Tovarshunoslik so‘zi "tovar" va "shunos" ("o‘rganish") ma’nosini ifodalaydigan so‘zlardan tarkib topgan. Tovar deb, sotish uchun ishlab chiqarilgan mehnat mahsuliga aytiladi. Tovarlar qiymat va iste’mol qiymatiga ega bo‘ladi. Tovarlarning iste’mol qiymatini tovarshunoslik fani o‘rganadi.
Tovar - murakkab ijtimoiy-iqtisodiy kategoriya hisoblanadi. Tovarlarning iste’mol qiymati 2 tarkibiy qismdan iborat bo‘ladi. Bular sifat va assotimentdir.
Mahsulot sifati - mahsulotning o‘z funktsiyasiga ko‘ra ayrim ehtiyojlarni qondirishini ta’minlay oladigan xususiyatlar yig‘indisidir.
Tovarlar assortimenti deb, biror belgi bo‘yicha bir-biriga o‘xshash tovarlar turlarining yig‘indisiga aytiladi. Odatda turli o‘lchov va ko‘rinishdagi bir xil funktsional xususiyatlarga ega tovarlar assortimentni tashkil qiladi.
Tovarshunoslik fanining rivojlanish tarixini quyidagi bosqichlarga bo‘lish mumkin:
1. Tovar haqidagi tushunchaning paydo bo‘lish davri. Bu davr eramizdan avvalgi III asrdan boshlanadi. Hunarmand, dehqon, chorvador va boshqa qullar quldorlar uchun mahsulot ishlab chiqarganlar. Quldorlar esa bozorda tovar sifatida sotganlar. Shu davrdan boshlab quldorlar bozordan ko‘proq manfaatdor bo‘lish uchun tovarlar iste’mol qiymatini o‘rganishga harakat qilishgan. U vaqtda fan va texnika taraqqiy etmaganligi sababli ularning tovarlarni chuqyp o‘rganishlari uchun sharoit bo‘lmagan. Shuning uchun quldorlar va keyinchalik feodallar, kapitalistlar ham tovarlarning assortimentinigina o‘rganganlar.
2. Tovarshunoslik ilmining shakllanish davri. Bu davr XVI asr o‘rtalarida birinchi kapitalistik sanoat korxonasi-manufaktura paydo bo‘lishidan boshlanadi. Bu davr buyuk geografik kashfiyotlar va mustamlakalarni zabt etish natijasida kapitalizmning paydo bo‘lish chog‘lariga to‘g‘ri keladi. Bu paytda jahon kapitalistik bozori vujudga keladi.
XVI asrning o‘rtalarida xalq iste’moli tovarlari va ayniqsa dorivor o‘simliklar savdosi jahon bozorida keng rivojlanadi. Olimlar va ziyolilar orasida tovarlar iste’mol qiymatiga qiziqish kuchayadi. Eksport qilinadigan tovarlarni batafsil tekshirish ishlari boshlanadi. Natijada 1549 yilda Italiyadagi Paduya universiteti qoshida jahonda birinchi tovarshunoslik kafedrasi ochiladi. Bu kafedra asosan farmatsevtikada ishlatiladigan o‘simliklar va hayvonot dunyosidan olinadigan xom ashyolar iste’mol qiymatini o‘rganish bilan shug‘ullanar edi.
Tovarshunoslik ilmiga qiziqish boshqa mamlakatlarda ham boshlanadi. Olimlar o‘z ilmiy tadqiqotlarini kitob sifatida bosib chiqara boshlaydilar. Masalan, 1575 yilda Rossiyada rus olimlari tomonidan yozilgan “Savdo kitobi” bosilib chiqdi. Bu kitobda turli mamlakatlardan Rossiyaga keltirilgan mum, asal, yog‘, bug‘doy va kanop tola singari tovarlarning iste’mol qiymati Qisqa tavsiflab berildi.
3. Tovarshunoslikning fan darajasiga ko‘tarilish davri. Bu davr XVIII acp oxirlarida sanoatning keskin burilishidan boshlangan. Bu davrda yigirish va to‘qish dastgohlari, bug‘ dvigatellari va boshqa uskunalar ixtiro qilinishi bilan avval Angliya, so‘ngra AQSH, Frantsiya, Germaniya va boshqa mamlakatlar manufaktura ishlab chiqarish usulidan mashina sanoatiga o‘tadilar. Natijada kapitalistik ishlab chiqarish usuli feodalizm ustidan to‘liq g‘alaba qozonadi. Bu davrda savdo-sotiq ishlari yanada rivojlangani tufayli tovarshunoslik ilmiga e’tibor oshadi. Ko‘p mamlakatlarning universitetlarida tovarshunoslik kafedralari ochilib, ulardagi ilmiy-tadqiqot ishlarining yakunlari asosida oliy o‘quv yurtlari uchun darsliklar yuzaga kela boshlaydi. shu darsliklardan birinchisi-“Tovarshunoslik muqaddimasi yoki asosiy ajnabiy tovarlar haqida ma’lumot” nomi bilan 1793 yilda Gettingen professori Iogann Bekmann tomonidan yozilgan. Birinchi tovarshunoslik ma’lumotnomasi (ma’lumotnoma) ham o‘sha davrda (1798 yil) erfrutlik olim G. X. Buze tomonidan yaratilgan.
