2-mavzu: Verbal va noverbal muloqot tо‘g‘risida tushuncha, ularning psixologik mexanizmlari va muloqotda kommunikativ samaradorlik masalasi
Reja:
Verbal va noverbal muloqot tо‘g‘risida tushuncha.
Verbal va noverbal muloqotning psixologik mexanizmlari.
Verbal va noverbal muloqotda kommunikativ samaradorlik masalasi.
Insonning sezgirligi, intuitsiyaga egaligi haqida fikr yuritganimizda biz uning o‘zgalarning noverbal xatti-harakatlarini o‘qiy oladigan va ularni verbal signallar bilan taqqoslay oladigan kishilarni nazarda tutamiz. Boshqacha so‘z bilan aytganimizda, intuitsiyamiz bizga suhbatdoshimizning yolg‘on gapirayotganidan darak berganligini taʼkidlar ekanmiz, aslida bu holat uning aytgan so‘zlari va tana harakatlari o‘rtasidagi nomutanosiblikni sezganligimiz tufayli sodir bo‘ladi. Demak, intuitsiya yoki “oltinchi sezgi”ning paydo bo‘lishi uchun insonni o‘qish, uning noverbal xatti-harakatlariga baho bera olish borasidagi bilim va malakalarni rivojlantirish lozim bo‘ladi.
KOD – asosiy muloqot modelining muhim elementlaridan biri hisoblanadi. Kod xabar emas, lekin xabarni tashuvchi belgilardir. Asosiy muloqot kodining 3 xil turi mavjud:
Til (verbal kod). Og‘zaki yoki yozma so‘zlar fikrlar va tuyg‘ularni ifodalash uchun ishlatiladi.
Paratil (vokal – tovushga oid kod). Ovoz tembri, ohang, shovqin, urg‘u. Bular noverbal muloqot vositalariga ham mansub hisoblanadi.
Noverbal signallar (vizual kod). Yuz harakatlari, ko‘z aloqasi, imo-ishoralar, ko‘rinish, ofisning hajmi va joylashuvi, uchrashuvlarga yetib borish vaqti.
J.S.Philpopp (1983) olib borgan 23 ta tadqiqot natijasiga ko‘ra, verbal kod (til) ma’lumot jo‘natuvchi va qabul qiluvchi orasidagi axborotning 31 foizini, vokal (ovoz) va vizual kod (imo-ishora)lar esa 69 foizini taskil etadi.