Yo‘l xo‘jaligini rivojlantirishning muhim aspekti (jihati) – bu ITTlarini keng joriy etishga o‘tishdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevralda tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha HARAKATLAR STRATEGIYaSI”da:
- yo‘l-transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish, iqtisodiyot, ijtimoiy soha, boshqaruv tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
- aholiga transport xizmati ko‘rsatishni tubdan yaxshilash, yo‘lovchi tashish xavfsizligini oshirish va atrof muhitga zararli moddalar chiqishini kamaytirish, har tomonlama qulay yangi avtobuslarni sotib olish, avtovokzal va avtostansiyalarni qurish hamda rekonstruksiya qilish;
- yo‘l infratuzilmasi qurilishi va rekonstruksiya qilinishini davom ettirish, eng avvalo, mintaqaviy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish, xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini, aholi punkti ko‘chalarini kapital va joriy ta’mirlash kabi amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab berilgan. Bunga asosan, avtomobil transportida va yo‘l xo‘jaligida GPS kabi intellektual tizimlarni keng joriy etish orqali sohada samaradorlikni oshirishga erishiladi.
Ushbu tizimlar, transport va yo‘l xo‘jaligi faoliyatini optimallashtirish maqsadida avtoyo‘l infratuzilmasining faoliyat yuritishi va joriy holati haqidagi axborotlarni yig‘ish, uzatish va qayta ishlash jarayonlarini avtomatlashtirish va markazlashtirishni, axborotlarni o‘zaro almashinuvini, ularni transport jarayonining barcha ishtirokchilariga yetkazishni o‘z ichiga oladi. Bu tizimlarni dolzarb ma’lumotlar bilan ta’minlash maqsadida yo‘l tarmog‘ining konfiguratsiyasi va boshqa transport infratuzilmasining elementlarini, shuningdek, davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan yo‘l bo‘yidagi sun’iy inshootlarini lazer va koinotdan kuzatish borasida bir qator ishlar ko‘zda tutilgan.
Xususan, navigatsion dispetcherlik tizimlari orqali boshqariladigan yo‘l tozalash ishlari va maxsus (masalan, muzlashga qarshi) ishlarni tashkil etishda kerak bo‘ladigan axborotlarni to‘plash uchun meteomarkazlar, yo‘l meteonazorat va qatnov qismi holatini baholovchi punktlarini qurish tizim faoliyat rejasida mavjud.
Nazorat savollari: Yo‘l xo‘jaligini boshqarish organlariga ekspluatatsion korxonalarning xo‘jalik ko‘rsatkichlarini ob’ektiv baholashga nima imkon beradi?
Yo‘l xo‘jaligini rivojlantirishning asosiy aspektlarini tavsiflang.