2. So‘z-gap mustaqil gap bo‘la olish qobiliyatiga ega bo‘lganligidan bu so‘zga nisbatan semantik funktsional shakllangan so‘z-gap atamasi qo‘llaniladi. Bu atamadagi “semantik” tarkibiy qismi hodisaning lug‘aviy (ma’noviy) tomoniga ishora qilib turadi. Gap markazi mavqeyida kelgan bunday leksemaning ikki tabiiy xususiyati namoyon bo‘ladi, ya’ni leksik birlik ham so‘z, ham gap. Bu atamaning funktsional tarkibiy qismi esa so‘z-gapning sintaktik vazifa bajarishi f a q a t g a p m a r k a z i v a z i f a s i d a k e l a o l i sh i bilan chegaralanganligini ifodalaydi. Demak, semantik-funktsional shakllangan gap grammatik shakllangan gap ([WRm]) dan farq qiladi va kesimlik ma’nosi so‘z-gapda leksik birlikning yoki atov birligi [Wp] ning o‘zida mujassamlanganligi tufayli lisoniy qurilish qolipi [Wp] sifatida berilgan.
3. So‘z-gapning o‘ziga xos g‘ayrioddiy lug‘aviy ma’noga egaligi. Bu xususiyat quyidagida namoyon bo‘ladi:
a) ma’no imkoniyati chegaralangan;
b) grammatik shaklni talab qilmaydi;
v) boshqa so‘z bilan birikish qobiliyatidan mahrum;
g) gapda bajara oladigan vazifasi cheklangan;
d) ma’noli qismga ajralmaydi.
SHuning uchun ham bu tur leksemalar boshqa leksemalarga nisbatan g‘ayrioddiy, biroq ma’no va vazifa jihatidan alohida barqaror til birligi hisoblanadi.
Aytilganlardan shunday xulosaga kelish mumkinki, ot, sifat, son, olmosh, fe’l, ravish, taqlid so‘z turkumlari gapning istalgan bir bo‘lagi vazifasida kela olsa, so‘z-gap gap (yoki uning markazi) vazifasida kela olishga xoslangan, bog‘lovchi, ko‘makchi, yuklama esa sintaktik aloqani ifodalash uchun xizmat qiladi.
So‘z–gap tasnifi. So‘z-gap o‘z ichida bir necha ma’noviy guruhga ajraladi: 1. Modal. 2. Undov. 3. Tasdiq /inkor. 4. Taklif/ishora.
So‘zlovchining bayon etilayotgan fikrga munosabati ─ qat’iy ishonch, gumon, taxmin kabi ma’noni ifodalab keladigan so‘z modaldir. Unga [xullas], [demak], [chamasi], [tabiiy], [ehtimol], [shubhasiz], [shekilli] kabi so‘z misol bo‘ladi.
Kishilarning his-tuyg‘usini, haydash, to‘xtatish kabi xitob, buyruqni ifodalaydigan so‘z-gap ko‘rinishi – undov so‘z-gap. His-tuyg‘u undoviga [eh], [voy], [oh], [barakalla], [rahmat], [ofarin] kabi so‘z, buyruq -xitob undovlariga [pisht], [beh-beh], [pisht-pisht], [chuh] kabi xitob so‘z kiradi.
So‘z-gapning uchinchi ma’noviy guruhi bo‘lgan tasdiq/inkor so‘z ko‘pincha modal tarkibida o‘rganilgan. [Ha], [mayli], [xo‘sh], [xo‘p] so‘zi tasdiqni, [yo‘q], [mutlaqo], [aslo], [sira] so‘zi – inkorni ifodalovchi so‘z-gap.
Taklif/ishora so‘z-gapga qo‘llanishi tana a’zolarining maxsus harakati bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan [ma], [mang], [qani], [marhamat] so‘zi kiritilgan. Ular tinglovchiga qaratilgan bo‘lib, uni biror ish-harakatni bajarishga undaydi.
So‘z-gap shunday birliklar guruhiki, ularning ko‘pchiligi boshqa so‘z turkumidan tarixiy taraqqiyot jarayonida o‘ziga xos nutqiy qo‘llanish natijasida shakllangan va rivojlangan. CHunonchi, [so‘zsiz], [tabiiy] so‘zi sifatdan, [albatta] ravishdan o‘sib chiqqan bo‘lsa, [har qalay], [har holda] modal so‘z-gapi so‘z birikmasidan, [nasib bo‘lsa], [xudo xohlasa] kabilar gapdan kelib chiqqan.