3.Jamg’arma va investitsiya nisbati.Klassik iqtisodchilar nuqtai nazaridagi eng markaziy holat – bu ular tomonidan foiz stavkasining ham investitsiyaning, ham jamg‘armaning funksiyasi sifatida qaralishi hisoblanadi . Investitsiya va foiz stavkasi o‘rtasida teskari funksional bog‘liqlik mavjud: foiz stavkasi qanchalik yuqori bo‘lsa, investitsiya hajmi shu qadar past bo‘ladi va aksincha. Jamg‘arma esa to‘g‘ri, o‘suvchi funksional bog‘liqlikka ega, ya’ni foiz stavkasining yuqori bo‘lishi jamg‘arma darajasining ham yuqori bo‘lishiga olib keladi. Iqtisodiyotdagi investitsiya va jamg‘arma hajmlari o‘rtasidagi muvozanat (E nuqta)ga erishish uchun foiz stavkasining r0 darajasi ta’minlanishi lozim. Foiz stavkasi darajasining muvozanat darajasidan chetlanishi investitsiya va jamg‘arma hajmi o‘rtasidagi muvozanatning buzilishiga olib keladi. Foiz stavkasining r1 darajasida investorlar uchun qulay
narxlarning vujudga kelishi investitsion resurslarga bo‘lgan talabni oshiradi, biroq bunday darajada jamg‘arma uchun rag‘bat pasayib ketadi. Natijada investitsion resurslar taqchilligi paydo bo‘ladi. r2 darajada esa barcha subyektlar uchun jamg‘armaning nafliligi oshadi, biroq bunday foiz darajasida barcha investorlar ham o‘z faoliyatining foydaliligini ta’minlay olmaydilar. Natijada jamg‘armaning
ahamiyatli qismi investitsiyalarga aylana olmaydi. Keynschilarning investitsiya va jamg‘arma o‘rtasidagi muvozanat modeli o‘z tuzilishiga ko‘ra klassik modeldan farq qiladi. Bunda eng markaziy nuqta – J.M.Keyns tomonidan jamg‘arma foiz stavkasining emas, balki daromadning funksiyasi deb qaralishi hisoblanadi: S S(Y) . Investitsiya esa, klassik modeldagi singari, foiz stavkasining funksiyasi deb olinadi: I I(r). Ya’ni, keynscha konsepsiyaning asosida jamg‘arish va investitsiya darajalarining boshqa-boshqa omillar ta’sirida o‘zgarishi yotadi. Grafik ko‘rsatkichlarining joylashuvi ham klassik
modeldan farq qiladi. Tik o‘qda jamg‘arma (S) va investitsiya (I) darajasi, yotiq o‘qda esa milliy daromad darajasi (NI) joylashgan. Iqtisodiyotdagi jamg‘arma darajasi milliy daromad hajmiga bog‘liq holda o‘zgaradi. Milliy daromad hajmi amalda investitsiya darajasiga ham ta’sir ko‘rsatsada, mazkur modelda uni milliy daromadga bog‘liq bo‘lmagan, ya’ni avtonom holda beriladi. Grafikda investitsiya
va jamg‘arma egri chiziqlari E nuqtada kesishadi. Agar iqtisodiyotdagi to‘la bandlik holatiga milliy daromadning F darajasida erishiladi, deb tasavvur qilsak, u holda bu darajada investitsiya va jamg‘arma muvozanatini (EF nuqta) ta’minlash uchun investitsiya IF darajada bo‘lishiga erishish lozim bo‘ladi. Biroq, Keyns talqiniga ko‘ra, investitsiya va jamg‘arma darajasining muvozanati to‘la bandlik
bo‘lmagan sharoitda ham ta’minlanishi mumkin: grafikdagi milliy daromadning N hajmida aynan shu holatga (E nuqta) erishiladi. Investitsiya va jamg‘arma darajalari muvozanatining klassik va keynscha
modellari o‘rtasidagi farq quyidagilar orqali namoyon bo‘ladi: birinchidan, klassik modelda bu muvozanat ro‘y berishi uchun iqtisodiyotning doimiy ravishda to‘la bandlik holatida bo‘lishi taqozo etiladi. Keynscha modelda esa, yuqorida ko‘rib chiqilganidek, bu muvozanatga to‘la bandlik bo‘lmagan holatda ham erishish mumkin; ikkinchidan, klassik modelda narx mexanizmi juda harakatchan bo‘ladi. Keynscha modelda narxning bunday moslashuvchanligi inkor etiladi;
uchinchidan, yuqorida ta’kidlanganidek, klassik modelda jamg‘arma foiz stavkasining funksiyasi sifatida, keynscha modelda esa daromad funksiyasi sifatida qaraladi. Demak, yuqoridagilardan ko‘rinadiki, jamg‘arma va investitsiya o‘rtasidagi muvozanatning keynscha modeli klassik modelga nisbatan asoslangan, real hayot, ya’ni iqtisodiyotning to‘la bandligi mavjud bo‘lmagan holatga nisbatan
ham tatbiq etilib, takomillashtirilgan model hisoblanadi. Shunga ko‘ra, biz ham makrodarajadagi boshqa muammolarni ko‘rib chiqish va tahlil qilishda, asosan, ushbu modeldan foydalanamiz.