12-mavzu. ISH HAQI VA UNING MEHNAT UNUMDORLIGIGA
TA’SIRI
Mavzuda ish haqi bilan bog‘liq nazariyalar, mamlakatda yaratilgan milliy mahsulotning taqsimlanish tamoyillari, shakllari, usullari muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, kishilarning hayot kechirishi va turmush darajasini aniqlab beruvchi daromadlarning asosiy turi bo‘lgan ish haqini tahlil qilish, ish haqining iqtisodiy tabiati bilan bog‘liq muammolar, ish haqi shakllari va bozor munosabatlari sharoitida uning darajasiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar, ish haqi stavkasini
tabaqalashtirish masalalari, shuningdek, mehnat munosabatlarining iqtisodiy mazmuni va ularni shakllantirishda turli shartnomalarning hamda kasaba uyushmalarining ro‘liga alohida o‘rin beriladi. Shuningdek davlatning ish haqi siyosati haqida ma’lumotlar berilgan.
12.1. Yaratilgan mahsulot va daromadlarning taqsimlanish tamoyillari. Mamlakatda ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlarning taqsimlanish tamoyillari bo‘yicha
turlicha nazariyalar mavjud. Bozor iqtisodiyotiga doir «uch omil» deb nomlanuvchi nazariya keng tarqalgan bo‘lib, bu nazariyaning asoschilaridan biri fransuz olimi J.B.Sey «ishlab chiqarishning uch omili» degan g‘oyani ilgari surib, unda tovarlarni ishlab chiqarishda mehnat, yer va kapital birga qatnashadi, ular hamma daromadlar manbai bo‘lib, ushbu daromadlar shu omillar o‘rtasida taqsimlanadi, deb ko‘rsatadi. Uning bu g‘oyasi amerikalik iqtisodchi olim J.B.Klarkning qo‘shilgan omil unumdorligi degan g‘oyasiga asos bo‘lib xizmat qiladi. Klark o‘zining «Boyliklarning taqsimlanishi» nomli asarida yaratilgan boylik uchala omil o‘rtasida ularning har biri
yaratgan mahsulot miqdoriga, ya’ni unumdorligiga qarab taqsimlanadi, deb ko‘rsatadi.
Sey va Klark g‘oyalarining ijobiy tomoni quyidagilardan iborat:
-kapital, yer va ishchi kuchi jonli mehnatning har uchalasi tovar yoki xizmatning nafliligini yaratishda qatnashishi ko‘rsatiladi;
-yaratilgan naflilik miqdori bilan bu uchala omilning miqdori va unumdorligi o‘rtasida bog‘liqlik mavjudligi, agar bu uchala omil bir-biriga mos ravishda miqdor va sifat jihatidan oshsa, tovarlar va xizmatlar hajmi ham ko‘payishi asoslanadi.
Ammo bu g‘oyalarning kamchiligi ham mavjud, chunki ularning yuqorida aytib o‘tgan g‘oyalari hozirgi bozor iqtisodiyoti sharoitiga to‘g‘ri kelmaydi.
1. Sey va Klark iqtisodiyot nazariyasi hali yetarli darajada rivojlanmagan davrda yashab,
ijod etganliklari uchun, tovar va xizmatlarda gavdalangan mehnatning ikki yoqlama tavsifini va undan kelib chiquvchi tovarning ikki xil xususiyatini tushunmaganliklari tufayli, kapital va yer tovar nafliligini yaratishda passiv ravishda qatnashsada, qiymat yaratmasliklarini, ular faqat amortizatsiya ajratmalariga teng qiymatni yangi tovarga jonli mehnat ta’sirida o‘tkazishini, yangi qiymat esa faqat jonli mehnat tomonidan yaratilishini ko‘rsatib berolmaganlar.
2. Klark tomonidan yaratilgan qo‘shilgan mehnat unumdorligining kamayib borish qonuni turli omillarning bir-biriga mosligi ta’minlanmagan, xarajatlar oshirib borilgan hamda ilmiy-texnika taraqqiyoti mutlaqo to‘xtab qolgan davrga mos kelib, hozirgi zamon rivojlangan bozor iqtisodiyoti sharoitiga to‘g‘ri kelmaydi.
3. Sey va Klark aytganlaridek, hozirgi davrda yaratilgan milliy mahsulotning hammasi bu uchala omilning miqdori va unumdorligiga
qarab taqsimlanmaydi, balki uning amortizatsiya ajratmalari, markazlashgan fondlar tashkil qilingandan qolgan qismi shu omillarga qarab uning egalari o‘rtasida taqsimlanadi.
Shuningdek boshqa oqim vakillari lassalchilar mehnat hamma boylikning va madaniyatning manbaidir, shuning uchun hamma daromad jamiyat a’zolari o‘rtasida teng taqsimlanishi zarur, deb ko‘rsatadilar. Lassalchilar, birinchidan, boylik faqatgina mehnatning natijasi bo‘lmasdan, uni yaratishda yer va tabiiy resurslar
hamda kapital qatnashishini, ya’ni uning nafliligi har uchala omil natijasi ekanligini unutdilar. Ikkinchidan, ularning yaratilgan