Sirt-faol moddalarning turlari. Ionogen sirt-faol moddalar. Barcha sirt-faol moddalar suvdagi eritmalarida dissotsilanish qobiliyatiga qarab ionogen va noionogen sirt-faol moddalarga bo`linadi. Ionogen sirt-faol moddalar kation sirt-faol, anion sirt-faol va amfoter (amfolit) sirt-faol moddalarga ajratiladi.
Kation sirt-faol moddalar suvda dissotsilansa, sirt-faol kationlar hosil bo`ladi. Ulardan eng ko`p uchraydiganlari jumlasiga birlamchi, ikkilamchi, uchlamchi alifatik va aromatik aminlarning tuzlari, shuningdek, alkilga almashingan ammoniy asoslarning tuzlari kiradi. Musbat zaryadli zarralarga ega bo`lgan dispers sistemalar hosil qilishda ham kation sirt-faol moddalardan ko`p foydalaniladi. Ular yaxshi flokuliyant-koagulyant sifatida suvni tozalash va qurilish ishlarida ishlatiladi.
Anion sirt-faol moddalar suvda sirt-faol anionlar hosil qiladi. Sanoat miqyosida keng qo`llaniladigan anion- sirt-faol moddalar jumlasiga quyidagi moddalar kiradi: a) ba`zi karbon kislota va ularning tuzlari (C17H35COONa – sovun, C17H33COONa – natriy oleat, C15H31COONa – natriy palmitat). b) alkilsulfat kislota tuzlari – ROSO2OMe, c) alkilarilsulfonatlar – RarSO2OMe) kiradi.
Hozirgi vaqtda tarkibida C10 dan C17 gacha uglerod atomlari tutgan sintetik yog` kislotalarning tuzlari anion sirt – faol moddalar sifatida keng qo`llanilmoqda. Bunday moddalar O`zRFA ning kimyo instituti xodimlari tomonidan ko`plab olinib, xalq xo`jaligining turli sohalarida keng qo`llanilmoqda.
Amfoter sirt-faol moddalar tarkibida 2 ta funksional gurux bo`lib, ulardan biri kislota va 2-si asos xarakteriga ega. Tarkibida karboksil va amin guruhlar bo`lgan moddalar amfoter sirtfaol moddalar jumlasiga kiradi. Ular muhitning pH qiymatiga qarab anion yoki kation sirt – faollik namoyon qiladi:
ishqoriy muhitda kislotali muhitda RNH(CH2)n COO RN(CH2)n COOH RNH2(CH2)COOH anion faol amfoter sirt-faol modda kation-faol
Noionogen sirt – faol moddalar suvda eriganda ionlarga parchalanmaydi. Noionogen sirtfaol moddalar tayyorlash uchun etilen oksid spirtlarga, karbon kislotalarga, aminlarga, alkilfenollarga va boshqa organik moddalarga ta`sir ettiriladi. Masalan, “OP” markali polioksietilenlardan alkil spirtlarning hosil bo`lishini quyidagi tenglama shaklida ifodalash mumkin:
ROH n+ CH2 CH2 RO(OCH2CH2)nOH
O
Alkilfenollarning polioksietilenlandan efirlari kir yuvishda keng qo`llaniladi.
P. A. Rebinder barcha difil sirt-faol moddalarni haqiqiy eruvchan sirt-faol moddalar va kolloid sirt-faol moddalar va kolloid sirt-faol moddalar degan 2 guruhga bo`ldi. Birinchisiga kichik radikalga ega bo`lgan difil eruvchan organic birikmalar (quyi spirtlar, fenollar, organic kislotalar, ularning tuzlari, aminlar va h.k.) kiradi. Ular sirt-faol modda sifatida kam ishlatiladi.
Kolloid sirt-faol moddalar alohida diqqatga sazovordir. “Sirt-faol moddalar” termini ham aynan ana shularga oid. Kolloid sirt-faol moddalarning ajoyib xususiyati shundaki, ular termodinamik jihatdan barqaror kolloid (liofil) dispers sistemalar hosil qila oladi. Ularning muhim xarakteristikasi quyidagilardan iborat:
sirt faolligi yuqori;
mitsellalar hosil bo`ladigan kritik konsentratsiyadan yuqori konsentratsiyalarga ega bo`lgan liofil-kolloid eritmalar hosil qila oladi;
kolloid sirt – faol moddalarning eritmalarida solyubilizatsiya hodisasi kuzatiladi. Bu hodisaning mohiyati quyidagicha. Agar biror sirt –faol moddaning yetarli konsentratsiyadagi eritmasiga suvda erimaydigan organik modda (bo`yoq, geptan, kerosin) solinsa, bu modda kolloid tarzda erib, tiniq eritma hosil qiladi.
Sirt-faol moddalarning adsorbilanish xususiyatini xarakterlashda ularning amalda qo`llanilishi uchun ahamiyatga sazovor bo`lgan kattalik gidrofil-lipofil balans (GLB) tushunchasi ham kiritilgan (lipofil termini lipos – yog` so`zidan kelib chiqqan). Sirt-faol moddaning GLB soni modda tarkibidagi qutbli guruhning gidrofil xossalari bilan uglevodorod radikallarining lipofil xossalari orasidagi nisbatni xarakterlaydi. GLB sonini aniqlash uchun sirtfaol moddalarning mitsellalar hosil qilish xususiyatidan va ularning emulsiyalarni barqarorlash xossalaridan foydalaniladi.