4. Tovarshunoslik fanining xalqaro miqyosda tanilish davri. Bu davrda tovarshunoslik fanining nazariyasi shakllandi. Darsliklarda tovarlar texnologiyasi tushunchalariga emas, balki ularning iste’mol qiymatiga ko‘proq e’tibor berildi. 1933 yilda M. S. Brodskiy va G. R. Korek “Tovarshunoslik asoslari”, 1958 yilda N. A. Arxangelskiy “Sanoat mollari tovarshunosligiga muqaddima” nomlari bilan oliy o‘quv yurtlari talabalariga mo‘ljallangan darsliklar yozib, bosmadan chiqardilar.
Germaniyada savdo iqtisodi, sifat tovarshunosligi va savdo jarayonlari ixtisoslari bo‘yicha diplomli iqtisodchilar tayyorlanadi. Budapesht savdo va oziq-ovqat mahsulotlari oliy maktabida o‘qitiladigan tovarshunoslik darslarining 20%i bozorshunoslik faniga oid masalalarga bag‘ishlanadi. Bu institutni bitirib chiqqanlar “savdo boshqaruvchisi” unvoniga ega bo‘ladilar. Varnadagi Xalq xo‘jaligi instituti sanoat, savdo va nazorat tashkilotlarida ishlash uchun keng ixtisosli tovarshunoslar tayyorlaydi. Polshadagi 2 ta institut- Krakov va Poznan tovarshunoslik institutlari esa 1980 yildan boshlab “injener-tovarshunoslar” tayyorlay boshladi.
Shuni qayd qilib o‘tish kerakki, Germaniya bilan Polshada tovarshunoslik fani keng rivoj topgan. Leyptsig shahrida 1960 yildan buyon har yili “Tovarshunoslik yangiliklari” va Krakovda “Tovarshunoslik” nomli ilmiy to‘plamlar nashr etiladi. 1962 yilda Leyptsigda professor G. Grundke tashabbusi bilan oliy o‘quv yurtlari tovarshunos o‘qituvchilarining birinchi jahon konferentsiyasi o‘tkazilgan edi. Polshada Iqtisodiy fanlar akademiyasi qoshida bir necha tovarshunoslik institutlari bor. Jahonda birinchi marta bu erda tovarshunoslik fani bo‘yicha ilmiy unvonlar berish ta’sis etilgan. Polsha va Vengriyada tovarshunoslik jamiyatlari ham tashkil qilingan.
Mamlakatimizda xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqarish yildan-yilga ko‘payib borayotgan bo‘lsa ham, lekin ularning assortimenti va sifati, hali aholi ehtiyojlarini to‘la qondira olmayapti. Ayniqsa go‘sht, sut mahsulotlari, sabzavot va meva etishtirish juda past darajadadir. Buning asosiy sabablaridan biri oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish darajasi aholi sonining o‘sish darajasidan birmuncha pastdir. Ikkinchidan, yig‘im-terim, hosilni tashish, saqlash va qayta ishlash paytida mahsulotlar nobudgarchiligiga yo‘l qo‘yilishidir. Agar shu kamchiliklar bartaraf etilsa iste’mol resurslarini 20% gacha, mahsulotlarning ayrim turlari bo‘yicha esa 30% gacha oshirish mumkin ekan. Buning ustiga nobudgarchilikni bartaraf etish xarajatlari xuddi shu hajmdagi mahsulotni qo‘shimcha ishlab chiqarishga sarflanadigan xarajatga qaraganda 2-3 barobar kam bo‘ladi.
Bu mahsulotlardan foydalanish oqibatida iste’molchilarning zaharlanish hollari uchrab turmoqda. Bunday hodisalar ayniqsa O‘zbekiston misolida ko‘proq kuzatildi. shuning uchun ham keyingi yillarda oziq-ovqat tovarshunosligi fani oldida yana bir muammo paydo bo‘ldi. Bu muammo esa oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibida qanchalik zaharli moddalar, og‘ir metallar, tuzlar borligini aniqlashdan iboratdir. Bu esa mutaxassislardan yuqori kasbmalakasini talab etadi.
Tovarshunoslik fani ilmiy fan sifatida ijtimoiy ishlab chiqarish haqidagi, tabiiy va bir qancha texnik fanlar bilan uzviy bog‘langan. Birinchi navbatda tovarshunoslik fani fizika, kimyo, biologiya fanlari bilan uzviy bog‘liqdir. Masalan, fizika qonunlarini bilmasdan turib, mahsulot pasterilizatsiya qilinganda yoki muzlatilganda uning xususiyatlarida qanday o‘zgarishlar riy berishini tushunish qiyin. yoki kimyoviy metodlarni qo‘llamasdan turib oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibida oqsil, yog‘, uglevod, vitaminlar miqdorini aniqlab bo‘lmaydi.
Tovarlarning ko‘pchiligida mikroorganizmlarning rivojlanishi uchun qulay sharoit mavjuddir. Tovarshunoslik fani mahsulotlarni buzishni kuzg‘atuvchi mikroorganizmlar, bakteriyalarning ayrim turlari faoliyati haqidagi ma’lumotlarni mikrobiologiya fanidan oladi. Ma’lumki, oziq-ovqat mahsulotlari insonning hayot faoliyatida asosiy rol o‘ynaydi. shuning uchun ham tovarshunslik fani ovqatlanish gigienasi va fiziologiyasi bilan chambarchas bog‘langandir.
2. Oziq – ovqat tovarlarining iste’mol xususiyatlari