2-MAVZU. O‘ZBYEKISTONDA DAVLATNING DIN VA DINIY TASHKILOTLAR BILAN MUNOSABATI
Reja:
Davlat va din o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishning tiplari.
O‘zbekistonda vijdon erkinligini ta’minlanishi.
O‘zbekistonda davlat va diniy tashkilotlar o‘rtasidagi munosabatlar.
Tayanch tushunchalar: diniy tashkilotlar, diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organlari, konfessiya, masjid, vijdon erkinligi, e’tiqod erkinligi, dahriy – ateist, dinning davlatdan ajratilish, sekulyarizm.
Mavzu o‘quv maqsadi: Talabalarda davlat va din munosabatlarining jahonda tarqalgan shakllari, O‘zbekiston Respublikasida davlat va din munosabatlarining o‘ziga xos jihatlari, vijdon erkinligining mazmun-mohiyati, O‘zbekiston Respublikasida diniy takshilotlar faoliyatining qonunchilik asoslari haqida bilimlarini oshirish.
Davlat va din o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishning tiplari. Rivojlangan demokratik yo‘ldan ketayotgan davlatlarning hozirgi zamonda dinga munosabati asosan vijdon erkinligini ta’minlash va diniy bag‘rikenglikka asoslangan. Shunga qaramay, bugungi kunda davlat va din o‘rtasidagi munosabatlar o‘z mazmuni, mohiyati, shakllari va usullariga ko‘ra turli davlatlarda o‘ziga xoslikka ega hamdir. Shu munosabat bilan din va davlat o‘rtasidagi munosabatning tiplari, modellari haqida fikr yuritish mumkin.
Hozirda davlat bilan din (diniy tashkilotlar) o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishning turli shakllari mavjud bo‘lib, ular bugunga kelib quyidagi uchta asosiy turkumga ajratiladi:
Davlat cherkovi modeli – identifikatsion model. Bunday modelni biz, misol uchun, Daniya, Angliya, Gretsiya, Shvetsiya, Finlyandiya, Norvegiyada (ya’ni Yevropa ittifoqining deyarli uchdan bir qismida) kuzatishimiz mumkin.
Separatsion, ya’ni davlat dindan ajratilganligiga asoslangan model. Davlat bilan din o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishning bu turi AQSh, Fransiya, Niderlandiya mamlakatlarida keng tarqalgan.
Kooperatsion – neytralitet modeli. Germaniya, Ispaniya, Italiya, Belgiya, Lyuksemburg, Avstriya kabi mamlakatlarida o‘z aksini topgan.
Dastlab davlat va din o‘rtasidagi munosabatning identifikatsion modeliga to‘xtalamiz. Mazkur model muayyan tarixiy shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda, Yevropaning ayrim mamlakatlarida hamon davlat dinini rasmiy belgilash prinsipiga amal qilishmoqda.
Hozirgi kunda anglikan cherkovi (rasmiy nomlanishi – Angliya cherkovi) davlat maqomiga egadir. Parlament monarxiyasi yagona konstitutsiyaviy hujjatga ega bo‘lmasa-da, mamlakatda diniy tashkilotning o‘rni-mavqei bir qator parlament qonunlari hamda davlat bilan diniy tashkilot o‘rtasidagi kelishuv-bitimlari bilan belgilanadi. Shunday hujjatlardan muhimi – 1534 yili qabul qilingan «Suprematiya (ustuvorlik) to‘g‘risidagi akt»dir. Unga binoan qirol anglikan cherkov rahbari bo‘lib hisoblanadi (1952 yildang buyon – qirolicha Yelizaveta II). Monarx hukumat vakili tavsiyasiga binoan yepiskoplarni tayinlaydi. Bunday yepiskoplarning aksariyat qismi lordlar palatasining a’zolaridir.
