12.1-rasm. Ish xаqqi shаkllаri vа tizimlаri.
Ishbay ish haqi ishchining ishlab chiqargan mahsulot miqdori va sifati yoki bajargan ishining hajmiga qarab beriladigan ish haqidir. Mahsulot birligi uchun to‘lanadigan ish haqi miqdori, tarif stavkasidagi haqni ishlab chiqarish normasiga taqsimlash yo‘li bilan aniqlanadi.
Ish haqi tizimi o‘z ichiga haq to‘lash shakllarining aniq mehnat sharoitlarini hisobga oladigan turlari majmuini oladi. Jumladan:
-oddiy ishbay haq to‘lash tizimida ishlab chiqarish me’yori qay darajada bajarilishidan qat’iy nazar, ish haqi yagona mahsulot birligi uchun belgilangan tarif bo‘yicha to‘lanadi;
-mukofotli ishbay haq to‘lash tizimi bir qancha ko‘rsatkichlar, ya’ni reja topshirig‘idan ortiqcha hajmda ishlab chiqarilganligi, yuqori sifat darajasi ta’minlanganligi va boshqalar uchun mukofot berishni nazarda tutadi;
-o‘sib boruvchi ishbay haq to‘lashda ishchining belgilab qo‘yilgan me’yor doirasida ishlab chiqargan mahsulotiga uning birligi uchun belgilangan tarif bo‘yicha ish haqi beriladi, me’yordan yuqorisiga esa oshirilgan haq yoki tarif bo‘yicha pul to‘lanadi.
Shuningdek ishbay ish haqi tizimida yakka va jamoa tartibdagi mehnatga haq to‘lash farqlanadi. Bunda olingan tayyor mahsulot uchun uning sifati va ishlab chiqarish chiqimlarini hisobga olib haq to‘lanadi. Haq to‘lashning jamoa shaklida ish haqi mavjud bo‘linmaning pirovard mehnat natijalariga bog‘liq qilib qo‘yiladi. Bunda har bir xodim faqat o‘ziga berilgan shaxsiy topshiriqlargagina emas, bo‘linmaning butun ish hajmini ham bajarishdan manfaatdor bo‘ladi.
Ishchilarning ish haqini tabaqalashtirish eng avvalo davlat tarif tizimi yordamida amalga oshiriladi. Tarif tizimi yordamida tarmoqlar va mamlakat mintaqasi bo‘yicha, ular ichida esa ishlab chiqarish turlari, turli toifadagi xodimlar malakasi va mehnat sharoitlariga qarab ishchi va xizmatchilarning ish haqi darajasi tartibga solib turiladi.
Tarif tizimi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
-tarif-malaka ma’lumotnomalari ayrim kasblar va mehnat turlarining batafsil tavsifi, u yoki bu aniq ishni bajaruvchining bilim va ko‘nikmalariga qo‘yiladigan talablardan iborat bo‘ladi, shuningdek, unda bu ishni tariflash uchun qo‘yiladigan razryadlar ham ko‘rsatiladi;