2. Sotsiolingvistik metodlar



Yüklə 69,52 Kb.
səhifə4/5
tarix07.01.2024
ölçüsü69,52 Kb.
#205525
1   2   3   4   5
2. MA\'RUZA

Mikro sotsiolingvistika tilning kichik jamoalar (oila, ishlab chiqarishdagi guruhlar, bog‘cha, maktabdagi sinflar va h.k.)da ishlatilishi bilan shug‘ullanadi. Katta va kichik ijtimoiy jamoalar nafaqat miqdor, balki sifat nuqtayi nazaridan ham farqlanadi: kichik ijtimoiy jamoada (masalan, oilada, turli o‘yinlar va ishlab chiqarish guruhlarida) qo‘llanuvchi til qonuniyatlari ko‘pincha kattalar jamoasida “ishlamaydi” yoki u darajada ta’sir qilmaydi va aksincha.
Ko‘p yillar mobaynida sotsiolingvistikada keng miqyosdagi jarayon va munosabatlar obyekt qilib olingan tadqiqotlar asosiy o‘rinni egallagan. Ozchilikni tashkil qilgan guruhlarga aloqador lisoniy jarayonlar va munosabatlarga e’tibor berilmagan. Biroq bunday kichik guruhlarni sotsiolingvistik nuqtayi nazardan tadqiq etish zarurati haqidagi fikrlar ko‘p marta qayd qilingan. Bunday tadqiqotlarda insonning nutqiy muomalasi haqidagi qator muammolar to‘g‘ri yechimini topishi mumkin. Bundan tashqari individ nafaqat so‘zlovchi sifatida, balki ma’lum jumlalarni “yaratuvchi” sifatida ham aynan shunday kichik guruhlarda (butun jamiyatda emas) namoyon bo‘ladi7.
Mikro sotsiolingvistika, shubhasiz, tilshunoslikning sohasidir. Garchi u tilning kichik guruh ichida maxsus qo‘llanishini o‘rgansa-da, uning obyektini bevosita til tashkil qiladi. Biroq u inson haqidagi boshqa fanlar, eng avvalo, psixologiya va ijtimoiy psixologiya bilan chambarchas aloqada, chunki uning asosiy tushunchalari aynan shu sohalardan olingan.
Mikro sotsiolingvistika shug‘ullanadigan muammolarni ikki guruhga ajratish mumkin:
1) muayyan kichik ijtimoiy guruhda qanday til qo‘llanadi?
2) bu til shu kichik jamoa a’zolari tomonidan qanday ishlatiladi?
Bu savollarning javobi bir qarashda ma’lumday ko‘rinadi. Agar muayyan guruh qandaydir uni qamrab olgan jamiyat (millat, mamlakat, etnos va sh.k.) ichida mavjud bo‘lsa, guruh a’zolari guruh ichidagi muloqotda shu jamiyatda amalda bo‘lgan til hosilalaridan foydalanishi kerak.
Guruh a’zolari foydalanuvchi til umummilliy til bo‘lmaydi. Buni “oilaviy” deb ataluvchi tillarning mavjudligi isbotlaydi: umumiste’moldagi til vositalari bu o‘rinda muayyan transformatsiyaga uchraydi. Guruhlarda alohida “tillar”ning ishlab chiqilishini ham shunga qiyoslash mumkin: ishlab chiqarish, o‘yin, sport yoki boshqa biror bir qiziqishlari birlashtirgan jamoa a’zolarining tillari (bunda ijtimoiy va professional jargonlar emas, balki o‘ta tor doiradagi guruhlarda mavjud bo‘lgan o‘ziga xos muloqot vositasi nazarda tutiladi). Bunga guruh ichidagi muloqotda nutq qoliplarining shakllanishini misol qilib ko‘rsatish mumkin. Bu jamoaviy faoliyat jarayonida kishilar tomonidan muayyan xulq stereotiplari ishlab chiqiladi, guruh a’zolarining o‘zaro kommunikativ aloqalari nutq qoliplarining shakllanishiga olib keladi. Bunday qoliplar qatoriga alohida nutq birliklari, shuningdek, mazkur guruhning kommunikativ tajribasini aks ettiruvchi jumla va suhbatlarning turli qismlari, u yoki bu nutqiy aktlarning boshlanishi yoki tugallanishini ifodalovchi o‘ziga xos shakllar, badiiy asarlarda yoki biron bir guruh a’zosining og‘zaki gaplarini kiritish mumkin8.