Barcha din xizmatchilaridan san (diniy unvon)ga bag‘ishlash jarayonida qirolga itoatkorlik to‘g‘risida qasamyod qilishi talab etiladi. Barcha diniy tashkilot hujjatlari, shuningdek anglikan cherkovining Bosh sinodi qarorlari, qonuniy kuchga kirishidan avval, parlament tomonidan tasdiqlanishi va qirol tomonidan ma’qullanishi lozim. Anglikan cherkovi xizmatchilari tomonidan rasmiylashtirilgan nikohlar yuridik kuchga ega. Diniy tashkilot o‘zining barcha mablag‘larini bevosita emas, balki «Cherkov vakolatdorlari» nomli davlat moliyaviy tashkiloti orqali tasarruf etadi. Bu tashkilot qo‘lida Angliya cherkoviga rasmiy tegishli bo‘lgan barcha moliya-mablag‘lar to‘planadi.
Shvetsiya, Daniya va Norvegiyada diniy tashkilotning maqomi boshqa mamlakatlarda bo‘lgan maqomidan jiddiy farq qiladi. Skandinaviya mamlakatlarining xarakterli belgisi – protestantizmning qat’iy ustuvorligi hisoblanadi - bu mamlakatlarda aholining 90 foizidan ko‘prog‘i protestant cherkoviga mansubdir.
Yaqin va O‘rta sharq mamlakatlarining aksariyatida davlat dini sifatida islom dini e’tirof etilgan bo‘lib, bu haqda ularning nomlarida ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan bo‘ladi: Pokiston Islom Respublikasi, Eron Islom Respublikasi. Shu bilan birga islom Misr, Iroq, Jazoir, Tunis va Iordaniyada ham davlat dini sifatida e’tirof etilgan.
1979 yili 23 dekabrda tasdiqlangan Eron Islom Respublikasining Konstitutsiyasida aytilishicha, «Eronda rasmiy din sifatida 12 ta imomlarning mavjudligini nazarda tutuvchi, jafariya mazmunidagi islom dini davlat dini sifatida e’tirof etilgan bo‘lib, bu qoida abadiy o‘zgarmas bo‘lib qoladi» (12-modda). Barcha fuqarolik, moliyaviy, iqtisodiy, ma’muriy, madaniy, harbiy, siyosiy va boshqa qonunlar va qoidalar islom normalari asosida belgilanishi lozim (4-modda).
Qirol bir vaqtning o‘zida hukumat rahbari, oliy bosh qo‘mondon va diniy rahbar sifatida namoyon bo‘ladigan, mutlaq teokratik monarxiyaga misol qilib Saudiya Arbistonini keltirsa bo‘ladi. Bu mamlakatda Konstitutsiya mavjud bo‘lmay, uning o‘rnini qirollik dekretlari chiqariladi. Saudiya Arabistonida islomdan boshqa dinga itoat qiladigan mahalliy aholi yo‘q. Musulmonlar Qur’on ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilishi lozim: Allohning yagona hudoligini, Muhammad (alayhis-salom) Allohning payg‘ambari ekanligini e’tirof etishi, besh vaqt namozni kanda qilmasligi, zakot solig‘ini to‘lab borishi, ramazon oyida o‘ttiz kunlik ro‘za tutishi hamda muqaddas shaharlar – Makka va Madinaga hijrat qilishi (haj). farz, ya’ni shartdir.
Suadiya Arabistonida sud hokimiyati asosan shariat sudlari tomonidan Qur’on ko‘rsatmalariga amal qilgan holda amalga oshiriladi.
Isroilda esa iudaizm davlat dini bo‘lib, bu mamlakatda din davlat mexanizmining bir qismi sifatida o‘zining aksini topgan. Mamlakatda yagona konstitutsiya mavjud bo‘lmay, uning o‘rniga Knesset tomonidan qabul qilinadigan qonunlar amal qiladi. 1952 yilgi qonunga binoan Isroil fuqaroligi iudaizmdan boshqa dinga e’tiqod qiluvchi yoki umuman hudoga ishonmaydigan yaxudiylarga berilmaydi. Sinagoga va ravvinatning jamiyatning turli sohalardagi aralashuvi nihoyatda keng bo‘lib, ular o‘zlari tomonidan chiqarilgan turli ko‘rsatmalar orqali e’tiqod qiluvchi hayotining turli jabhalarini tartibga soladi.
Ayrim mamlakatlarning konstitutsiyalarida diniy tashkilotning davlatdan ajratilganligi (separatsion model) mustahkamlangan bo‘lib, bunda davlat dinni o‘z fuqarolarining shaxsiy ishi sifatida ko‘radi va buni «erkin jamiyatda erkin e’tiqod» degan ibora bilan izohlasa bo‘ladi.
