Koreyaning zamonaviy ta’lim tizimi rasman Yaponiya mustamlakasidan ozod bo‘lgan 1945 yildan boshlangan. Ammo kengroq qaraydigan bo‘lsak, koreyslarda ta’lim tizimi 1894 yilgi islohotlardan keyin yuzaga kelgan, deyish mumkin.
.
1910 yili Koreya va Yaponiya o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq Koreya Yaponiyaning rasman mustamlakasiga aylantirildi. Yapon mustamlakachilari Koreyaning ta’lim tizimini keskin o‘zgartirish yo‘lidan bordi va xususiy maktablar faoliyati cheklab qo‘yildi. Bu davrda 1911 yil 23 avgustda qabul qilingan «1-Choson ta’lim buyrug‘i» amal qildi.
.
Oddiy maktablar va boshlang‘ich maktablar,yuqori va o‘rta maktablar birlashtirildi. Koreys tili fanlari kamaytirilib, imperiya xalq demokratiyasi fani kiritildi. 1943 yil 3 avgustda «4-Choson ta’lim buyrug‘i» imzolandi va yapon mustamlakachiligining ta’lim soxasidagi zo‘ravonligi kuchaydi. Jumladan, o‘rta va yuqori maktabalarda ta’lim 4 yilgacha kamaytirilib, koreys tili fani dasturdan olib tashlandi. Uning o‘rniga yapon tili darslari kiritildi. Koreyani yoppasiga savodsizga aylantirish siyosati natijasi o‘laroq, 1944 yilgi Koreya umumiy Arxiv qo‘mitasi ma’lumotlariga qaraganda o‘sha paytda Koreyaning savodxonlik darajasi bor-yo‘g‘i 13,8%ni tashkil etgan..
.
1945 yili Ikkinchi Jahon urushi bilan birga Koreyadgi Yaponiya mustamlakachiligi ham tugadi. Endilikda Koreada tabiiyki boshqa soxalar qatori ta’lim tizimini o‘zgartirish vazifasi turardi. Eng avvalo «Ta’limni rivojlantirish qo‘mitasi» tashkil etildi va qo‘mita oldiga darsliklar yaratish majburiyati qo‘yildi. Ta’lim tizimi tadqiq etilishi davom ettirilib, axloq, etika, texnikaga oid fanlar kiritildi. 1963 yillardan boshlab esa ta’lim tizimida tabiiy va ijtimoiy fanlarga e’tibor kuchaydi. 1981 yili Prezident Chon Du Xvan mamlakatda shaxsiy ta’lim berish va xususiy ta’lim maskanlari faoliyatini qonunan ta’qiqlab qo‘ydi. Lekin maktabda mustaqil shug‘ullanish uchun imkoniyatlar yaratib berdi.