1. Bozorni qamrab olish darajasiga ko‘ra: sof monopoliya, oligopoliya va monopsoniya.
Sof monopoliya – tarmoqdagi yagona ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchining narx va ishlab chiqarish hajmini belgilashdagi yakkahukmronlik holati hisoblanadi1. O‘zbekistonda sof monopoliyalar sifatida «O‘zbekiston havo yo‘llari» DAK, «O‘zbekiston temir yo‘llari» DAK, Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasini misol keltirish mumkin. Darhaqiqat, ular o‘z tarmoqlaridagi tegishli faoliyatlarning yagona ishlab chiqaruvchisi hisoblanadilar. SHuningdek, ba’zi hollarda tarmoqdagi monopolist ishlab chiqaruvchilar sonining ko‘payib borishi monopolistik raqobat holatining vujudga kelishiga sabab bo‘ladi. Monopolistik raqobat – tarmoqdagi ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchilar soni ko‘p hamda ular o‘rtasida ma’lum darajada raqobat mavjud bo‘lgan, biroq har bir ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchi o‘z tovar yoki xizmatining alohida, maxsus xususiyatlari mavjudligi sababli ularning narxi va ishlab chiqarish hajmini belgilashdagi ma’lum darajada hukmronlik holati hisoblanadi. Bunga misol tariqasida ko‘plab mebel, kiyim-kechak turlari, kir yuvish vositalari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarini keltirish mumkin.