O’zbekiston falsafa jamiyati. 1973 yilda O’zbekiston falsafa jamiyati tashkil qilingan va uning raisi etib Ibrohim Mo’minov saylangan. I.Mo’minov vafotidan so’ng, 1974-1980 yillarda “Muzaffar Xayrullayev, 1980-1986 yillarda Q.Xonazarov, 1988-1990 yillarda Erkin Yusupovlar O’zbekiston falsafa jamiyati” raisi lavozimida ishlar ekanlar, asosiy e’tiborni O’zbekistonda yashab ijod qilayotgan faylasuflarning ijodiy hamkorligini ta’minlash, ularning ajdodlarga munosib avlod ekanligini dunyo hamjamiyatiga tanishtirishga qaratdilar. Shu bois o’zbek faylasuflari muntazam xalqaro konferensiyalar va falsafa kongresslarida ishtirok etganlar. 1990 yildan buyon Said Shermuxamedov rahbarligida O’zbekiston falsafa jamiyati huzurida «Falsafa fanining dolzarb muammolari» bo’yicha doimiy respublika ilmiy nazariy seminari tashkil etilgan. Unda respublikamizning taniqli faylasuflari shuningdek, boshqa fan vakillari XXI asr fanining dolzarb muammolari bilan bir qatorda, ma’naviy yuksalish, jamiyatni demokratlashtirish va modernizasiyalashning ustivor yo’nalishlari haqida fikr almashadilar. 2001 yilda YuNESKO qaroriga binoan har yili noyabr oyida nishonlanadigan “Jahon falsafa kuni” arafasida falsafa fani rivojiga hissa qo’shgan yetakchi olimlar va yosh tadqiqotchilar munosib taqdirlanib kelmoqda. Yoshlarda falsafiy mushohada yuritishni takomillashtirish maqsadida “Aql mashqi”, “Tafakkur shaydolari” kabi to’garaklar tashkil qilingan. Shu bilan birga respublika falsafa kafedralari faoliyatini o’rganish bo’yicha “Eng yaxshi kafedra”,”Eng yaxshi darslik”, “Eng yaxshi talaba referati” nominasiyalari bo’yicha tanlovlar e’lon qilinib, munosib topilganlari taqdirlanmoqda.
O’zbekiston faylasuflari milliy jamiyati.1998 yilda tashkil qilingan, 2001 yilgacha uning raisi Inomjon Rahimov bo’lgan. 2001 yildan O’FMJ raisi Q.Nazarovdir. Jamiyat qoshida tashkil etigan nashriyotda falsafa, milliy g’oya va mafkuraga oid yangi turkum adabiyotlarni yaratish, nashr qilish va ular orqali aholi turli qatlamlari ongida mafkuraviy immunitetni shakllantirishda faol ishtirok etish bilan shug’lulanmoqdalar.
Mustaqillik yillarida falsafa fani yanada ravnaq topdi. Falsafa ilmini rivojlantirish maqsadida viloyatlarda, xususan, Qoraqalpog’iston Davlat universitetida, Buxoro Davlat universitetida, Samarqand Davlat universitetida, Toshkent Davlat sharqshunoslik institutida “Falsafa” bo’limlari tashkil qilingan va unda yetakchi mutaxassislar faoliyat olib bormoqdalar.