Klinker ishlab chiqarish Klinker ishlab chiqarishda xomashyo tarkibini 75-78% ohaktoshlar va 22-25% giltuproqlar tashkil etadi. Xomashyo tarkibini boyitish uchun tarkibiy oksidlarning birini tashkil etuvchi komponentlar kiritiladi. Kremniy oksidning miqdorini oshirish uchun kolchedan ogarkalari Yoki rudasi qo‘shiladi. Bundan tashqari sement ishlab chiqarishda sanoat chiqindilaridan shlaklar, toshko‘mir kuli, nefelin shlami ishlatiladi. Ularning tarkibida 50-60% CaO; 25-30% SiO2; 2-5% Al2O3; 3-8% boshqa oksidlar bo‘lishi mumkin. Bu yarimtayyor komponentlarni sement tarkibiga kiritilishi yoqilg‘i sarfini 20-25% kamaytiradi.
Klinkerni kuydirish asosan yoqilg‘i sifatida tabiiy gaz, xususiy hollarda esa toshko‘mir kukuni yoki mazut ishlatiladi. Gaz yoqilganda klinker toza kuydiriladi, ko‘mir va mazut yoqilishi esa klinkerni 10-20% ga nokerak komponentlar bilan boyitadi.
Sement ishlab chiqarish quyidagi jarayonlarni o‘z ichiga oladi: ohaktosh va giltuproqni qazib chiqarish va zavodga keltirish; xomashyoni tayyorlash; xomashyoni kuydirib klinker olish; gips olib klinkerni tuyish (15% gacha gidravlik qo‘shimchalar qo‘shish mumkin); sementni omborxonalarga joylashtirish.
Xomashyo pishirish xumdonlariga 3 xil usulda tayyorlanadi: quruq, xo‘l va kombinatsiyalashgan usullar.
Xo‘l usulda xomashyo komponentlari turli usullarda maydalanib aralashtiriladi va suv ishtirokida tuyiladi. Hosil bo‘lgan massa-shlam nasoslar yordamida shlambasseynlarga yuboriladi. Shlam tarkibidagi suv miqdori 35-45% ni tashkil etadi. Uning tarkibidagi oson eruvchan ohaktosh, giltuproq dispers majmuani hosil qiladi. Ho‘l usulda klinker pishirilganda yoqilg‘i sarfi quruq usulga nisbatan 1,5-2 marta ko‘p sarflanadi. Ho‘l usulda xom ashyo tayyorlanganda suv ishtirokida mayin shlam massasi hosil bo‘ladi. Bu usulda xomashyo materiallar-ohaktoshlar karerdan keltiriladi va jag‘li va to‘qmoqli maydalagichlarda 5 mm kattalikgacha maydalanadi.
Giltuproq va bo‘r yumshoq bo‘lganligi uchun glinaboltushkalarda ezg‘ilanadi. Maydalangan ohaktosh va giltuproq birgalikda sharli tegirmonlarda suspenziya holatigacha tuyiladi. Sharli tegirmon uzunligi 15 m, diametri 3,2 m bo‘lgan, po‘latdan ishlangan silindr bo‘lib, ichi 3 bo‘lakka bo‘lingan. Xomashyo ichi bo‘sh vallar (sapfa) orqali bosim ostida bir tomondan beriladi, ikkinchi tomondan esa olinadi. Tegirmon ichida birinchi va ikkinchi bo‘lmalar po‘lat yoki cho‘yan sharlar bilan, uchinchi bo‘lma esa kichik o‘lchamdagi silindrlar bilan to‘ldiriladi. Quvursimon tegirmonlar to‘xtovsiz ravishda ishlaydigan uskuna bo‘lib, soatiga 30-50 tonna xom ashyoni shlam massasiga aylantirib beradi.
Nazorat savollari 1. Mineral bog‘lovchilar qanday klassifikatsiyalanadi?
2. Havoyi ohak ishlab chiqarish texnologiyasi va xossalarini aytib bering?
3. Gips bog‘lovchisi xomashyosi, ishlab chiqarish texnologiyasi, asosiy xossalari xaqida aytib bering.