Bozorni bo’g’inlashdan asosiy maqsad quyidagilar hisoblanadi:
1. Iste'molchilarning nimaga ehtiyoji borligi haqida kengroq ma'lumot to’plash mumkin bo’ladi.
2. Aniq bozorda raqobat kurashi tabiatini yaxshiroq bilish imkoniyati tug’iladi. Natijada raqobat kurashida engib chiqishi uchun tovar qanday xususiyatlarga ega bo’lishi kerakligi aniqlanadi.
3. Chegaralangan resurslardan va imkoniyatlardan qaysi yo’nalishlarda foydalanish kerakligi aniqlanadi.
4. Marketing va tovar sotish xizmati xodimlarining energiyasi eng istiqbolli iste'molchilarga qaratiladi.
5. Marketing faoliyati rejasini tuzganda har bir bozor segmentining o’ziga xos-xususiyatlarini e'tiborga olish imkoniyati tug’iladi va boshqalar.
Umuman olganda, bozorni segmentlash talabni oydinlashtirish, diferrentsiallash, pirovard natijada esa marketing strategiyasi va taktikasining eng optimal variantini tanlash imkoniyatini beradi.
Odatda segmentlash jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi. Makrosegmentlash deb nomlanadigan birinchi bosqichda "tovar bozori" aniqlanadi. Mikrosegmentlash deb nomlanadigan ikkinchi bosqichda esa ilgari aniqlangan bozor ichida iste'molchilar segmentlari aniqlanadi.
Tovarning afzalligiga qarab segmentlash. Firmalar yangi tovarlarga bo’lgan talabni o’rganish maqsadida tovarning afzalligi, muhimligiga qarab segmentlashdan ham foydalanadi. Shu yo’sinda, talab qondirilmagan segmentlar uchun yangi tovarlar taklif etiladi. Bunga quyidagi misolni keltirish mumkin. Masalan, qahva ko’p tarqalgan ichimliklardan hisoblanadi. Uning tarkibida kofein moddasi mavjud. Bugungi kunda shunday iste'molchilar ham mavjudki, ular kofeinsiz qahvani xohlaydilar. Demak, bozorning ana shu segmenti iste'molchilari uchun ham kofeinsiz qahva ishlab chiqish zaruriyati tug’iladi. Yoki tovarning afzalligiga qarab segmentlashga televizor orqali tarkibida spirt bo’lmagan pivo haqida beriladigan reklamani ham kiritish mumkin.