Taqriz tuzilmasi Taqriz matnining mazmuni bo‘yicha tuzilmasida quyidagi tarkibiy qismlar bo‘lishi kerak:
Tahlil predmeti
Taqriz berilayotgan ish nima ekanligi aytiladi: diplom loyihasi, maqola, dissertatsiya, monografiya va b.; chiqish ma’lumotlari keltiriladi. Taqriz yozuvchi uchun taqriz matni qaysi janrga taalluqli ekanligini bilish zarur, chunki ishning ahamiyati haqidagi xulosalar va umumiy baho shunga bog’liq bo‘ladi.
Ishda ko‘tarilgan masalalarning muhimligi, bilim va madaniyatning u yoki bu sohalarida zamonaviy muammolarni yechish uchun ahamiyati ko‘rsatib o‘tiladi.
Qisqacha mazmuni
O‘qib chiqilgan matnning mazmunini anglay olish, avval olingan bilimlar bilan bog‘lay olish zarur, chunki ishning qisqacha mazmuni taqrizda uning tanqidiy tahlili va bahosi bilan mutanosib bo‘lishi kerak.
Baholash qismi
Odatda dastlab taqriz berilayotgan ish u yoki bu janrga beriladigan umumiy talablarga mos kelishi nuqtai nazaridan baho beriladi. Uning yutuqlari keltiriladi: yangiligi, mavzuni ochib berilganligi, xulosalarning dalillar bilan berilishi, misollar, illyustratsiyalar, chizmalarning berilishi; bayon etilgan mavzu bo‘yicha adabiyotlar bilan tanish ekanligi; muammoli masalalar bo‘yicha turli qarashlarni taqqoslash va tahlil qilish qobiliyati, bayon qilish uslubi va h.k. So‘ng taqriz beruvchi tanqidiy fikrlarga o‘tadi, kamchiliklarni ko‘rsatadi. Ularni ko‘rsatib o‘tish taqrizni faqat salbiy qilib ko‘rsatishi kerak emas. Retsenzentning tahlil qilinayotgan ish va muallifga do‘stona munosabati ko‘rinib turishi kerak, shuning uchun barcha kamchiliklar taklif va tavsiyalar ko‘rinishida beriladi.
Xulosalar
Taqriz qilinayotgan ish janriga muvofiq shakllantiriladi. Ishning ahamiyati, ushbu muammo bo‘yicha mavjud boshqa ishlar qatoridagi o‘rni, amaliy ahamiyati, tadqiqot davomida olingan natijalarning qo‘llanilishi qayd etiladi.
Taqriz yozishda quyidagi sxemaga amal qilinadi:
1. Tezis (umumiyholati) va uni ochib berish.
2. Kitob (film, teatr, maqola)ning baholanishi.
Taqrizning boshlang‘ich qismida quyidagi konstruksiyalardan foydalaniladi:
Kitob (film, teatr, maqola)da … hikoya qilinadi. Kitob (film, teatr, maqola)da … muammolar ko‘tariladi. Taqrizni baholash qismida quyidagi konstruksiyalardan foydalaniladi:
Men … hisoblayman. Mening fikrimcha… Mening nazarimda… … menga yoqdi. … menda katta taassurot uyg’otdi. Kitob (film, teatr, maqola) …o‘rgatadi.