Tarixining boshlanishidan ko‘p konfessiyali davlat bo‘lmish AQShda, bir-birining ishlariga ikki tomonlama aralashmaslik, diniy jamoalarning erkinligi, barcha konfessiyalarga nisbatan davlatning aralashmasligi nazarda tutilgan diniy tashkilotning davlatdan qat’iy ajratilishi prinsipi keng yoyilgan.
Diniy tashkilotning davlatdan ajratilishi prinsipi boshqa shaklda ham namoyon bo‘lishi mumkin. Yevropada bunday tizim diniy tashkilotga qarshi kurash jarayonlari natijasi sifatida shakllandi. XIX asr davomida Fransiyada davlat-din munosabatlari hamkorlikdan butunlay uzilishga qadar o‘zgarib, 1905 yildan cherkov davlatdan rasmiy ravishda ajratiladi. Shunga bog‘liq ravishda 1905 yili qabul qilingan qonun quyidagilarni tan oladi:
Vijdon va e’tiqod erkinligi;
Diniy tashkilotlar yoki ularning moliyaviy qo‘llab-quvvatlanishini davlat tomonidan tan olinishining taqiqlanishi;
Barcha dinlarga, hech bir istisnosiz teng munosabatda bo‘lish.
Fransiyaning dinning davlatdan ajratilishi to‘g‘risidagi qonuni diniy marosimlarni va odatlarni bajo keltirish jamoat tartibini muhofaza qiluvchi hokimiyatlar ruxsati va nazorati bilan amalga oshirilishini belgilab qo‘ydi.
Kooperatsion, ya’ni neytralitet modeli GFRda yaqqol namoyon bo‘lgan. Davlat bilan diniy tashkilot o‘rtasidagi munosabatlar davlat hokimiyatining ustuvorligi e’tirof etilgan, davlat-cherkov huquqiga o‘sib chiqdi. XIX asrda Diniy tashkilot tomonidan o‘zini-o‘zi belgilashga bo‘lgan huquqining tan olinishi davlat bilan din o‘rtasida o‘zaro faoliyat doirasining yanada aniq belgilab olinishini belgilab berdi.
Veymar Konstitutsiyasi davridan boshlab Germaniyada davlat-cherkov munosabatlari sekulyar bo‘lib qolgan davlat bilan cherkov erkinligi o‘rtasidagi muayyan masofa bilan xarakterlanadi. Hozirgi kunda bunday masofani «neytralitet» termini bilan atash odat bo‘lgan.
Hozirgi kunda davlat-cherkov munosabatlari GFR Asosiy qonunining 140-moddasi bilan tartibga solinadi. O‘z navbatida konstitutsiyaning mazkur moddasi 1919 yilgi Veymar Konstitutsiyasining 136-139, 141- moddalaridan tashkil topgan.
Bu boradagi asosiy qoida 137-moddada o‘z aksini topgan bo‘lib, unga binoan davlat cherkovi umuman mavjud emas.
GFRda diniy mashg‘ulotlar davlat bilan cherkov o‘rtasidagi o‘zaro munosabatning o‘ziga xos ifodasi bo‘lib, diniy mashg‘ulotlar davlat bilan cherkovning umumiy ishi sifatida e’tirof etiladi. GFR Konstitutsiyasining 7-moddasiga binoan, ommaviy maktablarda diniy ta’lim, nokonfessional maktablardan tashqari, majburiy predmet bo‘lib hisoblanadi.
Ko‘rib chiqilayotgan model doirasida 1920 yilgi Avstriya konstitutsiyasi ham muayyan qiziqish kasb etadi. Unda ham vijdon va e’tiqod erkinligi to‘la e’tirof etiladi. Avstriyada ham, GFRda bo‘lgani kabi, cherkov davlatdan ajratilmagan. Katolik cherkovi umumdavlat maqomiga ega bo‘lmasa-da, diniy sohada hukmronlik qiladi va mafkuraviy hayotning turli jabhalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. E’tiqod qiluvchilarning tahminan 90% ni katoliklar tashkil etadi.
