Umumiy metodlar uch guruhga bo’linadi: 1) empirik tadqiqot metodlari (kuzatish, taqqoslash, o’lchash, eksperiment);
2) nazariy tadqiqot metodlari (abstraktlikdan konkretlikka ko’tarilish va b.);
3) empirk va nazariy tadqiqot metodlari (analiz va sintez, induksiya va deduksiya, modellashtirish, abstraktlashtirish va b.).
Kuzatish - ob`ektni o’rganishda unga ta`sir etmasdan bilish metodidir. Bunda ob`ektning xossasini, qayd etish va o’lchash bilan chegaralaniladi, uning o’zgarishi kuzatiladi (masalan, keskichning yeyilishini kuzatish). Tadqiqot natijalari bizga real ob`ektlarning ob`ektiv xossa va aloqalari xaqida ma`lumot olish imkoniyatini beradi. Ushbu natijalar tadqiqotining ixtiyori, hissiyoti va hohish-irodasiga bog`liq emas.
O’lchash - taqqoslashga nisbatan aniqroq bilish quroli xisoblanadi. Ushbu metodning axamiyati o’rganilayotgan ob`ekt haqidagi ma`lumotlarning yuqori aniqligidadir.
Empirik bilish jarayonida o’lchash metodi ham kuzatish va taqqoslash kabi keng tarqalgandir. Empirik tadqiqotning ko’rilgan metodlaridan farqli xolda, ekspirement ilmiy jihatdan eng umumlashtirilgan tarzda qo’yilgan tajriba hisoblanadi. Unda kuzatish va o’lchashdan tashqari ob`ekt joylashgan shart - sharoit, muhit va xatto tadqiqot ob`ektining o’zi ham ma`lum tarzda o’zgartiriladi.
Eksperiment natijasida bir yoki bir necha omillarning boshqasiga yoki boshqalariga ta`siri aniqlanadi. Kuzatishdan farqli holda, eksperiment tajribaning qaytaruvchanligini ta`minlaydi, turli sharoitlarda ob`ektni tadqiq etish imkonini beradi, uni “sof holda” o’rganish mumkin bo’ladi.
Umumlashtirish - bu tadqiqot olib borilayotgan bir qancha predmet yoki hodisalarga xos bo’lgan tomonlari, xususiyatlari va xossalarini fikrda e`tibordan soqit qilib, tadqiqot uchun zarur bo’lgan birorta belgi yoki xususiyatni mavxum xolga keltirishdir.
Abstraktlashtirish - tekshirilayotgan ob`ektlarning hususiy, unchalik e`tiborga molik bo’lmagan jihatlarini soqit qilib, uning mohiyatini ochib beruvchi hossalarini ajratish va o’rganishdir. Abstraksiya vositasida tafakkurning umumlashtirilgan natijalari shakllantiriladi, ular fikran boshqa xodisalar ichidan ajratib olinadi, bu esa ular orasidagi bog`lanishlarni tadqiq etish imkonini beradi.
Abstrakt fikrlash - ijodiy yondoshishning majburiy shartidir.
Konkretlashtirish - bu umumlashtirish va abstraktlashtirish jarayonida ajratib olingan, e`tibordan soqit qilingan, oldingi butun belgi va xususiyatlarni yana predmet va xodisalar bilan bog`lab, shu predmet va hodisa haqida aniq bir fikr xosil qilishdir.