1. Salomatlik va sog‘lom turmush tarzi haqida tushuncha. Katta yoshdagi inson salomatligini qo‘llab-quvvatlovchi omillar



Yüklə 123 Kb.
səhifə5/10
tarix25.12.2023
ölçüsü123 Kb.
#196166
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
tarbiya 2

Zararli odatlar. Ayrim shaxslarning jamiyat farovonligiga zarar yetkazadigan darajada, muntazam ravishda me’yoridan ortiq spirtli ichimliklarni iste’mol qilishi tushuniladi.
Ichkilikbozlik organizmning barcha a’zolariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi oqibatida, markaziy va periferik asab tizimi faoliyati buzilib, ruhiy kasalliklar, nevrit va boshqa kasalliklar paydo bo‘lgan holda ichki a’zolar faoliyati izdan chiqadi. Ichkilikbozlik tufayli (hatto biror tasodif bilan ichilganda ham) odam ruhiyati o‘zgargani bois, badmastlik holatida o‘z joniga qasd qilish yoki boshqa baxtsiz hodisalar yuzaga keladi.
Spirtli ichimlikning zaharli ta’siri moddalar almashinuvi buzilishi va asab tizimi zararlanishiga olib keladi. Ko‘p ichadigan odamning ko‘zi xiralashib, ba’zan qulog‘i ham og‘irlashib qoladi. Ichkilikning me’daga ta’siri shundaki, barcha funksiyalarning buzilishi natijasida surunkali alkogol gastriti paydo bo‘ladi. Ichimlik, ayniqsa, jigarga zararli ta’sir ko‘rsatadi, ya’ni ruju qo‘yilsa jigar sirrozi, shuningdek, alkogolizm pankreatit, qand kasalligi, stenokardiya va miokard infarkti kasalliklariga duchor bo‘linadi. Mudom ichib yurganlar barvaqt qarib, nogiron bo‘lib qolishadi.
Tamaki chekish – kishi sog‘lig‘iga jiddiy putur yetkazadigan eng zararli odatlardan biridir. Tamakining vatani Janubiy Amerika bo‘lib, uni ispanlar XIV asrda Yevropaga olib kelishgan. Dastavval tamakini hidlash yoki chaynash urf bo‘lgan. Bora-bora u chekiladigan bo‘ldi, chunki undagi asosiy modda – nikotin kuchli ta’sir etadi. Nikotin markaziy va periferik asab tizimiga vaqtincha qo‘zg‘atuvchi ta’sir ko‘rsatib, arterial qon bosimini oshiradi. Mayda tomirlarni toraytiradi, nafas olishni tezlashtiradi, ovqat hazm qilish tizimining shirasini ko‘paytiradi. Nikotin bilan birga tamaki tutunidagi yonish mahsulotlari ham organizmni zaharlaydi. Shuning uchun ham chekmaydigan kishilarning chekilgan xonada bo‘lishi zararlidir.
Tarkibida yonish mahsuloti bo‘lgan tutun nafas olinganda arterial qondagi kislorodni kamaytirib yuboradi (kislorod tashuvchi gemoglobin o‘zining kislorodni biriktirib olish vazifasini yo‘qotadi). U bronxlar shilliq pardasiga ta’sir ko‘rsatib, surunkali bronxit va o‘pka emfizemasini keltirib chiqaradi. Tamaki chekuvchilar uzluksiz yo‘taladigan bo‘lib qolishadi. Chekish ko‘pincha og‘iz bo‘shlig‘i, tomoq, bronx va o‘pkada xavfli o‘smalar paydo qiladi. Uzoq vaqt surunkasiga chekkanlarda tez qarish holatlari kuzatiladi. Nikotin, ayniqsa, homiladorlar uchun zararli, chunki bola zaif va kasalmand bo‘lib tug‘iladi. Emizikli ayollarning chekishi ham bola sog‘lig‘iga xavfli ta’sir ko‘rsatadi.
