4.Akademik ilm-fan – qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishi uchun O’zR Fanlar akademiyasida mustaqillik yillarida qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishini jadallashtirishning ilmiy-texnikaviy muammolari sohasida ixtisoslashgan bir qator yangi ilmiy muassasalar yaratildi.
Masalan, 1992-yilda g’o’za va boshqa qimmatli qishloq xo’jaligi o’simliklari (g’alla, sholi, pomidor va b.) genetikasi va seleksiyasi sohasidagi ishlarni rivojlantirish uchun Genetika instituti tashkil etilib, u keyinchalik O’simliklar eksperimental biologiyasi instituti bilan birlashtirildi. Bu instiutda 2000-yillar boshida G’o’za genomikasi markazi tashkil etilib, bu yerda gen va hujayra texnologiyalarini rivojlantirish bo’yicha keng ko’lamli ishlar olib borildi.
Mana shu ilmiy jamoatchilik ilmiy mavzulari va yutuqlari asosida 2012-yilda O’zR FA, O’zR Qishloq va suv xo’jaligi vazirligi va «O’zpaxtasanoat» AJ qoshida respublikadagi birinchi Idoralararo genomika va bioinformatika markazi tashkil etildi. Natijada g’o’za gen-nokaut texnologiyasi sohasida ishlar ko’lami kengaytirildi, uning asosida g’o’zaning Porloq turkumidagi yangi noyob navlari yaratildi. Bu – birinchi bor gen-nokaut texnologiyasi yordamida noyob transgen navi (tolasi yuqori sifatli, ertapishar, tuzga chidamli) ni yaratish mamlakat paxtachiligidagi eng yirik ilmiy yutuq bo’ldi. Ushbu texnologiyaga AQSH(O’zbekiston ulushi 70%ni tashkil etadi) ning Texas universiteti bilan birga qo’shma patentrasmiylashtirilmoqda.
O’zR Fanlar akademiyasining amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalari mamlakat real iqtisodiyotining dolzarb masalalarini hal qilish, shu jumladan, mamlakat qishloq xo’jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga qaratilgan. So’nggi yillarda O’zR Fanlar akademiyasi olimlari tomonidan qishloq xo’jaligi sohasida bir qator muhim ilmiy ishlanmalar va yangi texnologiyalar yaratildi va joriy qilindi:
2007-2012 yillar mobaynida O’z FAda Umumiy va norganik kimyo institutining mahalliy texnologiyalari asosida ishlab chiqarilgan import o’rnini bosadigan o’g’it va defoliantlarning yangi turlari qishloq xo’jaligida keng qo’llanib, eksport qilinmoqda:
- «Samarqandkimyo» OAJda 72,5 mlrd. so’mlik 269,3 ming tonna nitrokalsiyfosfatli o’g’it ishlab chiqarilib, 3,0 mln AQSH dollaridan ziyod qiymatli 24 ming tonnali mahsulot eksport qilindi;
- «Navoiyazot» OAJda 71,2 mlrd so’mlik 191 ming tonna azotfosfor o’g’iti ishlab chiqarildi, 2,5 mlnAQSH dollariga teng 13,6 ming tonna mahsulot eksport qilindi.
- «Farg’onaazot» OAJda 18,1 mlrd. so’mlik 62 ming tonna azotfosforisum o’g’iti va 15,9 mlrd.so’mlik 6 ming tonna «UzDEF» defoliantini ishlab chiqarish amalga oshirildi.
Turli iqlim sharoitlarda ekishga mo’ljallangan bir qator yangi yuqori samarali g’o’za navlari(rayonlashtirilgan – «Mehnat», «Beshqahramon», «AN-16», shuningdek, «Ko’paysin», «Gulbahor-2», «O’zFA-703», «Ishonch», «Nasaf», «Hamkor», Kelajak», «Navbahor-2», «Genetik-1» va boshqa istiqbolli navlar);
- O’zXITAN asosida yuqori sifatli kapsulalangan g’o’za urug’ini tayyorlash uchun kimyoviy preparatlar, shuningdek, g’o’zaning o’sish xususiyatlarini mustahkamlash va paxtani terishdan oldin defoliatsiya o’tkazish uchun kimyoviy preparatlar yaratilib, qator yillar davomida qishloq xo’jaligining viloyat korxonalarining aksariyatida joriy qilinmoqda;
- ekin zararkunandalari bilan kurash uchun feromon qopqonlar va paxtachilik ehtiyojlari uchun paxta terish texnikasi yaratilib, ular respublika paxtachilik qishloq xo’jaliklari ehtiyojlarini to’la qondirmoqda.
- urug’li kartoshkani ekishning yuqori samarali hujayra biotexnologiyasi yaratilib, Toshkent va Qashqadaryo xo’jaliklarida sanoat aprobatsiyasidan o’tdi va elita navlaridagi 300 tonnadan ziyod urug’lik kartoshkasi yetishtirildi.
Innovatsion yarmarkalar Fanlar akademiyasi innovatsion ishlanmalarini joriy etish jarayonlarini faollashtirish imkonini beradi. Buning natijasida so’nggi yillarda Fanlar akademiyasi tomonidan qishloq xo’jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni jadallashtirish sohasidagi ishlarni amalga oshirish uchun jalb etilgan byudjetdan tashqari mablag’lari 2 martadan ham ko’pga oshdi.