Xorijiy mamlakatlarda diniy tashkilotlarning huquqiy maqomini, davlatning dinga, vijdon va e’tiqod erkinligiga bo‘lgan munosabatini tartibga soluvchi konstitutsiyaviy va qonunchilik normalari nihoyatda turli-tumandir. Konstitutsiyalar odatda, diniy tashkilot bilan davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabat asoslari, jamiyatda dinning tutgan o‘rni bilan bog‘liq masalalarni tartibga soluvchi maxsus moddalarni, ayrim hollarda esa bir-butun bo‘lim va boblarni ham o‘zida aks ettiradi. Umuman olganda esa, konstitutsiyalar konfessiyalar va e’tiqod qiluvchilar huquqlarining kafili bo‘lib hisoblanadi.
O‘zbekistonda tarkib topgan davlat va din o‘rtasidagi munosabat o‘z mohiyati, mazmuni va huquqiy asoslariga ko‘ra separatsion modelga, ya’ni davlatdan din, maktabdan din ajratilganligi va vijdon erkinligi, konfessional bag‘rikenglik ta’minlanganligiga asoslanadi.
O‘zbekiston dunyoviy davlat bo‘lib, mamlaktimizda din davlatdan alohida bo‘lib, bu haqda mamlakatimiz Konstitutsiyasining 61-moddasida shunday deyiladi: «Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmaydi».
Bu g‘oya «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonunning 5-moddasida ham mustahkamlangan bo‘lib, unda ham dinning davlatdan ajratilganligi, hech bir dinga yoki diniy e’tiqodga boshqalariga nisbatan biron-bir imtiyoz yoki cheklashlar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilgan. Bu esa mamlakatimizda davlatning diniy ishlarga, dinning esa davlat ishlariga (qonun hujjatlarida ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasno, albatta) aralashmasligini anglatadi.
Buning zamirida davlat tomonidan turli dinlarga e’tiqod qiluvchi va dinga e’tiqod qilmaydigan fuqarolar, shu kabi tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashishi, ular o‘rtasida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan qarama-qarshilik va keskinliklarning oldini olishi, diniy konfessiyalar o‘rtasidagi tinchlik va totuvlikni qo‘llab-quvvatlashi, diniy tashkilotlar zimmasiga davlat o‘zining hech qanday vazifasini bajarishni yuklamasligi, ularning qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan faoliyatiga aralashmasligi kabilar yotadi.
Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi demokratik prinsiplarga sodiqligini ifodasi sifatda davlatning din va diniy tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatda quyidagi pritsiplarga amal qilishini e’lon qildi:
dindorlarning diniy tuyg‘ularini hurmat qilish;
diniy e’tiqodlarni fuqarolarning yoki ular uyushmalarining xususiy ishi deb tan olish;
diniy qarashlarga amal qiluvchi fuqarolarning ham, ularga amal qilmaydigan fuqarolarning ham huquqlarini teng kafolatlash hamda ularni ta’qib qilishga yo‘l qo‘ymaslik;
ma’naviy tiklanish, umuminsoniy axloqiy qadriyatlarni qaror toptirish ishida turli diniy uyushmalarning imkoniyatlaridan foydalanish uchun ular bilan muloqot qilish yo‘llarini izlash zarurati;
dindan buzg‘unchilik maqsadlarida foydalanishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini e’tirof etish.
Yuqoridagilarga asoslangan holda, xulosa qilish mumkinki, biz yuqorida tahlil etgan davlat va din o‘rtasidagi munosabatning uch modeli davlat va din o‘rtasidagi munosabatning turli-tuman qirralarini jihatlarini va xossalarini to‘laligicha qamrab ololmaydi. Davlat va din o‘rtasidagi munosabatning bir modelida boshqa model elementlari ham uchrab qolishi mumkin. Shu jihatlarni hisobga olgan holda ayish mumkinki, davlat va din o‘rtasidagi munosabatning qaysi modelda bo‘lishi shu davlatning taraqqiyoti, undagi aholining mentaliteti, dinning xususiyati, mamlakatdagi demokratik vaziyat, inson huquqlarining ta’minlanganligi, xalqaro ahvol, jamiyatning onggi kabi omillar ta’sir etishi shubhasizdir.
Dostları ilə paylaş: |