Iqtisodiy munosabatlar Bugungi kunda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida mustahkam shartnomaviy-huquqiy baza, jumladan, turli xarakterdagi 100 dan ortiq hujjatlar mavjud. Siyosiy muloqotni mustahkamlash, xususan, mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish kabi sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan tashqi ishlar vazirliklari aro siyosiy maslahatlashuvlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri savdo-iqtisodiy sheriklikdir. Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni doimiy ravishda kengaytirishga intilib, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga harakat qilmoqda. O‘zaro savdo so‘nggi uch yil ichida o‘sib bormoqda. Misol uchun, O‘zbekistonning AQSh bilan tovar ayirboshlash hajmi 2022 yil yakuni bo‘yicha 436,8 million dollarni (eksport – 68,5 million dollar, import – 368,3 million dollar) tashkil etib, 2021 yilga (426,3 million dollar) va 2020 yilga (277 million dollar) nisbatan oshganligini ko‘rsatmoqda.