2-amaliy mashg‘ulot. Otlarning yasalishi: affiksatsiya, kompozitsiya, abbreviatsiya usullari bilan ot yasash. Otlarda modal forma yasalishi. Otlarning tuzilish jihatdan turlari: sodda, qo‘shma, qisqartma, juft otlar yuzasidan tahlil qolipi, mashq va testlar. Ot yuzasidan umumiy morfologik tahlil
1-mashq. O‘qing, tub va yasama otlarni aniqlang. Yasama otlarni ko‘chirib, qanday usul bilan yasalganini ayting.
1. «Pastqo‘rg‘onda turaman.yettinchi brigadada ishlayman», – qisqa javob berdim. (M.Niyozov) 2. Bu yerda mehmondorchilik ham, suhbat ham me’yoriga yetmay turib, mehmonlar qo‘zg‘alib qolishdi. (A.Nazarov) 3. Bu – boylik, baraka, qut. Bu – sog‘liq, olam-olam baxt, quvonch. (M.Mirzarahimov) 4. Bulutlar ostidan chiqqan oy endi hu baqaterak ayrisiga minib oldi. (M.Mirzarahimov) 5. O‘ktam jiydazordan o‘tishi bilanoq, paxta maydonlari butun ulkanligi, kengligi, salobati va go‘zalligi bilan qarshisida ochildi. (O.) 6. Aravakash... bu dahshatli qichqiriqdan o‘zini yo‘qotib qo‘yib, yana qattiqroq ayta boshladi. (L.Mahmudov) 7.Ayvonning zinasi oldida siniq xum ag‘anab, kattakon qadoqtosh zang bosib yotibdi. (A.Q.) 8. San’atkor tajang edi: tanaffus vaqtida zalga chiqqan edi, bir traktorist uni savodsizlikda aybladi. (A.Q.) 9. Temirchilar bolg‘alar taqa, Tilanchilar dardi bir chaqa. (O.) 10. Bolaligimda shu daryo bo‘yida oqizoq o‘ynardim. (M.Mirzarahimov)
2-mashq. Gaplarni o‘qib, yasama otlarni aniqlang va qanday usul bilan yasalganini ayting. Morfologik (affiksatsiya) usuli bilan yasalgan otlarni ko‘chirib, ot yasovchi affikslar tagiga chizing.
1.Goho ustaning g‘origa hamsoya hunarmand va kosiblar, temirchilar, chilangarlar, miskarlar, suyaktarosh va sangtaroshlar, sandiqchi va beshiksozlar, mixchi va taqachilar, etikdo‘z va gilamdo‘zlar yig‘ilishar, ustozlari Temur boboga atalgan sovg‘a-salomlarini qo‘ltiqlashib, og‘a-ini Qalqonbek bilan Bosqonbek kirib kelishar, shunday paytlarda o‘choqda qora qumg‘on biqirlab, suhbat qizir, ... barcha yangiliklar o‘rtaga tashlanar edi. (O. Y.) 2. – Men traktorchi bo‘lishga ahd qildim, – dedi g‘urur bilan. (M. Salom) 3. Sinfdoshlarim sakkizinchida o‘qiy boshlagan kuni men belimga etak bog‘lab terimga tushib ketdim. (P.Q.) 4.Qassoblar kelishib bog‘larida qo‘y so‘yishdi, oshpazlar osh damlashdi. (O. Y.) 5.Sog‘inch, hasrat, muhabbat, hatto yovuz dushmanga g‘azab – barchasi bor uning ulug‘ qalbida. (O.) 6. Yoshlikni jasorat, qahramonlik bezaydi, keksalikni – nuroniylik, donolik. (K. Hamro) 7. Bir-ikkita qaldirg‘ochni ko‘rib, bahor keldi degan bog‘bon dog‘da qoladi. (K.Hamro) 8. Dalalar va adirlarda, o‘rib olingan bug‘doyzorlarda, hatto olis-yaqindagi bog‘larda biron-bir odam qorasi ko‘zga chalinmas, qirlarda mollar ham ko‘rinmas edi. (O. Y.) 3-mashq. Gaplarni o‘qib, yasama otlarni aniqlang. Kompozitsiya usuli bilan yasalgan otlarni ko‘chiring, yozilishini izohlang.
1. Besh-oltita jo‘yak olingan to‘rtburchakli bu gulzorchada qator-qator nomozshomgul, gultojixo‘roz, rayhon, ularning atrofida ra’nogul va boshqa gullar rang-barang bo‘lib ochilib turardi, ulardan taralayotgan yoqimli hid kishi dimog‘iga tegib, ta’bni ravshan qilardi. (F.Niyoziy) 2. Biz shunday qilishimiz kerakki, ular ham tomorqasidan o‘rinli foydalana olsin. (A.Muhiddin) 3. Bu o‘t oddiy chaqmoqtoshdan chiqqan olov emasdir. (Sh.Rustaveli) 4. Shu yil mart oyi boshlarida Xayri Chinoz qishloq xotin-qizlari uchun ochilgan kooperativda ishlay boshladi (A.Muhiddin) 5. yer yo‘ldoshlar, kosmik kemalar yasashda asosan sirkoniy qo‘llanadi. (U.N.) 6. Oqil va fozillar mol-dunyoni emas, ilm-hunarni o‘z boyliklari deb hisoblaydilar. Ularning boyliklari sarflagan bilan ado bo‘lmaydi. (K.Hamro) 8. «Rahimjon, – dedi u sandiqchasini sim bilan bog‘layotib, – yoshlik – toshqin suv, sug‘oradigan ekiningizni sug‘orib qolmasangiz, o‘tib ketadi. Keyin keksalikning ko‘zoynagini taqib, igna bilan quduq qazishdan ish chiqmaydi». (A.Q.)