Grafik chizmalar Davlat standarti talablariga muvofiq bajarilishi shart. Ular aniq, ravshan va ixcham bo‘lishi lozim. Grafik chizmalar zarur bo‘lgan o‘lchamlar, shartli belgilar va maxsus ro‘yxat bilan, odatda, kalamda yoki kompyuter voitalari yordamida bajarilishi mumkin. Ishchi chizmalarda texnologik xaritalarni tuzish va detallarni yasash, qurilish ishlarini bajarish, jihozlar va uskunalarni yig‘ish uchun zarur bo‘lgan barcha o‘lchamlar, shartli belgilar va ko‘rsatmalar keltirilgan bo‘lishi shart. Yig‘uv va detallashtirish chizmalarida loyihalanayotgan qurilma va inshootning ishlatish bo‘yicha texnik shartlar, tushuntirishlar, yo‘riqnomalar va boshqa zarur bo‘lgan ma’lumotlar keltirilishi lozim.
Kurs ishi (loyihasi) tushuntiruv-yozuv qismining matni texnik jihatdan to‘g‘ri, qisqa va ravon bo‘lishi lozim.Tushuntiruv-yozuv qismi ishning asosnomasini o‘z ichiga olishi shart.
Barcha kurs ishi (loyiha)larida loyihalanayotgan ob’ektga nisbatan xavfsizlik texnikasi talablari hisobga olinishi shart.
Kurs ishi (loyihasi)ga rahbarlik qilish, odatda, tegishli kafedralarning ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan yuqori malakali professor-o‘qituvchilari tomonidan olib boriladi.
Kurs ishi (loyiha)larida qo‘yilgan o‘quv maqsadlarini ishlab-chiqarish talablari bilan uzviylashtirish, shuningdek OTM va korxonalarning loyihalash borasida o‘zaro tajriba almashish maqsadida, kurs ishi (loyiha)siga rahbarlik uchun ishlab-chiqarishda bevosita ishlayotgan yetakchi mutaxassislar jalb etilishi mumukin.
Kurs ishi (loyihasi) rejalashtirilgan har bir kafedra tomonidan kurs ishi (loyihasi)ni bajarish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatma ishlab chiqilgan bo‘lishi shart. Uslubiy ko‘rsatmalarda ishning maqsad va vazifalari, dastlabki ma’lumotlar, ishning taxminiy hajmi, tushuntiruv-yozuv qismi va alohida qismlarining mazmuni, grafik chizmalar soni, tavsifi va masshtabi hamda ishni bajarish tartibi yetarli darajada aniq izohlangan bo‘lishi kerak.
Kurs ishi (loyihasi)ga rahbarlik ishga topshiriq berishdan boshlanadi.
Ish topshirig‘ini berishda asosiy bosqichlarni bajarish vaqtlari ko‘rsatilgan grafik tavsiya qilinadi. Kurs ishi (loyiha)larini takdim etish muddatlari OTM rahbariyati tomonidan mazkur yo‘nalish o‘quv rejasiga mos holda belgilanadi.Ish topshirig‘i ish rahbari imzosi bilan beriladi, kafedra jurnalida berilgan kun sanasi qayd qilinadi.
Kurs ishi (loyihasi)ning ahamiyati, unga qo‘yiladigan talablar, hisob-grafik qismining tarkibi va loyihani rasmiylashtirish, topshiriqni bajarish bo‘yicha umumiy topshiriqlar, uning hajmiga bo‘lgan talablar haqidagi ma’lumotlar mazkur fan bo‘yicha kirish ma’ruzasi o‘qilganda tushuntiriladi.
Kurs ishi (loyihasi), zaruriy uslubiy ko‘rsatmalar, ma’lumotnomalar, standartlar, soha me’yoriy-xujjatlari va loyiha namunalari bilan ta’minlangan maxsus kurs ishi (loyihasi) uchun ajratilgan o‘quv xonasida, zaruriy hollarda uy sharoitlarida bajariladi.
Kurs ishi (loyihasi)ni bajarish uchun talabaning mustaqil ishi sifatida vaqt ajratiladi va kafedra qo‘shimcha jadvalida ko‘rsatilgan vaqtlarda o‘qituvchi maslahat ishlarini tashkil etadi. Kurs ishi (loyihasi) rahbari talaba ishni bajarishi jarayonida uning ijodiy bilimlarini rivojlantirib boradi.
Kurs ishi (loyihasi)ni bajarish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, rahbar tomonidan birinchi bosqichni masofaviy shaklda ko‘rib chiqib, ijobiy tavsiya berilgandan so‘ng keyingi bosqichni bajarishga ruxsat etiladi.
Talabalar tomonidan kurs ishi (loyihasi)ning bajarilish jarayoni kafedra mudiri tomonidan muntazam ravishda nazorat qilib boriladi. Kurs ishining rahbari kafedra mudiriga ishning borishi to‘g‘risida muntazam ravishda ma’lumot taqdim etib boradi.
Qo‘yilgan talablarga javob beruvchi kurs ishi (loyihasi) rahbar tomonidan taqriz berish yo‘li bilan himoyaga tavsiya etiladi.
Kurs ishi (loyihasi)ni sifati va uni bajarishdagi talabaning faolligi, bilim va ko‘nikmalarini baholashning o‘ziga xos shakllaridan biri ish himoyasi hisoblanadi. Bajarilgan ishni chuqur tushunishi, taklif etilgan yechimlarini har tomonlama asoslab berishi qobiliyatini shakllantirishda kurs ishi (loyihasi)ning himoyasi muhim o‘rin egallaydi. Kurs ishi (loyihasi) himoyasi kafedra tomonidan belgilangan uch nafar o‘kituvchidan tashkil topgan hay’at a’zolari tomonidan fikrnomalar berish yo‘li orqali tashkil etiladi. Bunda talaba tomonidan taqdim etilgan ish, rahbar tomonidan hay’at a’zolariga yetkaziladi va ularning ijobiy fikrlari olingandan so‘ng, talabaga savollar berish orqali himoya natijalari qayd etiladi.
Himoya talaba tomonidan bajarilgan kurs ishi (loyihasi) bo‘yicha 5-6 ta savollarga javob berish orqali amalga oshiriladi. Savollar himoyada qatnashayotgan professor-o‘qituvchilar tomonidan beriladi.
Kurs ishi (loyihasi) 2018-2019 o’quv yilida o’qishga qabul qilingan bakalvriatura yo‘nalishi talabalari va magistratura mutaxassisiligi magistrantlari uchun “besh” ballik baholash tizimida, 2021-2021 yilda qabul qilinganlar uchun esa kredit modul tizimida baholanadi.
Himoya natijalari bo‘yicha qaydnoma hay’at raisi tomonidan rasmiylashtirilib, tegishli fakultet dekanatiga yetkaziladi.
Amaliy mashg’ulot bo’yicha nazorat savollari:
1. Kurs ishi (loyihasi) nima?.
2. Kurs ishi (loyihasi) dan qanday maqsad ko’zda tutiladi?
3. Kurs ishini topshiriq mavzulari qanday shakllantiriladi?
4. Kurs ishini bajarish tartibini tushuntiring?
5. Kurs ishiga rahbarlik qilish metodikasini tushuntiring?
6. Kurs ishini rasmiylashtirish tartibini tushuntiring?
7. Kurs ishini himoya qilish tartibini tushuntiring?