Parvonachi – xon saroyidagi oliy vazirlardan biri. Parvonachi saroyning ichki va tashqi ishlarida ham faol qatnashishi mumkin bo‘lgan. U arzu-shikoyatlarni xonning huzuriga olib kirib, javobini qaytargan. Shuningdek, parvonachi xonning formonlarini saroy a’yonlariga yetkazib turgan.
Eshikoqosi – saroy darvozalarini qo‘riqlash ishlarini boshqargan. Oybolta uning mansab alomati bo‘lgan. Hukmdor saroyda bo‘lgan vaqtda eshikoqosi uni qo‘riqlash bilan shug‘ullangan. Eshikoqosi arzgo‘ylarning nima xususda kelganlarini surishtirib, ularni saroydagi tegishli amaldorlar tomoniga jo‘natar edi. Faqat juda muhim xabarlar bilan kelgan kishilargina xon huzuriga kiritilgan.
Saroyda darvoza ortida turadigan qorovullar va maxsus darvoza qo‘riqchilaridan tashqari xonni qo‘riqlaydigan tunqator yoki tunotarlar, ya’ni, kechasi bilan xonni qo‘riqlab chiqadigan xizmatchilar ham bo‘lgan.
Mahram – ishonchli xizmatkor, sidqidildan xizmat qiluvchi saroy ichkarisidagi xodim ma’nolarini anglatadi. Mahramlar xonga yaqin kishilar hisoblangan. Davlat boshqaruvida ular bevosita xonning maslahatchilari bo‘lishgan. Mahramlar xonning oromxonasiga kirish huquqiga ega bo‘lganlar.
Xiva xoni saroyida yana quyidagi unvon, mansab va vazifalar mavjud bo‘lgan: oftobachi, buxchabardor, soatbardor, kitobdor, mo‘zabardor (xon poyabzalini beruvchi), sharbatdor, mahram boshi (yuqori lavozim hisoblangan), to‘shakchi, karnaychi, surnaychi, jarchi, oshmehtar (xon va saroy oshxonasi boshlig‘i), sorbon (tuyachilar), kamon xalfa (ovchi, qushchi), merganlar, sayis (ot boquvchi), ko‘mirchi, kuchanchi (egar-jabduqchi), tamakisoz, loykash, kulol, xodimchi, ro‘molchi, selobchi (jom ushlab turuvchi), poyaki (chilimchi), aravachi, noschi, qilichkor (qilich va shamshir yasovchi), oshpaz, tovoqchi, darakchi (otchopar), jirchi (ashulachi), yo‘nuvchi (duradgor), devon (mirza), mushrif (ozuqa yig‘uvchi), bojbon (zakotchi) va boshq. Ularning barchasi saroy xazinasidan maosh olganliklari haqida ma’lumotlar bor. Saroydagi umumiy tartibni arbob nazorat qilgan.