Reja: Savod o‘rgatish, uning maqsad va vazifalari.
Savod o‘rgatish metodlari.
O‘qish va yozish nutq faoliyatining turi.
O‘zbek tilining tovush tuzilishi va grafikasi.
O‘qish va yozish jarayoniga psixo-fiziologik tavsif.
O‘qish va yozishga o‘rgatishning o‘ziga xos xususyatlari, ahamiyati.
Tayanch atamalar: nutq faoliyati turlar, o‘qish malakasi, tovush yozuvi, bo‘g‘in-tovush tahlili, tovush-harf tahlili, bo‘g‘inlab o‘qish tamoyili, harflarning 4 variantini yozish tamoyili, bo‘g‘inga bo‘lish, fonematik eshitish qobiliyati, imloviy malaka, o‘qish, yozish, savod o‘rgatish, metod, alifbe, bo‘g‘in, analitik o‘qish, o‘qish va yozuvga psixo-fiziologik tavsif.
Maktabda o‘qitish elementar o‘qish va yozishga o‘rgatishdan boshlanadi. “Alifbe”ga asoslangan holda qisqa muddatda o‘quvchilar o‘qish, yozishga o‘rgatiladi, so‘ng o‘qish va yozish ko‘nikmasi takomillashtiriladi, bora-bora malakaga aylantiriladi.
O‘qish va yozish malakasi nutqqa oid malaka. O‘qish va yozish malakasi nutq faoliyatining boshqa turlari bilan ham bog‘liq. Malakaning shakllanishi uchun bir faoliyat bir necha marta takrorlanishi mumkin.
O‘zbek tili yozuvi – tovush yozuvi. Yozuvda o‘quvchi tovushni harfga, o‘qishda esa harfni tovushga aylantirishdek murakkab aqliy faoliyatni bajaradi. Bu faoliyat doimiy ravishda yuz berishini nazarda tutib, o‘qish va yozish parallel olib boriladi.
O‘zbek tili yozuvi – fonematik yozuv. O‘zbek tili yozuvi uchun 1993-yil lotin grafikasi asos qilib olindi. Nutqning har tovushi uchun yozuv unga mos shakl qabul qilindi.
O‘qituvchi savod o‘rgatish jarayonida o‘quvchilarga tovushlar haqida ma’lumot berishda o‘zbek tilining fonetik xususiyatlarini hisobga olishi zarur.
Savod o‘rgatish analitik-sintetik tovush metodida olib boriladi. So‘z bo‘g‘inga ajratiladi, bo‘g‘indan kerakli – o‘rganilayotgan tovush ajratilib olinadi, tahlil qilinadi, o‘rganilgan harf bilan sintezlanadi.
Hozirgi o‘zbek tili unlilar sistemasi: a) o, u, o‘, e, i, a. Savod o‘rgatishda tovush-harf bilan tanishtirish unlilardan boshlanadi.
E – harfi so‘z va bo‘g‘in boshida o‘rta keng lablanmagan unli o‘rnida va undoshdan keyin yoziladi:
Savod o‘rgatishda oldin so‘z boshida keladigan e, so‘ng undoshdan keyin keladigan e o‘rgatiladi.
O harfi o‘zbekcha, umumturkiy so‘zlarda quyi keng, lablangan o tovushini ifodalaydi. Ruscha – internasional so‘zlarda urg‘usiz bo‘g‘inda a tarzida (kalxoz), o‘ tovushi kabi (to‘nna), qisqa i tarzida (rektir) talaffuz qilinadi. SHuning uchun bu unlili so‘zlar savod o‘rgatish davridan so‘ng o‘quv jarayoniga kiritiladi.
O‘zbek tilida 24 undosh tovush bor. Shulardan 3 tasi harf birikmasi. 24 undosh tovush 23 undosh harf bilan belgilanadi. Undoshlarni o‘rgatishda ham muayyan tartibga, talabga asoslanadi.
