Tasarrufidagi daromad hajmi 370 shartli birlikka (sh.k.) teng bo’lganda uy xo’jaliklari iste’moli 375 sh.b.ka teng, ya’ni tasarrufidagi daromaddan 5 sh.b.ka ko’p bo’ladi. Ya’ni uy xo’jaliklari 5 sh.b.ka teng miqdorda qarz hisobiga yoki o’tgan yillarda to’plangan jamg’armalar hisobiga iste’mol xarajatlari qiladilar.
Uy xo’jaliklari tasarrufidagi daromadlar 390 sh.b.ka teng bo’lganda, uning miqdori iste’mol miqdori bilan tenglashadi. Bu miqdor bo’sag’aviy daromad deb yuritiladi. 6-jadval ma’lumotlari asosida iste’mol grafigini chizamiz.
Iste’mol grafigi ikki to’g’ri chiziq ko’rinishida berilgan. Bissektrisa ko’rinishidagi Yd=C to’g’ri chizig’ining har bir nuqtasida iste’mol va tasarrufidagi daromad hajmlari teng bo’ladi. Haqiqiy iste’mol (S) grafigi haqiqiy iste’mol va daromad teng bo’lgan nuqtada (α) bissektrisa bilan kesishadi. Bo’sag’aviy nuqtadan quyida haqiqiy iste’mol daromaddan oshiq. Bu vaziyat insonlarning qarz hisobiga hayot kechirishini bildiradi. α – nuqtada yuqorida haqiqiy iste’mol daromaddan kam hamda ular o’rtasidagi farq jamg’arishni tashkil etadi. Haqiqiy iste’mol to’g’ri chizig’i iste’mol hajmini belgilovchi vertikal o’qni a nuqtada kesib o’tadi. Bu hol uy xo’jaliklari umuman daromad olmaganlarida ham ma’lum miqdorda iste’mol qilishlarini anglatadi. a – nuqta esa avtonom iste’mol hajmini bildiradi.