2-bosqich 1-semestr
16-mavzu: Muqimiy hayoti va ijodi
Adabiyot
Abdukadirova M.M
REJA:
•1.Muqimiy hayoti haqida ma`lumot.
•2.Muqimiy ijodi haqida ma`lumot.
•3.Muqimiy satirik shoir.
Muqimiy (taxallusi; asl ism-sharifi Muhammad Aminxo‘ja Mirzaxo‘ja o‘g‘li)
(1850 — Qo‘qon —1903.25.5) — shoir va mutafakkir. o‘zbek demokratik
adabiyoti asoschilaridan. Otasi toshkentlik, onasi Oyshabibi Xo‘jandlik bo‘lib,
Qo‘qonda yashaganlar.
Muqimiy boshlang‘ich ma’lumotni mahallasidagi maktabda olgan. Onasi
Muhammad Aminxo‘jada she’riyatga havas uyg‘otgan. Muqimiy Qo‘qondagi
Nodira bino qildirgan «Mohlar oyim» madrasasida, so‘ng Buxoro
madrasalaridan birida o‘qigan (1864—65; 1875—76). 1876 yilda Qo‘qonga
qaytgach, yer qurilishi mahkamasida mirzalik qilgan. 70-yillar oxirlarida
Qo‘qonga qaytgan va ijod bilan shug‘ullangan. Otasi vafotidan so‘ng moddiy
ahvoli og‘irlashgach, «Hazrat» madrasasining kichik bir hujrasiga ko‘chib
o‘tgan (1885), butun umri qashshoklikda kechgan.
Bir necha bor Toshkentga sayohat qilgan (1887—88, 1892),
Toshkentdagi yangiliklar bilan tanishgan. Toshkent madaniy va adabiy
hayotini chuqur o‘rgangan. Almaiy, Nodim kabi ilg‘or ruhdagi ijodkorlar
bilan aloqa bog‘lab, ijodiy hamkorlik qilgan. Muqimiy yashab ijod etgan
davr adabiy hayoti murakkab edi. Bunday muhit Muqimiy ijodiga kuchli
ta’sir ko‘rsatdi. Ijodining ilk davrida qisman shaklbozlik unsurlari,
san’atpardozlik mayllariga berilish ham uchraydi. Lekin tezda bu xil
an’analardan voz kechib, jamiyatdagi illatlarga, eskilik aqidalariga
tanqidiy nazar bilan qaradi. Navoiy, Jomiy, Nizomiy va Fuzuliydan
o‘rgandi, ular g‘azallariga muxammaslar bog‘ladi. Jomiyni o‘ziga ustoz
bildi.
o‘zbek, fors mumtoz shoirlari an’analarini davom ettirdi. o‘zbek
adabiyotida demokratik yo‘nalishning vujudga kelishi va shakllanishi Muqimiy
nomi bilan bog‘liq. U boshliq Furqat, Zavqiy, Avaz, Komil kabi ilg‘or fikrli
shoirlar o‘zbek adabiyoti tarixida yangi sahifa ochdilar. Muqimiy lirikasi
chuqur optimizm bilan sug‘orilgan, hayotiylik ushbu lirikaning asosiy va
yetakchi xususiyatlaridan. Muqimiy real muhabbatni, insonni kuylagan.
She’rlarining tub mohiyatini inson kechinmalari, sevinch va alamlari, istak va
armonlari, kurashlari tashkil etgan. Ularda do‘stlik, sadoqat, samimiyat,
vafodorlik, sabot va matonat ulug‘langan va bular orqali shoir kishilarda yaxshi
xususiyatlarni tarbiyalashga intilgan. Adolatli va baxtli zamonni orzu qilgan,
shunday kunlar kelishiga ishongan («Kelur oxir seni ham yo‘qlag‘udek bir
zamon yaxshi» va boshqa). Hasrat, shikoyat, norozilik motivlari mavjud
bo‘lgan she’rlarida ham kelajakka ishonch, farovon hayot haqidagi orzu-
ideallari aks etgan.
Muqimiy dunyoqarashi va intilishlari bilan muhit
o‘rtasidagi ziddiyat uning ijodida tanqidiy yo‘nalishni
maydonga keltirgan. Bu uning hajviyotida ko‘proq aks etgan.
Hajviyoti mazmunan satira va yumorga bo‘linadi. Satiralarida
chor amaldorlari, ayrim mahalliy boylarning kirdikorlari ochib
tashlangan («Tanobchilar» va boshqa) «Saylov», «Dar
mazammati zamona» va boshqada o‘lkaga kirib kelayotgan
kapitalistik va g‘ayriaxloqiy munosabatlar hamda ularning
oqibatlari ko‘rsatilgan. Ba’zan, o‘sha davrdagi hukmron
qarashlarga ergashib, Dukchi eshon haqida ham hajviy asarlar
yozgan («Hajvi halifai Mingtepa»).
Ot, arava, loy, pashsha, bezgak kabi mavzularda 30 ga yaqin hajviy asar
yaratgan. Ularda shoir turmushning qoloq va chirkin tomonlari, ijtimoiy
ongdagi nuqsonlar ustidan kulgan, mustamlakachilik azobi, xarobalikni
zaharxandalik bilan tasvirlagan («Devonamen», «Ko‘samen» «Hayron
qildi loy», «Pashshalar», «Shikoyati bezak» va boshqa). Boshqa bir
qator hajviyalarida jamiyat hayotidagi o‘zgarishlarga yangicha
munosabat aks etgan («Ta’rifi pech», «Aroba qursin», «Loy» va
boshqa).
Muqimiy o‘zbek adabiyotiga ishchilar mavzuini olib kirdi, tiplar
galereyasini yaratdi («Maskovchi boy ta’rifida», «Voqeai Viktor» va
boshqa).
Turli shahar va qishloqlarga qilgan sayohatlari taassurotlari
asosida 4 qismli «Sayohatnoma» asarini yozdi. Asar yengil, o‘ynoqi
vaznda yozilgan, 4 misrali bandlardan tashkil topgan. Unda xalq
turmushining og‘irligi, qishloqlarning vayronaligi realistik tasvirlangan.
Shoir yaxshilikni ma’qullab, go‘zallikni madh etgan, kamchiliklar
ustidan kulib, tanbeh bergan, yovuzlikni, turli illatlarni tanqid qilgan.
Muqimiyning nasr va nazmdagi maktublari epistolyar adabiyot
namunasi hisoblanadi. 10 she’riy, 20 ga yaqin nasriy maktublari
saqlangan. She’rlari qo‘lyozmalar, bayozlar, XX asr boshlarida
litografiyada nashr qilingan kitoblar, Toshkent va Peterburgda bosilgan
vaqtli matbuot sahifalarida bizgacha yetib kelgan.
“Sayohatnoma”lardan
QO‘QONDAN SHOHIMARDONGA
• Faryodkim, garduni dun
Aylar yurak bag’rimni xun,
Ko‘rdiki, bir ahli funun –
Charx anga kajraftor ekan.
• Qolmay shaharda toqatim,
Qishloq chiqardim odatim,
Xohi yayov, bo‘lsun otim,
Goh sayr ham darkor ekan.
• “Ultarma”ga qildim yurush,
Yo‘ldosh edi bir chitfurush,
Yetdim jadallab vaqti tush,
Bir dam qiziq bozor ekan.
• Bir ma’raka ko‘rdim butun,
Ja’mi yopingan boshga to‘n,
Boqsamki, besh yuzcha xotun,
Voiz so‘zin tinglor ekan.
Dostları ilə paylaş: |