Kalta, ya'ni pakana zanjirsimon chuvalchang (Hymenolepis nana) odamning, ayniqsa, bolalarning ingichka ichagida parazitlik qiladi va gimenolepidoi kasalligini vujudga keltiradi. Bu parazitning odamlarda parazitlik qiladigan bosh tasmasimon chuvalchanglardan farqi shundaki, haqiqatdan bu chuvalchangning uzunligi 1-4,5 sm atrofida bo'ladi. Sharsimon xartumchali boshida ilmoqchalari (bir qator joylashgan 24-30 ta ilmoqchalari) va. 4 ta so'rg'ichi bo'ladi. Boshidan so'ng ingichka bo'yni, undan keyin esa 150-200 tagacha mayda bo'g'imlari, ya'ni proglottidalari bo'ladi (38-rasm).
Yetilgan bo'g'imlarida 180 tagacha tuxumlar bo'ladi. Umuman, kalta zanjirsimon chuvalchangning germafrodit bo'g'imlarida 3 dona sharsimon ko'rinishdagi urug'don va bir juft tuxumdon hamda shoxlanmagan bachadon joylashgan. Bu chuvalchanglarda jinsiy teshiklar proglottida yonidan (faqat bir tomondan) tashqariga ochiladi.
Kalta zanjirsimon chuvalchangning hamma rivojlanish davrlari bitta xo'jayinda, ya'ni odamda o'tadi. Demak, cdam kalta zanjirsimon chuvalchang uchun ham asosiy va ham oraliq xo'jayin hisoblanadi.
Kalta zanjirsimon chuvalchang (Hymenolepis nana)ning rivojlanish sikli: 1-yetuk strobilasi, 2-tuxumlar, 3-tuxumdan chiqqan onkosferaning ichak vorsinkasiga kirishi, 4-onkosferadan sistitserkoidning rivojlanishi, 5-sistitserkoidning ichak vorsinkalaridan ichak bo'shlig'iga chiqishi, 6-skoleks bilan ichak devoriga yopishishi, 7-strobilalarning o'sishi.
Bunda avvalo chuvalchangning tuxumlari suv, sabzavot-mevalar va yuvilmagan qo'llar orqali odamga o'tadi. Ovqat haztn qilish sistemasida tuxumdan 6 ilmoqli onkosfera chiqadi va ingichka ichak vorsinkalariga kirib, sistitserkoidga, ya'ni finnaga aylanadi. Bu lichinkalik davrida dumsimon kalta o'simta bo'ladi va bu bilan ular qoramol hamda cho'chqa tasmasimonlarining sistitserkidan farq qiladi. Oradan 14-15 kun o'tgach, sistitserkoid ichak devoridan ichak bo'shlig'iga chiqadi va bu yerda jinsiy voyaga yetgan kalta zanjirsimon chuvalchangga aylanadi. Kalta zanjirsimon chuvalchangning tuxumi odam ichagiga tushgandan boshlab 19 kun o'tgach jinsiy voyaga yetadi va tuxum qo'ya boshlaydi.
Bu tuxumlar tashqi muhitga chiqqach, boshqa odamlar ham zararlanishi mumkin. Ammo proglottidalarda yetilgan tuxumlar tashqi muhitga chiqmay, ichakning o'zida ham rivojlanishi mumkin, bu avtoinvaziya (o'ziga o'zi yuqtirish) deyiladi.
Kalta zanjirsimon chuvalchang ayniqsa yosh bolalarga ko'p azob beradi. Bitta odamning ichagida 1000-1500 tagacha kalta zanjirsimon chuvalchang bo'lishi mumkin. Kichik yoshdagi bolalar shaxsiy gigiyena qoidalariga to'g'ri rioya qilmasliklari tufayli bu kasallikka juda tez chalinadi.
Gimenolepidozga yo'liqqan odamlarning me'da-ichak yo'llari yallig'lanib og'riydi, ishtahasi buziladi, ich ketish hollari yuz beradi va darmonsizlanib, mehnat qobiliyati pasayadi. Parazitning o'zidan chiqargan zaharli moddalari bolaning asab sistemasiga ham salbiy ta'sir ko'rsatadi. Sunday odamlarni gijja haydaydigan dori-darmonlar (fenasal) berib davolashadi. Kasallik 3-12 yoshdagi bolalarda, ayniqsa sanitariya-gigiyena qoidalari buzilgan bolalar muassasalarida ko'proq uchraydi va tez tarqaladi.