10-ma’ruza. Hozirgi o‘zbek adabiy tilida yordamchi so‘zlar. So‘z–gaplar
So‘z-gap to‘plamini ajratish tamoyillari. O‘zbek tilshunosligida so‘z-gapning mohiyati, turlari, ularning leksik materiali tavsifi, qo‘llanish xususiyati empirik asosda etarlicha o‘rganilgan. Substantsial yondashuvda gapning eng kichik qurilish qolipi [WRm] sifatida e’tirof etilgach, ziddiyatli, izohtalab nuqtalarga ega bo‘lgan so‘z-gapga ham «lison-nutq» tamoyili asosida yondashish zaruriyati paydo bo‘ldi va har bir gapning o‘z qolipi mavjud bo‘lgani kabi, so‘z-gapning ham o‘ziga xos muayyan bir lisoniy qurilish modeli bo‘lishi shartligi e’tirof etildi.
So‘z-gap umumiy atamasi ostida birlashtiriladigan so‘zlarning alohida belgilari mavjudki, ular shu belgisi bilan mustaqil, yordamchi so‘zdan, shuningdek, yoxud qo‘shma gapdan farq qiladi. Bular quyidagilar:
1) mustaqil holda gap bo‘la olish;
2) gap tarkibida shu gapning biror bo‘lagi bilan sintaktik aloqaga kirisha olmaslik;
3) o‘ziga xos g‘ayrioddiy ma’noga ega bo‘lish;
4) bog‘lamalar bilan birika olmasligi va shuning uchun mayl, zamon, shaxs/son shakllariga ega emaslik.
So‘z-gap sirasiga shu to‘rt asosiy belgi bilan bir majmuaga birlashuvchi birliklar kiradi (bu tipdagi birliklar kirish so‘z vazifasida ham keladi, lekin ularning substantsial belgisi – so‘z-gap bo‘lib kelish). Quyida ularning har biri alohida-alohida ko‘rib o‘tiladi.
1.Mustaqil holda alohida gap bo‘la olish belgisi.Bu belgi 4- belgi bilan chambarchas bog‘langan. O‘zbek lisoniy tizimi gapda ma’lum bir axborotni tashuvchi tasdiq/inkor, mayl/zamon, shaxs/son ma’no va munosabatini ifodalovchi tarkibiy qism zarur bo‘lishini talab qiladi. So‘z- gapda bunday tarkibiy qismni alohida-alohida ajratish mumkin emas. Lekin kesimlik ma’no va munosabati so‘z-gapning o‘zida mujassamlangan va ularning ichki mohiyatini tashkil qiladi. Bunday gaplarda kesimlik kategoriyasi ma’nolari hamda kesimlik – gap markazi vazifasida kelish – fikrni shakllantirish, ifodalash vazifasi bor. Ularda gap sifatida voqelanuvchi so‘zning leksik ma’nosida mujassam. SHu sababdan bunday gapda kesimlik mavjud, ammo kesimlik shakli ifodalanmagan.