Mikro sotsiolingvistikada nutqiy muloqotning diada va triada turlarini tadqiq etish keng tarqalgan. Masalan, shifokor va bemor, er va xotin, o‘qituvchi va o‘quvchi, sudya va sudlanuvchi yoki advokat va h.k. Bunday “mikroguruh” a’zolarining nutqiy muomalasini batafsil tadqiq etish natijasida muloqotchilarning turli darajadagi mavqeyi va rollarini boshqaruvchi nutqiy muloqot mexanizmlari ochib beriladi.
Nutqiy o‘zaro munosabatning bunday mikrotahliliga U.Labov va D.Fenshellarning “Терапевтический дискурс. Психотерапия как общение” асарини мисол сифатида кўрсатиш мумкин9. Mazkur asarda psixoterapevtning bemorlar bilan olib borgan suhbatlari asosida muloqotchilar nutqiy usulini xarakterlovchi umumiy qoidalar va uning verbal va noverbal (harakat, imo-ishora, o‘tirish holati va h.k.) ko‘rinishlari tadqiq etilgan.
Til tadqiqiga ijtimoiy nazar bilan yondashishning dastlabki bosqichida ijtimoiy-lisoniy aloqalar tahliliga aqliy yondashuv xos bo‘lib, mazkur sohaga tegishli daliliy materiallar hali yetarli emas edi. “Til-jamiyat” munosabatiga oid masalalar endigina o‘rtaga tashlangan va ular umumiy nuqtayi nazardan muhokama qilinar edi. Bunday tadqiqotlarga Y.D.Polivanov va A.Meyening ishlarini misol qilib keltirish mumkin.
Dastlabki sotsiolingvistik tadqiqotlar sotsiolingvistika nazariyasini shakllantirishda asos vazifasini o‘tadi. Sotsiolingvistik tadqiqotlarning mazkur yo‘nalishi, asosan, “til - jamiyat” munosabatlariga aloqador bo‘lgan umumiy muammolarning tadqiqi bilan shug‘ullanadi. Bu muammolar quyidagilardan iborat:
- tilning ijtimoiy hodisa ekanligi haqidagi umumiy tezis atrofida guruhlangan aksiomalar tizimini shakllantirish;
- til taraqqiyotiga xos qonuniyatlarni aniqlash va ularning ijtimoiy tabiatini isbotlash;
- til mavjudligining ijtimoiy shartlanganligini tekshirish, uning turli muloqot muhitlari va ijtimoiy vaziyatlarga bog‘liqligini ko‘rsatish;
- kommunikatsiya ishtirokchilarining ijtimoiy rollari tizimi yoki bu nutqiy aktlarni amalga oshirishdagi ijtimoiy-psixologik sharoitlar, so‘zlovchining bir koddan boshqasiga o‘ta olishi kabi qator omillarning ahamiyatini aniqlash va h.k10.
Sotsiolingvistikaning nazariyachilari tilning ijtimoiy omillariga ommaviy empirik materiallarni bog‘lash zaruratini dastlabki bosqichlardayoq anglab yetishgan edi. XX asrning 60-yillarida Rossiyada M.V.Panov, AQShda U.Labov bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan holda sotsiolingvistik tadqiqotlarning zaruriy bosqichi va muayyan nazariy asoslarni isbotlash usuli sifatida tajribaga murojaat qilishgan. Mazkur xatti-harakatlar tajribaviy sotsiolingvistikaning rivojlanishiga turtki bo‘lgan.
Zamonaviy sotsiolingvistik tajriba ulkan tashkiliy faoliyat va muayyan moliyaviy xarajatlarni talab qiladigan murakkab ishdir. Binobarin, tajriba o‘tkazuvchi tadqiqotchi kishilar nutqiy muomalasining o‘ziga xos tomonlari yoki lisoniy hamjamiyatlarni tashkil qilgan turli ijtimoiy guruhlar haqida imkon qadar xolis va yetarli ma’lumotlar olishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. O‘z navbatida, tajriba o‘tkazishning ishonchli vositalari, sinalgan usullar, maxsus tajriba dasturiga amal qiluvchi axborot beruvchi informantlar jamoasini to‘g‘ri tanlay olish ham muhim hisoblanadi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, fan tarixida qo‘pol sotsiolingvistik tajribalar ham o‘tkazilgan. R. Bell yarim hazil, yarim chin ma’noda ilk sotsiolingvist tajribachi sifatida galaadityan qabilasiga mansub qadimgi lashkarboshi Ieftayni ko‘rsatadi. U dushman “beshinchi kolonna” efremliklar qabilasi vakillarining o‘z harbiy kuchlariga kirib olishining oldini olish maqsadida Iordan daryosi kechuviga kelgan har bir jangchiga “shibbolet” (yahudiy tilida “oqim” degani) - deb aytishni buyurgan. Galaaditliklar “shibbolet” so‘zi boshidagi [v] tovushini qiynalmasdan to‘g‘ri talaffuz qilishgan, efremliklar esa uni talaffuz qila olishmagan. Bu tajribaning natijasi qonli bo‘lib, “shibbolet”ni galaaditcha aytolmagan 42 ming efremlik o‘z hayoti bilan vidolashgan11 .