Alifbo davri sonor – ovozli (ovozdor) tovushlarni o‘rgatishdan boshlanadi. Lekin ng sonor undoshi n va g undoshi tovush harfi bilan tanishtirilgach o‘rgatiladi. Harf birikmalarini o‘rgatishdagi qiyinchilik hisobga olingan holda ular alifbe davrining oxirrog’ida o‘rganiladi.
J harfi ikki tovushni ifodalaydi, shuni hisobga olib, unga alohida darslar ajratiladi. Savod o‘rgatish jarayonidayoq harfning 4 xil varianti (bosma, yozma, bosh va kichik)ning ishlatilishi o‘rgatiladi.
O‘quvchilarni o‘qishga o‘rgatish bo‘g‘in asosida olib boriladi. O‘qishning dastlabki bosqichida orfografik o‘qishdan foydalanilsa sekin-asta orfoepik o‘qish ko‘nikmalari shakllantiriladi. Bo‘g‘inlab o‘qishga o‘rgatish uchun so‘zni bo‘g‘inga bo‘lish, bo‘g‘in hosil qiluvchi tovushni aniqlash, ochiq-yopiq bo‘g‘inlarni farqlashga o‘rgatish muhim sanaladi.
O‘qish ham yozish ham murakkab nutq faoliyati. U kichik yoshdagi o‘quvchidan iroda, aql, hatto jismoniy harakatni ham talab qiladi.
Kichik yoshdagi o‘quvchini o‘qishga o‘rgatishda quyidagilar kuzatiladi:
Bola o‘qish paytida bitta harfni ko‘radi, uni bilish uchun oldingi ko‘z oldiga keltirilgan rasmlarni yo boshqa harflarni eslaydi, esga tushirgach, uni aytishga oshiqadi, biroq o‘qituvchi aytishga yo‘l qo‘ymaydi, ikkinchi harfni eslab qo‘shguncha birinchisi esdan ko‘tariladi, yoki ularni qo‘shib bo‘g‘in, bo‘g‘indan so‘z hosil qilguncha o‘qish jarayoni sustlashadi.
Ko‘pincha bola o‘qiyotgan qatorni yo‘qotib qo‘yadi, harfni, bo‘g‘inni, so‘zni qayta o‘qishga to‘g‘ri keladi. O‘quvchining diqqati kengaygan sari bo‘g‘in va so‘zni butunicha idrok eta boshlaydi.
O‘qishni endi o‘rganayotgan bola o‘qiyotgan matn mazmunini o‘zlashtirmaydi, chunki so‘zni qanday o‘qishga kuch beradi-da, so‘z ma’nosiga e’tibor bermaydi. Darslikdagi rasmlar, o‘qituvchining savollari, ko‘rgazmali qurollar ongli o‘qishlarini ta’minlaydi.
Tajribasiz kitobxon so‘zni birinchi bo‘g‘iniga yoki rasmga qarab topadi. Bu xato o‘qishga olib keladi. Bu xatoning oldini olish uchun so‘z bo‘g‘inlab o‘qitiladi, so‘zni bo‘g‘in-tovush tomondan tahlil qilishga, tovush-harf tomondan analiz va sintez qilishga diqqat qaratiladi.
O‘qishni muvaffaqiyatli egallashlari uchun o‘quvchilarning idroki, xotirasi, tafakkurini va nutqini o‘stirishga katta e’tibor berish kerak. Savod o‘rgatishda fonematik eshitish qobiliyatlarini o‘stirish, to‘g‘ri va aniq talaffuz qilishga o‘rgatish, tovushni ajratish ko‘nikmasini o‘stirish muhim sanaladi.
Yozuvga o‘rgatish o‘quvchilar ruchkani to‘g‘ri ushlash, daftarni to‘g‘ri qo‘yish, harfni yozishda yozuv chiziqlari e’tibor bilan boshlanadi. Ular bo‘ylab qo‘lni harakatlantirishni esda saqlashi, harfni harfga ulashi, qatorga sig‘ish-sig‘masligi mo‘ljallanishi lozim. Bular o‘quvchini aqliy va jismonan charchatadi, ayniqsa, barmoq va elka muskullari charchaydi, bular darsda ikki-uch marta fizkultura mashqlarini o‘tkazishni taqozo qiladi.