Mavzu : Tog’ jinslarining qattiqliklari bo'yicha sinflanishi.
Reja:
1. Tog` jinslarining paydo bo’lishi bo’yicha tasnifi. 2.Tоg’ jinslаrining dоnаdоrlik tаrkibi. 3.Tоg’ jinslаrining g’оvаkligi. 4.Tоg’ jinslаrining yoriqliligi vа kоvаkliligi.
1. Tog` jinslarining paydo bo’lishi bo’yicha tasnifi.
Tabiatda uchraydigan hamma tog` jinslari paydo bo’lishiga qarab uchta katta guruhga bo’linadi: otqindi (magmatik), cho’kindi va metamorfik.
Otqindi tog` jinslari asosan vulqonlar otilganida yer yuzasiga chiqadigan magma yoki yer ostidan yuqoriga katta bosim ostida sirqib chiqqan suyuq moddalarning qotishidan hosil bo’ladi. Otqindi tog` jinslarining hosil bo’lishida yuqori harorat va kuchli bosim alohida ahamiyatga egadir. Vulqon harakatining natijasi - magma, ba'zan yer yo’ziga chiqmasdan yer osti yoriqlari, yoki ba'zi ``tog` jinslariga kiradi.
Cho’kindi tog` jinslari yer yuzasidagi jinslarning suvda erib cho’kishi, havo, shamol va muzliklar harakatidan yemirilib to’planishidan hosil bo’ladi. Cho’kish jarayoni bir vaqtning o’zida mexanik, kimyoviy va biogen o’zgarishlar bilan birgalikda bo’ladi. Shunday qilib, cho’kindi tog` jinslari litosferaning fizik, kimyoviy va biogen ta'sirlari ostida yemirilgan va qayta to’plangan mahsulotdir. Bu jinslar quruqlikda ham, suv havzalari ostida ham to’planadi.
Metamorfik tog` jinslari cho’kindi yoki otqindi tog` jinslarining harorat, bosim va kimyoviy reaksiyalar ta'sirida qaytadan hosil bo’lishidan kelib chiqadi. Odatda bunday o’zgarish jarayonlarida tog` jinslarining mineralogik tarkibi, tashqi kurinishi va tuzilishi tubdan o’zgarib ketadi. Bu o’zgarishlarda bir xil mineral tarkibdagi tog` jinslarining boshqa bir turdagi mineral tarkibga o’zgarishi metasomatik jarayon deyiladi.
Tabiatda hozirgacha aniqlangan neft va gaz konlarining 99 foizi cho’kindi tog` jinslariga va faqat bir foizi otqindi tog` jinslariga mansubdir. Shuning uchun cho’kindi tog` jinslari haqida mufassal to’xtalib o’tamiz.
Cho’kindi tog` jinslari qanday tog` jinslardan tashkil topganligiga qarab uch turga bo’linadi: donador (granulyar), yoriq va aralash kollektorlar. Neft yoki gaz yig`ilishi yoki paydo bo’lishi mumkin bo’lgan tog` jinslari - kollektorlar deyiladi.
Granulyar kollektorlar asosan qum, qumtosh va qum - alevrit kabi tog` jinslaridan tashkil topgan bo’ladi. Bunday kollektorlarda neft va gaz jinslarining mayda zarrachalar orasidagi boshliqlar, g`ovaklar ichida yig`iladi. Demak, granulyar kollektorlardagi foydali boshliqlar, ya'ni neft yoki gaz yig`ilishi mumkin bo’lgan boshliqlar, asosan zarrachalar orasidagi boshliqlar - g`ovaklardan iborat ekan.
Yoriq kollektorlarga ohaktosh, dolomitlar kiradi. Bunday tog` jinslarida foydali boshliqlar har xil yoriqlar sistemasidan iboratdir. Boshliqlar faqat yoriqlar emas, balki juda mayda mikrokarst va kovaklardan ham tashkil topgan bo’lishi mumkin. Yoriqlar sistemasi gorizontal va tik yo’nalishlarda rivojlangan bo’lib, odatda ular o’zaro bir-birlarini kesib o’tadi. Neft va gaz ana shu yoriqlarda hosil bo’lishi yoki yig`ilishi mumkin, ularning harakati ham faqat shu yoriqlar orqali bo’ladi.
Aralash kollektorlar esa granulyar va yoriq kollektorlarning aralash holatda uchraydigan turidir. Odatda bunday kollektorlarda foydali boshliqlar tog` jinslari zarrachalari orasidagi boshliqlar g`ovaklar, yoriqlar, mikrokarst boshliqlar va kovaklardan iborat bo’ladi. Bunday kollektorlarga qum, qumtosh va alevritlarning bir konning o’zida aralash qatlam hosil qilgan yollari kiradi.
Kollektorlarning fizik, mexanik va kimyoviy xususiyatlarini o’rganish neft va gaz konlarini to’g`ri ishlatishda asosiy omillardan biridir. Shuning uchun bu xossalar nimalardan iboratligi, ularning neft va gaz qazib olishdagi roli, o’zaro munosabatlarini mukammal o’rganmasdan turib, konlarni ishlatib bo’lmaydi. Kollektorlardan neft va gaz qazib olinayotganda ularning suyuqlik o’tkazish va sirqish qonuniyatlari qanday o’zgarishi, ularga ta'sir qilish usullari ham kollektorlarning mexanik va kimyoviy xossalariga uzviy bog`liqdir. Bu xossalar quyidagilardan iborat:
1) tog` jinslarining donadorlik tarkibi;
2) g`ovakligi, kovakligi va yoriqligi;
3) o’tkazuvchanligi;
4) kapillyarlik xossalari;
5) solishtirma yuzasi;
6) mexanik va issiqlik xossalari;
7) tog` jinslarining neft, gaz va suv bilan to’yinganligi.
Tog` jinslari zarrachalarining shakli va katta - kichikligi, zarrachalarning qay holda joylashganligi zarrachalarning joylashish xususiyati (tekstura) deyiladi.
Zarrachalarning tuzilishiga qarab tog` jinslari quyidagi to’rt guruhga bo’linadi.
1) zarrachalarning diametri 2 mm dan katta bo’lgan yirik bo’lakli jinslar - psefitlar;
2) zarrachalarning diametri 2 mm dan 0,1 mm gacha bo’lgan jinslar - psammitlar;
3) zarrachalarning diametri 0,1 mm dan 0,01 mm gacha bo’lgan jinslar - alevritlar;
4) zarrachalarning diametri 0,01 mm dan kichik bo’lgan jinslar - pelitlar.
Tog` jinslarining joylashish xususiyatlari asosan qat - qatligi, joylashish harakteri, zarrachalarning o’zaro bog`liqligi, ular orasidagi sementlovchi moddalarning miqdori kabilar bilan harakterlanadi.