Tajribaviy tadqiqotlarni o‘tkazish uchun maxsus uslublar majmuyi ishlab chiqilmoqda. Bunday uslublardan ayrimlari U.Labov va uning izdoshlari tomonidan ingliz tilining Amerika variantini o‘rganishda, shuningdek, M.V.Panov rahbarligidagi moskvalik tilshunoslar tomonidan muvaffaqiyatli qo‘llanilgan.

Sotsiolingvistik metodlarning turlari. Sotsiolingvistikadagi mavjud metodlarni uch turga ajratish mumkin:


1) manba (material) to‘plash metodlari;
2) materialni qayta ishlash metodlari;
3) olingan ma’lumotlar haqqoniyligini baholash metodlari.
Birinchi guruhda sotsiologiya, sotsial psixologiya va qisman dialektologiyaga taalluqli bo‘lgan metodlar, ikkinchi va uchinchi guruhda matematik statistika metodlari salmoqli o‘rin egallaydi. Sotsiolingvistik materiallarni taqdim etishning ham o‘ziga xos xususiyati bor. Bundan tashqari to‘plangan, qayta ishlangan va statistik mezonlar yordamida baholangan material til va ijtimoiy institutlar o‘rtasidagi obyektiv qonuniyatlarga asoslangan aloqalarni ko‘rsatib bera oladigan sotsolingvistik talqinga muhtoj bo‘ladi12. Sotsiolingvistlar ma’lumot to‘plashda ko‘proq kuzatish va turli xil so‘rovnomalardan, shuningdek, yozma manbalarni umumilmiy tahlil metodidan foydalanadilar. Tabiiyki, ko‘pincha bu metodlar qorishtiriladi: yozma manbalarning dastlabki tahlilidan keyin tadqiqotchi muayyan taxminni shakllantiradi va uni kuzatish jarayonida tekshiradi; to‘plangan ma’lumotlarni tekshirish uchun u o‘zini qiziqtirgan ijtimoiy uyushmaning ma’lum qismini so‘rovga tortishi ham mumkin. Sotsiolingvistlar oddiy kuzatuv bilan bir qatorda ba’zan bevosita aralashma kuzatuv metodini qo‘llaydilar. Insonlar xulqini o‘rganuvchi bevosita kuzatuv usulida kuzatuvchining o‘zi ham kuzatilayotgan guruh a’zosiga aylanadi. Bunda kuzatuvchi kuzatilayotgan ijtimoiy guruh a’zolaridan biror-bir belgisiga ko‘ra, masalan, millati, tili va boshqa belgilari bilan ajralib turmasligi kerak. Chunonchi, yevropalik kuzatuvchi xitoyliklar yoki negrlar guruhida bevosita kuzatuv olib borolmaydi; katta yoshdagi tadqiqotchining o‘smirlar guruhi bilan o‘tkazilayotgan kuzatuvga to‘liq moslashib ketishi qiyin bo‘ladi; shaharlik dialektologni qishloq aholisi o‘z muhitiga begona odam sifatida qabul qiladi. Masalan, mashhur rus tilshunosi Y. D. Polivanov yapon tilining Nagasaki dialektini o‘rganish jarayonida uni shunchalik yaxshi o‘zlashtirib olgan ediki, hatto, unda bemalol gapira olgan; biroq bu holat mahalliy aholida salbiy munosabat uyg‘otgan13. Yaponlar xorijlik olimni har qanday vaziyatda ham “o‘ziniki” hisoblashmagan. Agar bunday to‘siqlar bo‘lmasa, kuzatuvchi guruhga “xuddi hamma kabi singib ketgan bo‘lsa, u o‘z kuzatuvchilik maqsadlarini, xatti-harakatlari”ni bemalol yashirishi mumkin. “Oshkor qilish” omadsizlikka olib keladi, ba’zi hollarda, hatto, kuzatuvchi hayotiga tahdid solishi ham mumkin. Bunga quyidagi misollarni keltirish mumkin. Ikki yevropalik etnograf darveshlarning turmush tarzi, xulq-atvori va tilini o‘rganish maqsadida ko‘chmanchi musulmonlarga qo‘shilib, ular orasida o‘zlarini xuddi darveshlardek tutishgan. Darveshlar ham olimlarni “o‘ziniki” deb qabul qilishgan. Biroq olimlarning musiqiy ohangga oyoqlarini g‘ayriixtiyoriy qimirlatib o‘tirishlari ularni fosh qilib qo‘ygan, chunki bunday odat darveshlarga xos bo‘lmagan. Yoki filolog mahbus bilan yuz bergan voqea ham ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan. Filolog