Ong-tafakkur va borliqning birligi. Tafakkur uslubining asosiy jihatlari.
Ongning strukturasi. Ong qanday strukturaga ega? Ong strukturasi ko‘p jihatdan shartlidir. Gap shundaki, ong elementlari bir-biri bilan uzviy bog‘langan. Ammo, shunga qaramay, ongda quyidagi elementlarni ajratish mumkin:
Birinchi element – bilim. Bu ongning bosh tarkibiy elementi, uning o‘zagi, mavjudlik vositasi. Bilim – bu insonning voqelik haqidagi tushunchasi. Inson ongida bilim anglab etilgan hissiy va mavxum mantiqiy obrazlar sifatida aks etadi. Bilimlar yordamida inson o‘zini qurshagan dunyoni va bilishning predmetini to‘laligicha qamrab olishi va anglab etishi mumkin. Bilim ongning moddiy faoliyat vositasida dunyoni izchillik bilan yaratish imkoniyati, voqealar rivojini nazarda tutish, ijodiy faollik ko‘rsatish kabi xossalarini belgilaydi. Boshqacha qilib aytganda, ong – bu bilimlar shaklidagi voqelikka inson ehtiyojlarini hisobga olgan holda yondashishdir.
Ong strukturasining ikkinchi muhim elementi emotsiyalardir. Inson o‘zini qurshagan dunyoni sovuqqonlik va befarqlik bilan emas, balki qoniqish, nafrat yoki hamdardlik hissi bilan anglab etadi. U o‘z ongida aks etgan hamma narsani his qiladi. Emotsiyalar borliqning real hodisalarini individ anglab etishini yo rag‘batlantiradi, yo bunga to‘sqinlik qiladi. Ko‘zni quvontiradigan narsalar xotiraga osonroq o‘rnashadi. Ammo ba’zan dunyoning «ko‘zni quvontiradigan» manzarasi o‘ziga mahliyo qilishi, illyuziyalar tug‘ilishiga sabab bo‘lishi ham mumkin. Ayrim, ayniqsa salbiy emotsiyalar aqlning teranlik darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, qo‘rquv hissi inson yuz berayotgan hodisalarni anglab etishi yo‘lida to‘siqqa aylanishi mumkin. Shaxsning eng muhim ijtimoiy va ekzistensial qadriyatlar bilan aloqalari anglab etilishi natijasida shakllanadigan ma’naviy tuyg‘ular (masalan, muhabbat tuyg‘usi) emotsiyalarning oliy darajasi hisoblanadi. Tuyg‘ular moddiy mazmunga egalik, turg‘unlik, real vaziyatga bog‘liq emaslik bilan tavsiflanadi. Emotsiyalar sohasi inson ongining barcha harakatlariga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi, uning faoliyati uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.