, bu – Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashdir. Bugungi kunda mintaqaning barcha mamlakatlari terrorizm, diniy ekstremizm, transmilliy jinoyatchilik va narkotrafik tahdidlariga duch kelmoqda.
Ushbu tahdidlarga qarshi samarali kurashishni faqat birgalikda, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlik mexanizmlari doirasida ta’minlash mumkin.
Xavfsizlikka tahdidlarni “o‘ziniki va o‘zgalarniki” deb ajratishdan voz kechish, “yaxlit xavfsizlik” tamoyiliga amalda rioya qilish zarur, degan qat’iy fikrdamiz.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti mintaqaviy xavfsizlik muammosini, avvalo, preventiv diplomatiya usullaridan foydalangan holda hal qilishda muhim o‘rin tutishi lozim.
Shuningdek, MDH, ShHT, YeXHT va boshqa nufuzli xalqaro hamda mintaqaviy tuzilmalar mexanizmlari doirasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash zarur.
Bugungi kunda Markaziy Osiyoda barqaror va izchil taraqqiyotning istiqbollari qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bilan chambarchas bog‘liqdir.
Birinchi galdagi vazifalardan biri Afg‘onistonning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga qo‘shilishiga har tomonlama ko‘maklashishdan iborat.
Bu dunyo hamjamiyatining Afg‘onistonda tinch taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlariga g‘oyat muhim hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston bundan keyin ham bu qo‘shni mamlakatni iqtisodiy jihatdan tiklash, uning transport va energetik infratuzilmasini rivojlantirish, milliy kadrlar tayyorlash jarayonlarida faol ishtirok etishini ta’kidlamoqchiman.
Markaziy Osiyoda barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashning ustuvor yo‘nalishi – ekstremistik g‘oyalarga qarshi qat’iy kurashishdan iboratdir. Ko‘pincha hayotga endi qadam qo‘yayotgan yoshlar uning ta’siriga tushib qolmoqda.
Markaziy Osiyo – aholining yoshi bo‘yicha eng “yosh” mintaqalardan biridir: bu yerda aholining qariyb 60 foizini yoshlar tashkil etadi va bu dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha yuqoridir.
Aynan shu maqsadda O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yaqinda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan sessiyasida Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani ishlab chiqish hamda “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolutsiyani qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi.
Ushbu tashabbuslarni Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari qo‘llab-quvvatlagani yoshlar o‘rtasida radikal qarashlar tarqalishining oldini olish, to‘g‘ri yo‘ldan adashganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ularni sog‘lom hayotga qaytarishga tayyorligimizning amaldagi yaqqol ifodasi sifatida namoyon bo‘ladi. Bizning tajribamiz shuni ko‘rsatmoqdaki, birinchi galda yoshlarni ilm-ma’rifatga o‘rgatish, ularga islom dinining insonparvarlik mohiyati, islom madaniyatining asl qadriyatlarini yetkazish ekstremizmga qarshi kurashishning eng samarali vositasi hisoblanadi.
Bu borada biz Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etishga qaror qildik.