qamoqxonada o‘g‘rilar jargonini mahbuslardan yashirincha yozib olishga harakat qilgan. Biroq olimning ziyoli qiyofasi jinoyatchilarni shubhalantiradi va uni fosh qilishib, “sotqin” deb hisoblashadi. Tadqiqotchi bu mashg‘ulotining ilmiy tomonini zo‘rg‘a tushuntirib, isbotlab bergandan keyin jinoyatchilarning o‘zlari unga material to‘plashda yordam berishgan14. Tashqi kuzatuvda ham, bevosita kuzatuvda ham kuzatuvchi kuzatilayotgan nutqiy materialni qayd etib borishi kerak. Bu ikki xil usulda – qo‘lda yozish yoki instrument vositasida amalga oshirilishi mumkin. Qo‘lda yozish usuli juda qulay bo‘lib, u maxsus tayyorgarlikni talab qilmaydi. Qog‘oz va qalam bo‘lsa, quloqlar nutqdagi muayyan dalillarni qabul qilishga “shay bo‘lsa”, kuzatilayotgan obyekt (kishi yoki kishilar guruhi) tadqiqotchining maqsadini payqamasa yoki bundan xabardor bo‘lsa ham qarshilik qilmasa, qayd nisbatan oson va muvaffaqiyatli amalga oshirilishi mumkin. Ayniqsa, bu usul nutqiy oqimda faqvulodda kam uchraydigan so‘zlar, so‘z shakllari va sintaktik konstruksiyalarni kuzatishda samarador hisoblanadi. Agar vazifa alohida dalillarni emas, balki ravon nutqni, muloqot jarayonida kishilarning dialogik o‘zaro munosabatlari va talaffuz xususiyatlarini, ohang va nutqiy muomalani to‘laligicha tekshirishdan iborat bo‘lsa, u holda, qo‘lda yozish samarali bo‘lmaydi. Unda kuzatuvchi nutqiy zanjirdagi ba’zi xossalarnigina qayd etishga ulguradi va bu zanjirlarni tanlash har doim subyektivligicha qoladi. Shuning uchun zamonaviy sotsiolingvistikada tadqiq qilinayotgan og‘zaki nutqqa doir aksariyat masalalarning yechimida instrumental texnikani, xususan, magnitofon va diktofonlarni (xatti-harakat va imoishorali muloqotlarni qayd qilishda videokameralardan ham foylaniladi) qo‘llash maqsadga muvofiqdir. Mazkur vositalardan ochiq yoki yashirin foydalanish mumkin. Qayd qiluvchi vositalardan ochiq foydalanganda kuzatuvchi informantlarni o‘z maqsadi (haqiqiy yoki yolg‘on) haqida ogohlantiradi va kuzatuv jarayonida o‘rganilayotgan individlar nutqidagi tabiiy muomalani u yoki bu darajada bo‘g‘ib qo‘yuvchi mikrofon ta’sirini kamaytirishga harakat qiladi. Biroq so‘zlovchi o‘z nutqini qayd qilinayotganligini bilmaganda uning nutqi ko‘proq tabiiy va erkin chiqadi. Shuning uchun sotsiolingvistlar imkon qadar yashirin vositalardan keng foydalanishadi. Buning imkoni bo‘lmagan holatlarda ayrim tadqiqotchilar ochiq va yashirin vositalardan aralash foydalanishadi. Masalan, U. Labov o‘zining informantlari bilan ishlash jarayonida magnitofon va videokameradan ochiq foydalangan. Tanaffus paytida informantlar bir-birlari bilan erkin muloqotga kirishgan chog‘ida esa magnitofon va videokamerani yashirin qo‘llagan15. Sotsiolingvistikada anketalashtirish, og‘zaki so‘rovlar, testlar va ma’lumotlar to‘plashning boshqa usullari ham keng qo‘llaniladi. Bu usullar tilni egallashdagi ma’lum qonuniyatlarni aniqlashtirish va shu tilda so‘zlashuvchilarning u yoki bu muloqot sharoitlarida til qo‘llashlarini tekshirishga qaratilgan. To‘plangan ma’lumotlar jadvalga solinadi. Agar ma’lumot ko‘p bo‘lmasa, u qo‘lda yoziladi. Keyin olingan ma’lumotlar va uning mazmuniy tahlili, matematik-statistik bahosi aniqlashtiriladi. Buning natijasida tadqiqotchi tildan foydalanish va til egalarining ma’lum ijtimoiy xususiyatlari o‘rtasidagi aloqadorlikni aniqlashga muvaffaq bo‘ladi.