Nikotin ateroskleroz, gipertoniya, gastrit, gastroenterokolit, miokardiodistrofiya va ba’zi bir endokrin kasalliklarning kechishini og‘irlashtirib yuboradi. Chekishdan voz kechmay turib, yara kasalligiga, tromboflebit, obliteratsiyalovchi endoartrit, Reyno kasalligi, stenokardiya, miokard infarkti kabi kasalliklardan sog‘ayish qiyin.
Narkomaniya (yunon. narkekaraxtlik, mania – telbalik, jahl, shod-xurramlik), bangilik, giyohvandlik – narkotik va narkotik ta’siriga ega moddalarni suiiste’mol qilish natijasida kelib chiqadigan kasallikdir. Ushbu kasallik bilan og‘rigan kishining jismoniy va ruhiy holati xumorini bosadigan tegishli narkotik modda iste’mol qilishiga bog‘liq. Quyidagi ikki holda moddalarga o‘rganib qolish mumkin.
Birinchi holda kishi o‘z xohishidan tashqari, e’tiborsizligi natijasida iste’mol qiladi va unga mute bo‘lib qoladi. Bunday bangilik ko‘pincha shifokor tavsiya etgan narkotik moddalarni noto‘g‘ri qabul qilish natijasida kelib chiqadi.
Ikkinchi hol ongli ravishda, kayf qilish maqsadida narkotik modda larga odatlanishdir. Giyohvandlikka ruhan zaif, irodasi kuchsiz, birovlarga taqlid qiladigan, xumorni tarqatishdan boshqa narsani bilmaydigan o‘ta xudbinlargina beriladi. Ular narkotik moddalarni qayta-qayta iste’mol qilgisi kelaveradi. Keyinchalik esa, bu moddalarni qabul qilmasdan turolmaydigan, xayolida doimo «biror narsa yetishmayotganday» bo‘lib qoladi. Bunday ahvoldan qutulish va o‘zini biroz yengil his qilish uchun yana o‘sha zahri qotilga ruju qo‘yadi. Shu tariqa, bu moddalarga nisbatan moyillik – bangilik kuchayib boraveradi. Avvaliga bangilarda ruhiy o‘zgarishlar (tajanglik, kayfiyat buzuqligi, xotira pasayishi) paydo bo‘ladigan bo‘lsa, keyinchalik jismoniy o‘zgarishlar (terlash, yurak urishi tezlashadi, og‘iz qurishi, ozib ketish, qo‘l-oyoq titrashi, rangning siniqishi, ko‘z qorachig‘ining kengayishi) avj oladi.
Ruhiy-emotsional zo‘riqishlar – hozirgi davrda kishilar salomatligiga salbiy ta’sir etuvchi asosiy omillardan biri hisoblanadi. Inson organizmining me’yoriy faoliyati uning ruhiyati qay darajadaligiga bog‘liq. Ruhiyatidagi har qanday o‘zgarishlar inson a’zosi va tizimlarining faoliyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Odamning ruhan ezilishi, ko‘ngliga og‘ir botadigan kechinmalar va hayotdagi turli salbiy voqealar zo‘riqishlarga olib keladi. Ruhiy zo‘riqishlar natijasida kishilarda gipertoniya, stenokardiya va miokard infarkti, qolaversa, ruhiy kasalliklar, zararli odatlarga ruju qo‘yish kabi salbiy holatlari kelib chiqadi.
Ayollarda ruhiy-emotsional zo‘riqishlar, ayniqsa, homiladorlik davrida, uning dastlabki uch oyida o‘ta xavfli asoratlarga sabab bo‘lishi mumkin. Aholi turmushining yaxshilanishi, ijtimoiy sharoitining barqarorlashuvi ruhiy-emotsional zo‘riqishlar oldini olishning asosiy shartlaridandir.
Yuqorida sanab o‘tilgan salomatlikka salbiy ta’sir qiluvchi omillar haqida tushunchaga ega bo‘lish, ularni bartaraf etish, har bir kishining bevosita o‘ziga bog‘liq. Buning uchun esa sog‘lom turmush, uning tarkibiy qismlari nimalardan iboratligi haqida aholi orasida tushuntirish ishlari olib borish lozim.

Yüklə 123 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin