20-modda. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning qarindoshlari hamda boshqa shaxslar bilan yozishmalari Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar qarindoshlari hamda boshqa shaxslar bilan yozishmalar olib borish huquqiga ega. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning xat-xabarlarini jo‘natish ularning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Ushlab turilganning, qamoqqa olinganning yozishmalari qamoqda saqlash joyining ma’muriyati orqali amalga oshiriladi hamda senzuradan o‘tkaziladi. Senzura qamoqda saqlash joyining ma’muriyati tomonidan, zarur bo‘lgan taqdirda esa jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxs yoki organ tomonidan amalga oshiriladi.
Ushlab turilganning, qamoqqa olinganning jinoyat ishi bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilishi yoxud jinoyat sodir etilishiga ko‘maklashishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar ko‘rsatilgan, maxfiy yozuv, belgilar bilan yozilgan, davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni o‘z ichiga olgan xat-xabari adresatga jo‘natilmaydi, ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga berilmaydi hamda jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga topshiriladi. Bu haqda prokuror yozma ravishda xabardor qilinadi.
Xat-xabarni ushlab turilganlarga yoki qamoqqa olinganlarga topshirish va adresatlarga jo‘natish xat-xabar kelib tushgan yoxud u jo‘natishga topshirilgan kundan e’tiboran uch kunlik muddatda qamoqda saqlash joyi ma’muriyati tomonidan amalga oshiriladi.
Ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning yaqin qarindoshi vafot etganligi, og‘ir kasalligi, ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning oilasi yoxud yaqin qarindoshlariga moddiy zarar yetkazgan tabiiy ofat haqidagi ma’lumotlar, shuningdek boshqa shunga o‘xshash ma’lumotlar olinganidan keyin darhol adresatga ma’lum qilinadi.
Turli qamoqda saqlash joylaridagi ushlab turilganlar, qamoqqa olinganlar o‘rtasidagi yoki ushlab turilganlar, qamoqqa olinganlarning ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlar bilan yozishmalari faqat qarindoshlar o‘rtasida amalga oshirilishi mumkin.
Qamoqda saqlash joyidan ketgan ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning nomiga kelgan xatlar olinganidan keyin uch kunlik muddatdan kechiktirmay qamoqda saqlash joyining ma’muriyati tomonidan u ketgan joyga jo‘natiladi.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 79, 153-moddalari.