Sotsiolingvistik tadqiqot dasturi yosh mutaxassis aniq sotsiolingvistik tadqiqot o‘tkazishda qator qiyinchiliklarga duch keladi.
Bu qiyinchiliklar quyidagi masalalarda kuzatiladi:
1) kimdan ma’lumot olish;
2) ma’lumot olishda qanday metodlardan foydalanish;
3) ma’lumotlarni qanday ishlash, tahlil qilish va talqin qilish.
Mazkur savollarga javob topish uchun sotsiologlar bir qator tadqiqotlarning ishchi strategik rejalariga asoslangan dasturni taklif qilishadi. Tadqiqot dasturi ikki: metodologik va prosedura (yoki tashkiliy-texnik) bo‘limdan tashkil topadi. Tadqiqotning metodologik asosi sifatida sotsiolingvistik tamoyillar va metodlar belgilanadi. Prosedura bo‘limida tadqiqotning ikki xil strategik rejasi ishlab chiqiladi. Sotsiologiyada ular surishtirib biluvchi va tahliliy rejalar, deb nomlanadi.
Tadqiqotning surishtirib bilish rejasiga quyidagilar kiradi:
1) tanlangan mavzu bo‘yicha adabiyotlarni o‘rganish;
2) tanlangan muammolarni sotsiolingvist olimlar bilan muhokama qilish, sotsiologlardan, shuningdek, tilshunoslardan maslahat olish;
3) aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha statistik dalillar va boshqa tegishli ma’lumotlarni o‘rganish;
4) dastlabki kuzatuvlarni o‘tkazish va ishchi taxminlarni chiqarish;
5) ma’lumotni tahlil qilish usullarini tanlash.
Tadqiqotning tahliliy rejasi quyidagilardan tashkil topadi:
1) sotsiolingvistik anketa, test yoki suhbatni ishlab chiqish;
2) dastlabki tadqiqotlar o‘tkazish;
3) anketaning oxirgi variantini ishlab chiqish;
4) tanlov turi va hajmini aniqlash;
5) materialning haqqoniyligi va taqdimot bopligini ta’minlash;
6) anketa so‘rovlarini o‘tkazish;
7) to‘plangan ma’lumotlarni ishlab chiqish;
8) olingan natijalarni tahlil qilish va bayon etish.
Tadqiqot jarayonida quyidagi usullar qo‘llaniladi:
a) anketa so‘rovnomalari (bilvosita va bevosita);
b) suhbat usuli;
d) kuzatish yoki bevosita kuzatish;
e) statistik tahlil;
f) korrelatsion tahlil.
Sotsiolingvistik tadqiqot oldiga qo‘yiladigan bunday shart-sharoitlar va rejani amalga oshirish o‘z navbatida qator muhim masalalarni yechishni talab qiladi. Mazkur kuzatuvning muvaffaqiyatli chiqishi uchun ko‘p vaqt va kuch sarf qilinadi. Qator xorijlik tadqiqotchilar (masalan, Yevropa, Amerika maktablari) vaqt va kuchlardan unumli foydalanish uchun eng muhim savollarni (shu jumladan, sinov savollarini ham) oldindan tuzib olishni maslahat berishadi. Bu usul ilmiy tadqiqotning barcha bosqichlarida mavzuni shakllantirishdan tortib, to olingan ma’lumotlarni ishlash yoki ishni xulosa qilishda juda qo‘l keladi.

Yüklə 69,52 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin