Arab mamlakatlaridagi dastlabki iqtisodiy g`oyalar. Islomdagi iqtisodiy qarashlar. Ibn Xaldun
Sharq mamlakatlarida feodal munosabatlar III-VIII asrlarda shakllana boshladi. Bu yerlarda pul, mehnat munosabatlari biroz yengillashdi. Davlat xususiy egalik va foydalanish uchun yer ajrata boshladi. Xususiy yer egaligining turli shakllari saqlangani holda, davlat asosiy va unumdor yerning egasi sifatida, zarur paytda xususiy xo`jaliklarning barcha ishlariga bemalol aralashish, yer solig`ini yig`ish huquqini yo`qotgan emas. Shu sababli, Sharqda "davlat feodalizmi"ning turli shakllari saqlandi va iqtisodiy qarashlarda ham o`z aksini topdi. Iqlim va turar-joy sharoiti tufayli, bu yerlarda dehqonchilik asosan sun'iy sug`orish asosidagina olib borilishi mumkin edi (G’arbiy Yevropa bilan solishtiring). Ba'zi olimlarning fikricha, Sharqda yerga xususiy mulkchilikning yo`qligi va buning asosiy sababi sun'iy sug`orish ekanligini aytadi. Yer bor bo`lgani bilan sug`orishsiz hosil olish mumkin emas edi. Sug`orish inshootlari qurish, ta'mirlash jamoa ixtiyorida bo`lgan, qishloq jamoasi saqlangan. Sharqda yerga xususiy mulkchilik bo`lganmi, degan muammo hanuzgacha hal etilmagan. Bizningcha, ko`proq yerdan foydalanish huquqi bo`lgan. Bu mintaqada yerni suvdan ajratib bo`lmaydi.
Ilk feodal munosabatlar va shu davrdagi iqtisodiy g`oyalarning asosi qur'oni karimda (arabcha qiroat, ya'ni o`qish) aks etgan (VII-VIII asrlar). VI asrning oxiri-VII asrning boshlarida Arabistonda feodal munosabatlarning shakllanishi tufayli yagona davlat barpo etishga da'vat kuchaydi. Bu harakat so`nggi din - Islomda o`z aksini topdi. Islom ta'limoti payg`ambarimiz Muhammad alayhissalomga Alloh taolo tomonidan nozil qilingan Qur’oni karimda mujassamlangan. Yagona to`g`ri din bo`lgan Islomdagi yo`l-yo`riqlar hayotning barcha sohalarini qamrab olgan bo`lib, shu jumladan iqtisodiyotga doir masalalarga ham keng o`rin berilgan. Qur'oni Karimdagi asosiy g`oyalardan biri barcha musulmonlarning qardoshligi bo`lib, arab qabilalari shu bayroq atrofida birlashdi. Halol mehnat, dehqon, hunarmandlar mehnati ulug`landi, barcha boylik shu asosda paydo bo`lishi uqtirildi. Bu muqaddas kitobda Alloh taolo savdoga katta ahamiyat bergan, sudxo`rlikni, ya'ni ribo' (sudxo`rlik foizi) ni harom qilgan, mulkning muqaddasligini, birovning mulkiga xiyonat va hatto hasad qilishni katta gunoh degan. Islomda jamiyatning tengsizligi taqdiri azaldan deb tan olinadi, ammo halollik va to`g`rilikka buyuriladi va yolg`on ishlatish, o`g`rilik va mehnatsiz daromad topish man qilinadi. Alloh taoloning Qur'oni Karimda qarz olish va berish, merosni taqsimlash (4-sura, 8-oyat), yetim-esirlarga muruvvat, xayr-ehson qilish (3-sura, 128-oyat) haqidagi oyati karimalaridan kelib chiqadigan g`oyalar hamda soliq turlari va miqdori ham katta ahamiyat kasb etadi. Yetimlar haqiga xiyonat qilish eng katta gunohlardan deb e'lon qilingan. Shuningdek, o`zaro yordam ham (5-sura, 3-oyat) zarur, lekin yomon ishlarda va dushmanlikda emas deyiladi. Oyati karima va hadisi shariflarda turli kasblarni egallash, ayniqsa dehqonchilik, qo`ychilik bilan shug`ullanish, mehnat qilish zarurligi marhamat qilingan.
Islom aqidasida isrofgarchilikka qarshi kurash Qur'oni Karimdagi "Yenglar, ichinglar, hadya qilinglar, ammo isrof qilmanglar", degan oyatlar asosida olib boriladi (bu hozirgi davrda eng dolzarb masalaga aylangan). "Daryo bo`yida tahorat qilsalaringiz ham suvni isrof qilmanglar", kabi qoidalar aynan hozirgi zamon iqtisodiyoti va ekologiyasi uchun nihoyatda ahamiyatli.
Islom huquqshunosligida foyda miqdori 10 foiz qilib belgilangan (buni boshqa fikrlar bilan solishtiring).
Sharq iqtisodiy tafakkurining rivojlanishida arab mutafakkiri Ibn Xaldun Abdurrahmon Abu Zayd (1332-1406)ning hissasi benihoya katta (Tunisda tug`ilgan, Fes sultonida hattot-kotib bo`lgan). 1382 yili Qohiraga kelib mudarrislik qilgan, keyinroq qozi bo`lgan. Asosiy asari "Kitob-ul-ibar" ("Ibratli misollar kitobi"-1370y.). U birinchilardan bo`lib tarixiy ijtimoiy taraqqiyotning moddiy tamoyillarga asoslanishi haqida fikr yuritdi, G`arb olimlari Makiavelli, Monteskyega katta ta'sir ko`r-satdi.
