3. Musulmon mamlakatlarining diniy ekstremizmga qarshi kurash tajribasi. Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash olib borishda kompleks va tizimli, shu jumladan, ijtimoiy- iqtisodiy va mafkuraviy chora-tadbirlarni qo’llash muhim ahamiyatga ega. Albatta, bunday chora-tadbirlarni amalga oshirish katta vaqt, tegishli reja va yirik mablag’lar talab qiladi. Misr tajribasi bunday kompleks yondashuv ijobiy samara berishini ko’rsatmoqda. Boshqa tomondan, Jazoirda 1990- yillarda sodir bo’lgan voqealar demokratiyani milliy sharoitlarni inobatga olmagan holda singdirishga intilish aynan ko’zlangan maqsadlarga zid bo’lgan natijalarga, shu jumladan, radikal «islomiy» guruhlarning faollashuviga olib kelishi mumkinligini ko’rsatganini ham yoddan chiqarmaslik lozim. Barcha islohotlar mamlakatning o’ziga xos xususiyatlari va xalq mentalitetidan kelib chiqib, bosqichma- bosqich amalga oshirilishi zarur. Diniy ekstremizmga qarshi kurashda xalqaro birdamlik va kelishuvlar ham katta ahamiyatga ega. Xususan, o’z hududida diniy ekstremistlar va terrorchilar faoliyatiga yo’l ochib bermaslik, ularga hech qanday yordam ko’rsatmaslik va siyosiy boshpana bermaslik hayotiy- amaliy ahamiyatga ega. Arab – musulmon davlatlari ichida Misr Arab Respublikasi birinchi bo’lib terrorizm muammosiga 1940-chi yillarda, “Musulmon birodarlar”ning o’z faoliyatida ishontirish usullaridan radikal terrorchilikka – davlat, politsiya va armiyaning ko’zga ko’ringan arboblarini jismonan yo’q qilish yo’liga o’tishi natijasida duch keldi. Ushbu davlatning diniy mutaassiblikka qarshi kurashdagi bir necha o’n yillik tajribasi radikal diniy guruhlarga xayrixohlik bilan qarash, ularni pinhona rag’batlantirish ekstremistik harakatlarning yanada faollashuviga, yangilarining paydo bo’lishiga imkon yaratishini ko’rsatadi. Prezident Anvar Sadatning o’zini din va diniy qarashlarning bosh himoyachisi sifatida ko’rsatishga harakat qilishi, dinni kuchaytirish orqali so’l kuchlarga qarshi kurashga qaratilgan siyosati natijasida “At-takfir val-hijra” (“Kofirlikda ayblash va jamiyatdan chiqish”) va “Al-Jihod al-Muqaddas” (“Muqaddas jihod”) kabi tashkilotlarning shakllangani, ekstremistlarning ommaviy chiqishlarni amalga oshirgani, xususan, 1980 yilda Qohirada 400 mingga yaqin dindor qatnashgan namoyish uyushtirgani, turli tashkilotlarga o’z ta’sirini o’tkazishga uringani buning isboti bo’la oladi. Ayni paytda, bu tajriba yuzaga kelgan qulay vaziyatdan islomchilar zudlik bilan foydalanishga harakat qilishini, Muhammad payg’ambar hayotidan keltirilgan misollarga tayangan, islomni qutqarish zaruratini ta’kidlagan, mavjud muammolarni ro’kach qilgan holda davlat va hukumat rahbarlari hayotiga suiqasd uyushtirish, konstitutsiyaviy tuzumni ag’darib tashlashga intilishini ko’rsatadi. 1981 yilning 6 oktyabrida harbiy parad vaqtida Anvar Sadat va yana 7 kishi “Jihod” tashkiloti a’zolari tomonidan otib tashlangani, Sadatning o’limidan so’ng “Jihod” tashkiloti o’rta asr islom xalifaligiga o’xshash islom davlatini tashkil etish maqsadida Asyut shahri ustidan nazorat o’rnatishga harakat qilgani ham bunday xulosalarning o’rinli ekanini tasdiqlaydi.