Maxsus kurs. Har bir yo‘nalishning o‘quv rejasida shu yo‘nalishda o‘qitiladigan maxsus kurslarga soatlar ajratilgan bo‘lib, mutaxassislikni chuqurroq o‘rgatishga xizmat qiladi. 5110700- Informatika o‘qitish metodikasi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi o‘quv rejasida “Zamonaviy pedagogik texnologiyalar”, “Ta’lim texnologiyalari”, “Masofali ta’lim texnologiyalari”, “Obyektga yo‘naltirilgan dasturlash tillari” va boshqa fanlar o‘rin olib bu fanlar shu yo‘nalish talabalarida innovatsion faoliyatga yo‘naltirishga o‘z hissasini qo‘shadi.
Malakaviy amaliyot.Informatika o‘qitish metodikasi yo‘nalishlarida ta’lim olayotgan talabalar olgan bilim va ko‘nikmalarini pedagogik amaliyot jarayonida qo‘llaydilar. Malakaviy amaliyot bo‘lg‘usi o‘qituvchida innovatsion faoliyatni shakllanishi, kasbiy pedagogik tafakkurning faol shakllanishiga, pedagoglik kasbiga va ta’lim oluvchilarga bo‘lgan hurmat, muhabbatini rivojlantirishga, kasbning sir-asrorlarini o‘rganishga xizmat qiladi. Malakaviy amaliyot jarayonida talaba quyidagi ishlarni olib boradi [41].
ta’lim-tarbiyaga oid me’yoriy hujjatlar, informatika fanini o‘rganishda qo‘llaniladigan innovatsion pedagogik dasturiy vositalar va pedagogik texnologiyalarni o‘rganadi;
o‘qituvchi va sinf rahbarining o‘quv, tarbiyaviy va innovatsion faoliyati tizimi bilan tanishadi;
innovatsion pedagogik-psixologik metodlar yordamida o‘quvchi yoki pedagogik jamoaning psixologik-pedagogik tahlilini amalga oshiradi;
o‘quvchiga pedagogik- psixologik tavsifnoma tuzishni o‘rganadi;
fan bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini olib borish, tahlil qilishni o‘rganadi, bunda innovatsion pedagogik va axborot texnologiyalaridan foydalanishni amalda qo‘llaydi;
darsdan tashqari ma’naviy-ma’rifiy ishlar, o‘quvchilarning ota-onalari bilan ishlashni o‘rganadi;
metodik ishlarda faol qatnashadi, o‘qituvchilarning o‘quv tarbiyaviy ishlari tajribasini o‘rganadi, tahlil qiladi;
pedagogik kengashga qatnashadi, shuningdek, kurs ishi yoki bitiruv malakaviy ish mavzusi bo‘yicha materiallar to‘playdi va h.k.
Malakaviy amaliyot jarayonida amaliyotchi talabalarni kasbiy pedagogik kompetentligini shakllantirish mezoni sifatida a) boshlang‘ich kompetentlikka: kasbiy pedagogik bilimlar, axborotlashuv, kommunikativ va tashkilotchilik qobiliyatlari, 2) tayanch kompetentlikka: baholash, pedagogik jarayon tahlili, o‘z-o‘zini tahlil, innovatsion pedagogik va axborot texnologiyalaridan foydalanish, 3) maxsus kompetentlikka: tadqiqotchilik, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni bajarish, loyihalash va dasturchilik, innovatsion faoliyatni tashkil etish qobiliyatlarini kiritgan holda, kuzatuvlarimiz davomida kommunikativlik, tashkilotchilik va o‘z-o‘zini boshqarish, innovatsion pedagogik va axborot texnologiyalaridan foydalanish dinamikasini oshganligi, shuning bilan birga, loyihalash, o‘z-o‘zini baholash, va dasturlash yetarli darajada rivojlanmaganlgini ko‘rishimiz mumkin.