Olimning konsepsiyasi "ijtimoiy tabiat" ga yaqin, jamiyat rivoji (evolutsiyasi) oddiylikdan sivilizatsiya saridir.
Ibn Xaldunning bu asaridan tarjima "Ijtimoiy fikr" jurnalining 1998 yil 1-sonida (158-165-betlar) keltiriladi. Asarning "Kitobi avval" qismida "Inson jamoasining farqli tomonlarini: shohlik hokimiyati, odamlarning daromadlari" ni o`rganish asosiy vazifa qilib qo`yilgan. Olim: "Insonga xos bo`lgan jihatlarga yashash uchun mablag`, narsa topishga intilish, bu uchun mehnat qilish zarurati ham kiradi", deb yozadi. Davlatning yashash davr va bosqichlari keltiriladi, u beshga bo`linadi va nihoyatda ibratlidir. Mehnat qilinmasa, "bozor munosabati ham barham topadi".
"Davlatning kuchi va qudrati, aholining soni boylik va faro-vonlikka bog`liqdir", deb yozadi olim. Soliqlar zarurligi uqtiriladi, soliqlar yana aholining o`ziga qaytib keladi. "Aholining boylik manbayini bozor va savdo munosabatlari tashkil etadi", deganda olim xuddi bugungi iqtisodiy g`oyani qo`llab-quvvatlaydi. Merkantilistik g`oya klassik maktab fikrlari bilan to`ldiriladi. "Savdogar moliga narx qo`yishda barcha sarf-xarajatlarni hisoblab narx yozadi". Olimning bexosiyat, mevasiz daraxtlar ekishdan chetlanish haqidagi fikri ham qimmatlidir.
Soliqlarni faqat davlat, ayrim hukmdorlar foydasiga yig`ish jamiyat tanazzumiga olib kelishi aytiladi.
Ibn Xaldun dastlab birgalikda "ishlab chiqarish" faoliyatiga katta e'tibor berdi, jamiyat moddiy qiymatlar "ishlab chiqaruvchilar" jamoasidan iborat deydi. U "Odamning kelib chiqishida mehnatning o`rni"ni ochib berishga harakat qilgan. Hunarmandchilik, fan va san'atning rivoji bevosita "mehnat unumdorligining o`sishi" bilan bog`liq deydi. "Oddiy" va "murakkab" mehnat farqlangan, mehnat bo`lmasa, buyum ham bo`lmas edi, degan muhim xulosa chiqariladi. Olim fikrlarida "zaruriy" va "qo`shimcha mahsulot", "zaruriy va qo`shimcha mehnat" tushunchalari farqlanadi. U "tovarning iste'mol qiymati" va "qiymat" tushunchalarini ta'rifladi. Zamon va makonda o`z zamondoshlaridan ancha ilgari bu g`oyalarni berdi."Oldi-sotdi bitimi asosida teng ayirboshlash qoidasiga amal qilinishi kerak, bunda sarflangan mehnatning teng yarmi ayirboshlanadi", "agar bu hunarmandchilik mahsuli bo`lsa - unga sarflangan mehnatiga teng", "daromad qiymati esa sarflangan mehnat ushbu buyumning boshqa buyumlar ichida tutgan o`rni va uning odamlarga zarurligi bilan belgilanadi". Bunda tovarlarni tenglashtirish mehnatni tenglashtirish shaklida yuzaga chiqadi, ya'ni mehnatning roli va tovarning foydaliligi ham hisobga olinmoqda, bu juda muhim.
Qishloq xo`jaligi va hunarmandchilik bilan birga savdoni hayot uchun tabiiy zarurat deb bilgan va fiziokratlardan ilgarilab ket-gan.
Tovar qiymatiga xomashyo qiymati, mehnat vositalari, oraliq tovar ishlab chiqaruvchilar mehnatining qiymati kiradi. U aytadiki, ayrim hunarlar boshqa hunarlarni o`z ichiga oladi: masalan, duradgor yog`ochdan ishlangan buyumlarni, to`quvchi yigirilgan ipni ishlatadi va hokazo, ya'ni ishlab chiqarishning ijtimoiyligi isbotlab beriladi. Tovar-pul munosabatlari tahlil etilgan, narxlar bozorga olib chiqilgan tovarlar massasi (talab-taklif)ga bog`liqligi aytilgan. Nonga baholarni mo`tadil ushlab turish, farovanlik manbayi ekanligi ko`rsatiladi. Soliq tizimini tartibga solish kerakligi qayd etiladi; uningcha soliq pasayishi ijtimoiy hayotni yuksaltiradi.
Bundan deyarli 600 yil avval bozor tushunchasiga izoh beriladi. Ibn Xaldun fikricha: "Bozor - bu hunarmandchilikni mukammallashtirish va mehnat unumdorligini oshirishning garovidir".
Shunisi diqqatga sazovorki, Ibn Xaldun (asli arab) tarix taqozosi bilan Amir Temur bilan Damashqda uchrashgan (asir tushgan) va u bilan suhbat qurgan. Ko`p sohalarda, jumladan iqtisodiyotga oid asarlar muallifi, katta domla ekanligini bilib qolgan Amir Temur Ibn Xaldunni asirlikdan qutqarib, o`z vataniga qaytishga va ijodiy ishini davom ettirishga imkon bergan. Bu olijanoblik ilmga bo`lgan hurmat ramzidir.
Dostları ilə paylaş: |