2. Jadval turlari va tuzish qoidalari. Iqtisodiy izlanishlarda statistik jadvallarning har xil turlari qo’llaniladi. Eganing tuzilishiga qarab statistik jadvallar uch turga bo’linadi: oddiy, gruppaviy va kombinatsion.
Oddiy jadval deb o’rganilayotgan ob’ektlar va ularning ko’rsatkichlari birma-bir ro’yhat ko’rinishida yozilgan jadvalga aytiladi.
Oddiy statistik jadvalning egasida statistik kuzatishga jalb qilingan ob’ektlarning nomlari yoki ma’lumotlar tegishli davrlar yozilgan bo’ladi. Jadval 4.1 bunga misol bo’la oladi. Bu jadvalda yillar berilgan ustunlar ega bo’lib, ko’rsatkichlar keltirilgan qatorlar kesimdir.
Jadvalning ega qismida o’rganilayotgan ob’ektning muhim bir belgisi bo’yicha gruppalash amalga oshirilgan bo’lsa, bunday jadval gruppaviy jadval deyiladi (5.5 jadvalga qaralsin).
Gruppaviy jadval deganda o’rganilayotgan ob’ektlarni bir belgi asosida guruhlash natijalarini ifodalaydigan jadval nazarda tutiladi.
Ayrim paytlarda voqea va hodisalarni bir belgisi bo’yicha guruhlaganda ularni to’liq o’rganishning iloji bo’lmaydi. Bunday paytda voqea va hodisalar ikki va undan ortiq belgisi asosida guruhlarga ajratilib o’rganiladi. Buning uchun, avval o’rganilayotgan hodisa to’plami bir belgisi bo’yicha, keyin har qaysi guruh boshqa belgi bo’yicha ichik guruhchalarga ajratiladi. Bunday guruhlash natijalari asosida kombinatsion jadvalar tuziladi. Ular oddiy jadvallarga qaraganda voqea va hodisalarning o’zaro aloqasi va bog’lanishlarini chuqurroq va to’la yoritishga yordam beradi.(6.7 jadvalga qaralsin)
Kombinatsion jadval – bu ega qismida ob’ektlarni ikkita va undan ortiq belgilari asosida guruhlash natijalarini aks ettiradigan jadvaldir
Voqea va hodisalarni o’rganish jarayonida va qo’yilgan vazifalarga qarab ega va kesim o’z o’rinlarini almashtirib turishi mumkin. Statistik jadval ixcham va ko’rimli chiqishi uchun, uni tuzishda quyidagi qoida va tartiblarga amal qilish kerak:
1. Jadvallar hajmi katta bo’lmasligi kerak. Murakkab to’plamlarni o’rganishda jadval hajmini kengaytirmasdan, yaxshisi ikki va undan ortiq o’zaro bog’langan jadvallar tuzish kerak. Jadvallar aniq, tushunarli va o’qishga oson ko’rinishda tuzilishi kerak.
2. Jadvalning umumiy nomi undagi ega va kesimlar mazmunini ifodalashi lozim, uni qisqartirib yozish mumkin emas.
3. Jadvalda bir-biri bilan bog’liq ko’rsatkichlar birin-ketin, sodddan murakkabga o’sib borish tartibida joylashtirilishi lozim.
4. Jadvaldagi ma’lumotlar mazmunini anglash oson bo’lishi uchun ularni bir xil aniqlik darajasi bilan butunlashtirib, kattaroq sonlar orqali ifodalash lozim.
5. SHartli belgilashlarga katta e’tibor berish kerak. Zarur bo’lganda ayrim ko’rsatkichlar yoniga yulduzcha yoki raqamlar qo’yilib, ularni qaerdan yoki qanday hisoblab olinganligi ilova tarzida berilishi kerak.
6. Hodisa sodir bo’lganligi to’g’risida ma’lumotlar bo’lmasa, jadvalda shu ko’rsatkich o’rniga “ma’lumot yo’q” yoki nuqtalar (...) qo’yiladi, agarda hodisa umuman sodir bo’lmagan bo’lsa, tire (-) belgisi bilan ifodalanadi. Jadvallarni tuzish texnikasi yaxshi egallansa, ularni o’qish va tushunish ishi ancha osonlashadi.