Ruhiy davolash – psixoterapiyaning boshqa usul-amallari orasida autogen mashg‘ulotlar alohida o‘rin tutadi. Uni 1909-yili nemis psixoterapevti Yogan Shuls taklif etgan. Bu usul mohiyat-e’tibori bilan bemorni mushaklar relaksatsiyasi (mushaklarni bo‘shashtirish) va ma’lum maqsadni ko‘zlab o‘zini o‘zi ishontirish orqali ko‘nglida xotirjamlik, yaxshi kayfiyat va xatti-harakatlariga ishonish hissini paydo qilishga o‘rgatadi. Ruhiy (psixologik) jihatdan bu usul o‘zini o‘zi boshqarishning mustaqil holda amalga oshirilishiga, bemorning kasallikni yenga olishiga katta yordam beradi.
Sanitariya maorifi va aholini gigiyenik jihatdan tarbiyalash
Sanitariya maorifi kasalliklarning oldini olish, salomatlikni mustahkamlash va muhofaza qilish, yuksak ish qobiliyatini, faol uzoq umr ko‘rishni ta’minlash hamda sog‘lom avlodni tarbiyalab yetishtirish maqsadida aholining sanitariya-gigiyena madaniyatini oshirishga qaratilgan davlat, jamoat va tibbiyot tadbirlari tizimidan iboratdir. Har bir tibbiyot hamshirasining eng muhim kasbiy burchi aholini sanitariya-gigiyena jihatdan tarbiyalash, zararli odatlar (kashandalik, spirtli ichimlik ichish, ko‘p ovqat yeyish)ga qarshi kurashish, salomatlikni mustahkamlashda jismoniy tarbiya va sportning ahamiyatini targ‘ib qilish, shuningdek, sog‘lomlashtirish tadbirlari o‘tkazishdir.
Tibbiyot hamshiralarining vazifasi – sog‘lom turmush tarzining mazmunini ochib berish, kasalliklarning oldini olish, salomatlikni muhofaza qilish va yaxshilashda uning ahamiyatini ko‘rsatish, jamiyatda yashovchi har bir fuqaroda sog‘lom turmush kechirishga xohish uyg‘ota bilish va uni shakllantirishga ko‘maklashishdir. Birlamchi kasallikning oldini olishni axloq va sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalari ko‘rinishida mustahkamlash va rivojlantirish, aholini (uning yoshi, jinsi va ijtimoiy guruhlarini) gigiyenik jihatdan tarbiyalash tizimining asosini tashkil etishi kerak.
Sanitariya maorifining maqsadi – sanitariya madaniyatini oshirish, aholining sog‘lig‘ini mustahkamlashda muhim zamin bo‘lgan gigiyena bilimlari va axloqini shakllantirish, mehnat qobiliyatini oshirish hamda uzoq umr ko‘rishni ta’minlashdan iborat. Sanitariya maorifi kasallanishni kamaytiradigan, dardni yengillashtiradigan omillardan biridir, chunki sanitariya jihatidan savodli kishilargina o‘zlarini qanday tutishni yaxshi biladilar.
Sanitariya-gigiyena ko‘nikmalarini tarbiyalash onalar va oilani, maktabgacha, so‘ngra maktab yoshidagi bolalarni, aholining keyingi yosh guruhlarini tarbiyalashni izchillik bilan o‘z ichiga olishi kerak. Sanitariya maorifi shifokorlarning muhim ish uslubi, tibbiyot fani va mafkura ishining bir sohasi hamdir. Bu ishda hozirda respublikamizda «Sog‘lom avlod uchun», «Ekosan», «Nuroniy», «Umid» jamg‘armalari, Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy jamiyatlari, shuningdek, nodavlat notijorat targ‘ibot tashkilotlari faol ishtirok etadi. Tibbiyot hamshiralari sanitariya madaniyati darajasini oshirishda faol bo‘lishlari shart. Sanitariya maorifi xalq ma’naviy ehtiyojlarini rivojlantirishda, kishilarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda katta ahamiyat kasb etadi.
Ommaviylik sanitariya maorifining tarkibi sifatida yakka suhbatlar o‘tkazish zarurligini inkor etmaydi. Biroq, targ‘ibot va tashviqot usullari zamon talablariga to‘la javob berishi lozim hamda bu usullar ommaviy tus olgan bo‘lishi kerak. Aholini, jumladan, jamoat sanitariya faollarini vujudga keltirish yo‘li bilan ularni sanitariyasog‘lomlashtirish tadbirlarini o‘tkazishga keng jalb ettirish juda muhim.
Sanitariya maorifi targ‘iboti og‘zaki, bosma, ko‘rgazmali va aralash usullar yordamida olib boriladi. Ma’ruzalar tayyorlash, suhbat tariqasida savol-javob kechalari, sanitariya devoriy gazetalari chiqarish, gigiyena ko‘rgazmalari tashkil etish, radio va televideniyeda sog‘lom turmush tarzini targ‘ibot va tashviqot qilishda yaxshi samara beradi.
Dostları ilə paylaş: |