UNDOSHLAR IMLOSI
8. Bb harfi:
1) bobo, bahor, bir, majbur, zarb kabi so‘zlarda jarangli portlovchi lab undoshini ifodalash uchun yoziladi;
2) kitob, yuzlab, kelib kabi so‘zlar oxirida p aytilsa ham, b yoziladi;
3) qibla, tobla kabi so‘zlarda ba’zan v aytilsa ham, b yoziladi.
9. Pp harfi paxta, pichoq, opa, tepa, tup, yop kabi so‘zlarda jarangsiz portlovchi lab undoshini ifodalash uchun yoziladi.
10. Vv harfi:
1) ov, suv, kuyov; ovoz, savol; volida, vatan kabi so‘zlarda ovozdor sirg‘aluvchi lab undoshini ifodalash uchun yoziladi;
2) avtobus, avtomat kabi o‘zlashma so‘zlarda v ba’zan f aytilsa ham, v yoziladi.
11. Ff harfi:
1) fan, fe’l, futbol, fizika; asfalt, juft; insof, isrof kabi so‘zlarda jarangsiz sirg‘aluvchi lab undoshini ifodalash uchun yoziladi;
2) fasl, fayz, Fotima, fursat kabi so‘zlarda f tovushi ba’zan p aytilsa ham, asliga muvofiq f yoziladi.
12. Mm harfi moy, muborak, tomon, ilhom kabi so‘zlarda ovozdor lab-lab burun undoshini ifodalash uchun yoziladi.
13. Dd harfi:
1) dala, odat, bunyod, modda, jiddiy kabi so‘zlarda til oldi jarangli portlovchi undoshni ifodalash uchun yoziladi;
2) odob, savod, marvarid; zavod, pud, sud; badqovoq, badxo‘r kabi so‘zlarda t aytilsa ham, d yoziladi.
14. Tt harfi tong, tun; butun, o‘tin, o‘t, kut kabi so‘zlarda ti1 oldi jarangsiz portlovchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
15. Zz harfi:
1) zar, zamon; toza, o‘zbek; yoz, g‘oz kabi so‘zlarda til oldi jarangli sirg‘aluvchi undoshni ifodalash uchun yoziladi;
2) iztirob, izquvar, bo‘zchi, tuzsiz kabi so‘zlarda jarangsiz undoshdan oldin s aytilsa ham, z yoziladi.
16. Ss harfi sog‘, somon, oson, asos, olmos kabi so‘zlarda til oldi jarangsiz sirg‘aluvchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
17. Sh sh harflar birikmasi shahar, shisha, shodlik; ishq, pishiq; bosh, tosh kabi so‘zlarda til oldi jarangsiz sirg‘aluvchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
S h harflari ikki tovushni ifodalasa, ular orasiga tutuq (‘) belgisi qo‘yiladi: Is’hoq, as’hob kabi.
18. Jj harfi:
1) jon, jahon, jiyda, tijorat; rivoj, vaj kabi so‘zlarda til oldi jarangli qorishiq undoshni ifodalash uchun yoziladi;
2) jurnal, projektor; gijda, ajdar, tiraj kabi o‘zlashma so‘zlarda til oldi jarangli sirg‘aluvchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
19. Ch ch harflar birikmasi choy, chevar, chiroyli, chaman; achchiq, uchun, bichiqchi; kuch, kech kabi so‘zlarda til oldi jarangsiz qorishiq undoshni ifodalash uchun yoziladi.
20. Rr harfi rahmat, rohat, orom, doira, bor, diyor kabi so‘zlarda til oldi ovozdor titroq undoshni ifodalash uchun yoziladi.
21. Ll harfi lola, loyiq, la’l; iloj, mahal kabi so‘zlarda sirg‘aluvchi ovozdor yon undoshni ifodalash uchun yoziladi.
22. Nn harfi:
1) non, nomus; ona, tana; bilan, tomon kabi so‘zlarda til oldi ovozdor burun undoshini ifodalash uchun yoziladi;
2) shanba, yonbosh, jonbozlik; yonma-yon, ko‘rinmaslik kabi so‘zlarda n tovushi ba’zan m aytilsa ham, n yoziladi.
