Maʼlumki, 1993-yil 29-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga binoan “14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni” deb eʼlon qilindi. Vatan himoyachilari kunini koʻtarinki va taʼsirchan ruhda, haqiqiy xalq bayrami sifatida, yangicha shaklda tashkil etish maqsadida Muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan 2021-yil 21-noyabr “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi F-4 farmoyishi qabul qilindi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Armiya va xalq – bir tanu bir jon!” degan olijanob gʻoya va amaliy harakat barcha boʻgʻindagi hokimiyat va boshqaruv idoralari, mahalla, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar tashkilotlari, taʼlim-tarbiya muassasalari faoliyatini, keng jamoatchilik hayotini qamrab olmoqda. Bu esa Vatan himoyasi chindan ham barchamizning nafaqat vazifamiz, balki sharafli burchimizga aylanib borayotganidan yaqqol dalolat beradi” deb aytgan gaplarida ham Qurolli Kuchlarimizning xalq bilan har qachongidan ham yaqinligini anglashimiz mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini munosib kutib olish va uni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash, aholida milliy armiyadan faxrlanish va unga boʻlgan ishonch hissini oshirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni taʼminlash maqsadida Navoiy davlat pedagogika instituti hamda Navoiy viloyat mudofa ishlari boshqarmasi bilan hamkorlikda “Vatanga ximzmat-oliy fazilat”, “Armiya va xalq – bir tanu bir jon” mavzularida tadbirlar oʻtkazilib kelinmoqda. Ushbu tadbirlarni oʻtkazishdan maqsad Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini munosib kutib olish va uni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash, aholida milliy armiyadan faxrlanish va unga boʻlgan ishonch hissini oshirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni taʼminlash shuningdek ularda ota-ona, oilaga, qolaversa Vatan oldidagi javobgarliklarini oshirishga qaratilgandir.
Yurtimizda Vatan himoyasi kabi sharafli ulugʻvor ishga oʻzini bagʻishlagan harbiylarimiz, nafaqadagi faxriylarimiz katta hurmat va eʼzoz bilan qadrlanib, har yili “14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni” katta bayram va shodiyona bilan oʻtadi. Bu kabi eʼtibor va eʼtirof masʼuliyatli kasb egalarining Vatan oldidagi xizmatlarini yuqori baholanishini namoyon etib, ularning kelgusidagi faoliyatiga ham kuch-quvvat, shijoat va albatta sadoqat bagʻishlaydi.
Albatta, Vatanni himoya qilish barcha uchun muqaddas burch hisoblanadi. Bu burchni ado etishda yurtimizning himoyachilari boʻlgan milliy armiyamiz va barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan halqimizning tinch va osoyishta hayotini taʼminlashda olib borayotgan xizmatini munosib baholash hamda ularga zarur shart-sharoit yaratish masalalari ham davlatimiz siyosatining muhim yoʻnalishlaridan hisoblanadi.
Bugungi kunda dunyoning turli joylarida keskin tus olayotgan vaziyatda, xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavf-xatarlari barchamizni ogoh boʻlishga chaqiradi va Qurolli kuchlarimizdan esa yuqori darajadagi jangovar qobiliyatni mustahkamlashni talab etadi. Soʻnggi yillarda davlatimizda harbiy-siyosiy masalalarda ham tubdan islohotlar amalga oshirilib, milliy armiyamiz har qanday tahdidlarga munosib zarba beradigan jangovor qudrati yildan yilga oshib bormoqda.
Bundan tashqari, har bir harbiy xizmatchining bilimi, malakasi hamda ruhiy tayyorgarligi oshirilib borilmoqda.
Biz bilamizki azal-azaldan harbiylik kasbi mashaqqatli, shu bilan birga sharafli kasb sifatida sanalib kelingan. Mashaqqati shundaki, vatanimizning tinchligi va osoyishtaligi uchun barcha masʼuliyat harbiylarimiz zimmasiga tushadi. Ular kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay, qahraton sovuqqa ham, jazirama issiqqa ham bardosh berib vatanimiz tinchligini, uning sarhadlarini qoʻriqlab kelishmoqdalar.
Mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, armiya va xalq birligini taʼminlash borasida joylardagi davlat hokimiyati organlarining rolini oshirish boʻyicha ishlar butunlay yangi sifat bosqichiga koʻtarildi.
Bugun biz, milliy armiyamiz harbiy vatanparvarlik, harbiy qurilish va harbiy sanoat sohasida dunyodagi eng yaxshi tajribalarni qoʻllagan holda, chegaralarimiz xavfsizligini taʼminlashning ishonchli kafolatiga aylandi deb gʻurur bilan ayta olamiz. Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining tayanchi va suyanchi boʻlgan zamonaviy harbiy xizmatchilar timsolida biz avvalambor chuqur bilim va intellektual salohiyatga, oʻz muqaddas harbiy burchini bajarish yoʻlida qatʼiy iroda va mustahkam tayyorgarlikka ega boʻlgan, ona yurtimizga sadoqatli, mard va fidoyi insonlarni koʻramiz hamda ular bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bayrami bilan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Bugungi kun yurtimiz o‘g‘lonlari buyuk bobokalonimiz izdoshi bo‘lib kelmoqda. Ulug‘ ajdodlarimizning ma'naviy olami xususida fikr yuritganda, butun dunyoga ma'lum va mashhur bo‘lgan Sohibqiron Amir Temur bobomiz haqida alohida to‘xtalishimiz tabiiydir. Chunki azmu shijoat, mardlik va donishmandlik ramzi bo‘lgan bu mumtoz siymo buyuk saltanat barpo etib, davlatchilik borasida o‘zida ham amaliy, ham nazariy meros qoldirdi, ilmu fan, madaniyat, bunyodkorlik, din va ma'naviyat rivojiga keng yo‘l ochdi. Yuqorida keltirilgan fikr-mulohazalar va dalillardan ko‘rinib turibdiki, davlat arbobi yoshligidan juda tadbirkor, ishning ko‘zini biladigan kishi bo‘lgan, u ayniqsa, boshqaruvning nozik, ko‘pchilik uchun tushunish qiyin bo‘lgan sirlarini yaxshi o‘zlashtirgan. Uning dunyoqarashida davlatga, harbiy ishlarga bo‘lgan qiziqishi yoshligidan uyg‘onadi. Uni ulamolar imtihon qilishib, quvvat xotirasiga tasannolar aytishgan. O‘n ikki yoshga to‘lganida u: Bolalarcha o‘yinlardan orlanadigan bo‘ladi va vaqtini o‘ziga tengqur o‘spirinlar bilan o‘tkazishga harakat qiladi.
Temur 16-18 yoshida qilichbozlik, nayzabozlik va shikor (ov) qilish san'atini mohirona egallaydi va 20 yoshida esa abjir chavondoz bo‘lib yetishadi. Keyin u o‘z tengqurlarini guruhlarga bo‘lib, jang mashqlarini o‘tkaza boshlaydi. Sohibqiron o‘n olti yoshgacha faqat diniy emas, balki dunyoviy fanlar-tarix, falsafa, geografiya, hisob va boshqa ilmlardan ham xabardor bo‘lgan. Buyuk lashkarboshi mamlakat obodonchiligini yuksaltirish, aholining iqtisodiy turmush tarzini yaxshilash va mo‘l-ko‘lchilikni ta'minlashga o‘zining ulkan xissasini qo‘shgan. Bunga ulug‘ Amir pirlari Zayniddin Abubakr Toybodiy uqtirgan saltanat ishlaridagi to‘rt narsaga: 1.Kengash; 2. Mashvaratu maslahat;3. Mustahkam qaror, tadbirkorlik va hushyorlik; 4.Ehtiyotkorlikka amal qilganligi tufayli erishgan. Buni biz Amir Temurning “Barcha ishlarimning to‘qqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini esa qilich bilan bajo keltirdim”, deb aytgan iboratomuz so‘zlaridan ham bilsak bo‘ladi. Sohibqiron qaysi bir mamlakatga lashkar tortib borganligidan qat'i nazar, u adolatni himoya qilgan, insof va diyonat uchun jangga kirgan. Aksariyat hollarda kelib chiqqan urushlar Amir Temur raqiblarining adolatsizligi, insof diyonatsizligi, imonsizligi aybi bilan jang olib borgan. Bugungi kunda Sohibqiron yaratgan harbiy san'at merosi jahon xalqlarining harbiy san'ati merosidan munosib o‘rin oldi va hozirgi kunning yangi mazmuni bilan boyib bormoqda.
Vatan ostonadan, inson yashab nafas olib turgan go‘shadan, insonning kindik qoni to‘kilgan xonadon tuprog‘idan boshlanadi.Shu bois, inson ilk bor nafas olib, ulg‘ayib voyaga yetgan ona zaminga mehr-muhabbat va sadoqatda bo‘lishi, uning har bir hovuch muqaddas tuprog‘ini ko‘ziga to‘tiyodek surtishi, unga nisbatan bir umr farzandlik hissi bilan yashashi uning uchun ham farz, ham qarzdir. Vatanimiz tuprog‘idagi har bir qarich yer muqaddas hisoblanadi. Shuning uchun ajdodlarimiz yurt tuprog‘ini ko‘zlariga to‘tiyo etganlar, qayerga borsa ham vatan yodi bilan nafas olganlar. Yurtimiz insonlari vatanimizdan tashqarida baxt-saodatga erisha olmaydilar. Har bir insonning o‘z Vatani uning uchun dunyodagi eng go‘zal va muqaddas makondir. Vatanga mehr-muhabati bo‘lmagan insonni ota-onasiga mehri bor desalar bunga ishonib bo‘lmaydi. Ona vatanimizga sadoqatli bo‘lish, ajdodlar merosiga qiziqish, milliy ma'naviyatdan baxramandlik, o‘ziga ishonch, kelajak oldida ma'sullik tuyg‘ularini tarbiyalaydi. Ta'lim muassasalarida “Vatan himoyachilari kuni” tadbirlarini o‘tkazishning mazmun-mohiyati shundan iboratki, o‘quvchilardan Respublikamiz Qurolli kuchlarining salohiyati va obro‘si, mamlakatimiz mustaqilligi hamda xududiy yaxlitligi, xalqimizning tinch hayotini va mustaqillikni mustahkamlash yo‘lidagi bunyodkorlik mehnatini himoya qilish, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyatini keng yoritib berish, ularni o‘z vataniga sodiq va fidoiy insonlar etib tarbiyalash barcha ta'lim muassasalarining pedagogik jamoasining eng muhim vazifalaridan biriga aylangan. Bugungi kunda o‘quvchi yoshlarda vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligi, komil inson, ijtimioy hamkorlik kabi milliy g‘oyalarning asosiy yo‘nalishlarini shakllantirish, bu ta'lim muassasalaridagi ma'naviy-ma'rifiy ishlarni yanada takomillashtirish an'anaga aylanib bormoqda. Yoshlarni harbiy xizmatga kuzatish marosimlarini tantanali o‘tkazish ham vatanparvarlik tizimiga kiradi. Vatanimiz, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ishonchli himoya qilish, bugungi kunda har bir yigit qizning orzusi va burchiga aylanib bormoqda.
Bugungi yoshlarimiz mustaqil vatanimizning posbonlaridir. Biz navqiron avlod vakillarini barkamol, yetuk kishilar qilib voyaga yetkazsak, ularning har birida or-nomus, milliy g‘ururni izchil shakllantirib borsak, vatanimiz shunchalik qudratli davlatga aylanadi. Vatanni, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ishonchli himoya qilish, vatanparvar bo‘lish, sodiqlik, fidoyilik tuyg‘ularini xis etib yashayotgan yoshlarimiz mustaqil yurtimizning kelajagidir. Biz qo‘lga kiritgan bunday yutuqlar bilan muqaddas yurtimizda yashayotgan, millati, dini va e'tiqodidan qat'i nazar, har bir inson haqli ravishda faxrlansa arziydi.