3. Ish vaqtining shaxsiy (individual) fotografiyasi
Ish vaqti sarfini kuzatish uslublari
Mehnatni tashkil etish va normalash sohasidagi amaliy ishda bevosita ish yoki xizmat ko‘rsatish joyida, ish vaqtini o‘rganish-kuzatish muhim ahamiyatga ega.
Ish vaqti sarflarini kuzatishdan asosiy maqsad quyidagilardir:
ayrim ishlarni, xizmatlarni, operatsiyalarni va operatsiya bo‘laklarini (elementlari) bajarish uchun haqiqatda sarflanadigan ish vaqti miqdorini o‘rganish, ishlab chiqarish yoki xizmatlar ko‘rsatish bilan band bo‘lgan xodimlar tomonidan qo‘llaniladigan ilg‘or usul va uslublarni izlab topish, o‘rganish, tahlil etish va ularni amaliyotga joriy qilish;
samarali ishlashning yoki xizmat ko‘rsatishning eng yaxshi usul, uslublarini, tartiblarini, shuningdek, ish vaqtidan unumsiz foydalanish sabablarini aniqlash;
operatsiyalarning ayrim bo‘laklari (elementlari)ni bajarishda eng maqbul izchillikni aniqlash;
ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatish korxonalarida ichki mehnat taqsimoti, potokli ishlab chiqarishda va ko‘p jihozga, ish joyiga xizmat ko‘rsatishda mehnatni tashkil etish va uni rejalashtirish uchun zarur va etarli miqdorda ma’lumotlar olish;
ishlab chiqarishda, xizmatlar ko‘rsatishda ish vaqtining zoe ketish sabablarini va mehnat samaradorligini oshirish imkoniyatlarini aniqlash;
mehnat normalarini bajarganlik yoki bajarmaslik sabablarini aniqlash;
ish vaqtidan samarali foydalanish va mehnat samaradorligini oshirish imkoniyatlarini aniqlash va h.k.lar.
Demak, ish vaqti sarfini kuzatishga mehnat samaradorligini oshirish omili sifatida qarashimiz kerak. Bu asosiy masala bo‘lib, mana shu hol korxonalarda kuzatish yo‘li bilan ish vaqti sarfini o‘rganishning mazmunini va amaliyotini tashkil etadi.
Ish vaqti fotografiyasi kuzatish ob’ektlariga qarab uchga bo‘ladi:
uskunalardan foydalanish fotografiyasi – bu, mashinalar, jihozlar, agregatlarning ishlash va bekor turish vaqtlarini kuzatish;
ishlab chiqarish jarayoni fotografiyasi – bu, ijrochi ishini va xizmat ko‘rsatiyotgan uskunalar, jihozlar ishini bir vaqtning o‘zida kuzatish.
Bir vaqtda kuzatiladigan ob’ektlar soni qanchaligiga qarab ish vaqti fotografiyasi individual, guruhli va brigadali turlarga bo‘linadi.
Mehnatni normalashda ikkita kuzatuv uslubidan: ish vaqtini bevosita o‘lchash va ish vaqtini kuzatishning momentlik uslublaridan foydalaniladi.
Ish vaqti sarfini bevosita o‘lchash uslubining ijobiy tomonlari: mehnat jarayonlarini va jihozlardan foydalanishni batafsil o‘rganishga va har bir ishni, xizmat turini bajarish usul va uslublari, ularning elementlarini bajarish tartiblari va nihoyat, vaqtning har bir turdagi sarfiga ketgan miqdori to‘g‘risida etarli ma’lumotlar olishga imkoniyat yaratadi, undan tashqari, ish vaqti sarflarining o‘rtacha miqdorini va shu ish vaqti turlarining ish kuni(smena) davomidagi haqiqiy ish kuni balansidagi ahamiyatini va salmog‘ini aniqlashga ham katta yordam beradi.
Ish vaqti sarfini bevosita o‘lchash uslubining kamchiliklari: a) kuzatish jarayonini tashkil etish uzoq muddatni va kuzatish natijasida olingan ma’lumotlarni tahlil etish, ularga ishlov berish ko‘p mehnat sarfini talab qiladi; b) bitta kuzatuvchi tomonidan katta guruhdagi xodimlarning ish faoliyatini va jihozlarning ishlash jarayonlarini kuzatib bo‘lmaydi.
Ish vaqti kuzatuvi momentli uslubining ijobiy va salbiy tomonlari ushbu masalaga tegishli maxsus paragrafda batafsil yoritiladi.
Mehnatni normalash amaliyotida ish vaqti sarfini kuzatish va kuzatish natijasida olingan ma’lumotlarni qayd qilish (ro‘yxatga olish)ning bu amallarni bajarish usullariga qarab vizual, avtomatli va masofali turlari uchraydi. Ular bunday turlarga ajratilishining asosiy sababi – ish vaqtini kuzatishda va olingan natijalarni qayd qilishda har xil texnik vositalarning qo‘llanishidir.
Kuzatish uslublari va ularning turlari, ish vaqti sarfini o‘rganish maqsadlariga, kuzatuv ob’ektlarining soniga, kuzatish usullariga, olingan natijalarni qayd qilish va h.k.larga qarab ish vaqti sarfini o‘rganish (kuzatish) uslublarining turlari 4-chizmada berilgan.
Ish vaqti sarfini kuzatishning vizual uslubida kuzatuvchi vaqtni o‘lchaydigan priborlarning (soatni, sekundomerni va h.k.) ko‘rsatishiga qarab olingan natijalarni qo‘lda yozib boradi.
Ish vaqti sarfini kuzatishning avtomatik uslubida kuzatish natijalarini maxsus qurilma orqali kino tasmaga, yorug‘likni yaxshi sezadigan qog‘ozga, magnit tasmaga va oddiy qog‘ozga, kuzatuvchini ishtirok ettirmasdan, qayd qilinadi, ya’ni ro‘yxatga olinadi.
Har bir xodimning ish kuni (smena) davomidagi haqiqiy ish vaqti sarflarining to‘la aksini, miqdorini bilish uchun shunday kuzatish usulini tanlash kerakki, unda u yoki bu turdagi mehnat jarayonini bajarayotgan xodim uning vaqtini kuzatish uchun maxsus ajratilgan tadqiqotchini ko‘rmasin. O‘z navbatida, bunday tadqiqot (kuzatish) ish vaqtini kuzatishning masofali uslubi, deb nomlanadi. Bu uslub asosan sanoat televideniesi yordamida amalga oshiriladi.