23. Gg harfi gul, go‘zal; ega, gugurt; teg, eg kabi so‘zlarda til orqa jarangli portlovchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
24. Kk harfi ko‘l, ko‘ylak; uka, moki; tok, bilak kabi so‘zlarda ti1 orqa jarangsiz portlovchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
25. Yy harfi yo‘l, yigit, yetti, yaxshi, yoz, yulduz; tuya, dunyo, tayyor; soy, tuy kabi so‘zlarda til o‘rta sirg‘aluvchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
26. Ng ng harflar birikmasi yangi, ko‘ngil, dengiz, singil, keling, bordingiz; tong, ming, teng kabi so‘zlarda ti1 orqa ovozdor burun tovushini ifodalash uchun yoziladi.
27. Qq harfi qizil, qimiz, qirq, haqiqiy, aql kabi so‘zlarda chuqur til orqa jarangsiz portlovchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
28. G‘g‘ harfi g‘oz, bag‘ir , tog‘ kabi so‘zlarda chuqur til orqa jarangli sirg‘aluvchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
29. Xx harfi xabar, xo‘roz, xohish, xushnud, baxt, axborot, mix kabi so‘zlarda chuqur til orqa jarangsiz sirg‘aluvchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
30. Hh harfi hosil, hamma, bahor; isloh, nikoh kabi so‘zlarda jarangsiz sirg‘aluvchi bo‘g‘iz undoshini ifodalash uchun yoziladi.
31. Yonma-yon keladigan undoshlarning imlosi:
1) baland, Samarqand, poyezd; do‘st, artist, g‘isht kabi so‘zlarda d, t tovushi ba’zan aytilmasa ham, yoziladi;
2) metall, kilogramm, kilovatt, kongress kabi o‘zlashma so‘zlar oxirida bir undosh aytilsa ham, ikki harf yoziladi. Lekin bunday so‘zlarga xuddi shu tovush bilan boshlanadigan qism qo‘shilsa, so‘z oxiridagi bir harf yozilmaydi: metall+lar= metallar, kilogramm+mi=kilogrammi kabi.
32. ‘ – tutuq belgisi:
1) a’lo, ba’zan, ma’yus, ta’zim; ra’y, ta’b; e’lon, e’tibor, e’tiqod, me’mor, ne’mat, she’r, fe’l; Nu’mon, shu’la kabi o‘zlashma so‘zlarda unlidan keyin shu unli tovushning cho‘ziqroq aytilishini ifodalash uchun qo‘yiladi; mo‘jiza, mo‘tadil, mo‘tabar kabi so‘zlarda o‘ unlisi cho‘ziqroq aytilsa ham, tutuq belgisi qo‘yilmaydi;
2) in’om, san’at, qat’iy, mas’ul kabi o‘zlashma so‘zlarda unlidan oldin shu unli oldingi undosh tovushdan ajratib aytilishini ifodalash uchun qo‘yiladi.
O'zbek orfografiyasining tamoyillari
Tamoyil (prinsip) – lotincha boshlanish demakdir. Imloviy tamoyillar yozuvning poydevoridir. Orfografiyaning uchta asosiy tamoyili bor: 1) fonetik tamoyil; 2) morfologik tamoyil; 3) tarixiy-an'anaviy tamoyil. Bulardan tashqari, 4) differensial tamoyil va 5) grafik yoki etimologik tamoyillar ham mavjud. Lekin keyingi ikkalasi asosiy rol o'ynamaydi. O'zbek orfografiyasidagi mazkur tamoyillar o'zaro bog'liq holda ish ko'radi. Yozuvda xilma-xillikka yo'l qo'ymaslik uchun bularga qat'iy rioya qilinadi.
Fonetik tamoyil
So'z tarkibidagi nutq tovushlarining aytilishi va eshitilishiga ko'ra yozilishi fonetik tamoyilga xos. Bunga ko'ra so'zlar adabiy talaffuzda qanday aytilsa, shunday yoziladi. Masalan, ong o'zagidan la affiksi bilan yasalgan so'z ongla emas, angla shaklida yoziladi, ya'ni o'zakdagi o o'rniga a talaffuz qilinarkan, xuddi shunday yoziladi. Ishla negizidan yasalgan ishlovchi so'zida a o'rniga o yoziladi. (tara – taroq so'zlarida ham shunday). Shuning-dek, ruscha счёт, счётка so'zlari ham eshitilishiga ko'ra cho't, cho'tka tarzida yoziladi.
Fonetik tamoyil orfografiyani jonli talaffuzga yaqinlashtiradi. Yozuv va talaffuzda ma'lum darajada umumiylik saqlanadi.
Nutqimizda tushdi so'zi tushti, tushgan so'zi tushkan tarzida talaffuz qilinadi. Ba'zan so'z oxirida bir undosh tushirilib aytiladiki (Samarqan, xursan, pas kabi), bu so'zlar talaffuzdan boshqacharoq yoki to'liq yoziladi. Bu holat fonetik tamoyil orfografiyaning yagona tamoyili bo'la olmasligini ko'rsatadi.
Xuddi shuningdek, alifbodagi kamchiliklar tufayli unlilar qattiq va yumshoq talaffuz qilinishidan qat'iy nazar, bir xilda yoziladi: biz, tiz, qiz, qish, ko'l, ko'z, qo'y, qo'zi, qalb, ona, qur, bur, tur, o'r, ur kabi.
Morfologik tamoyil
Nutqdagi so'z va affikslar qanday aytilishiga ko'ra emas, balki ularning butunligiga yoki variantlaridan birini tanlab olish asosida yozish morfologik tamoyil deyiladi. Morfologik tamoyil so'z va morfemalarni adabiy tilda muqim shakllarida saqlash va yozishga ko'maklashadi, yozuvda bir xillikni ta'minlaydi.
Masalan, uchta so'zi ushta, kelib turibdi so'zi kep turipti tarzida aytiladi. Ammo ular asliga muvofiq uchta, kelib turibdi deb yoziladi. Yoki -lar affiksining -la, -lor, -nar tarzida aytilishiga qaramay, uning butunligiga ko'ra -lar shaklida yoziladi. Fe'lning infinitiv shakli -moq, shuningdek, qo'shimchalarning deyarli hamma shakli morfologik tamoyil bo'yicha yoziladi: Egalik affikslari: -im, -ing, -i, kelishik afikslari: -ning, -ni, -da, -dan (jo'nalish kelishigi bundan mustasno), so'z yasovchilar ham turlicha aytilishdan qat'iy nazar, imloda o'zining bir xil morfologik shaklini saqlagan holda yoziladi. Ko'rinadiki, morfologik tamoyil o'zbek orfografiyasining yetakchi tamoyili bo'lib hisoblanadi.
Tarixiy-an'anaviy tamoyil
So'zlarning hozirgi talaffuz normasiga mos kelmaydigan, qadimdan o'zlashib qolgan shaklda yozilishi tarixiy-an'anaviy tamoyil deyiladi. Boshqacha aytganda, so'zlar hozirgi holatiga ko'ra emas, balki an'ana tusiga kirib qolgan qoidaga ko'ra yoziladi: Chor Rossiyasi, pudratchi, fahm, rahm kabi.
Hozirgi orfografiyada tarixiy-an'anaviy tamoyil asosida yoziluvchi ba'zi shakllar quyidagilar:
1. Buyruq-istak mayli (-gin) mumtoz adabiyotimizda qo'llanib kelgan an'ana (she'riyat talabi)ga ko'ra -gil, -g'il tarzida ishlatiladi: borgil // borg'il.
Dostları ilə paylaş: |