25-mavzu. Ilmiy tadqiqot metodlari. Kuzatish, qiyoshlash va eksperiment. Analiz va sintez



Yüklə 20,81 Kb.
tarix13.05.2022
ölçüsü20,81 Kb.
#57818

25-mavzu. Ilmiy tadqiqot metodlari. Kuzatish, qiyoshlash va eksperiment. Analiz va sintez.

Tayanch so’z va iboralar: ilmiy tadqiqot metodlari, kuzatish, qiyoshlash, eksperiment, analiz, sintez, umumiylashtirish, abstraktlashtirish, konkretlashtirish.

SAVOLLAR

  1. Ilmiy tadqiqot metodlari deganda nimani tushunasiz?

  2. Qiyoshlash metodi boshqa metodlardan nimasi bilan farq qiladi?

  3. Eksperiment metodining afzalliklarini sanang.

  4. Analiz va sintez haqida ma’lumot bering.

Ilmiy bilishning umumiy va maxsus metodlari

- ilm-fandagi masalalarnazariyalarni yaratish, borliqning ob`ektiv qonunlarini tashkil etish, ilmiy faktlarni aniqlash kabilarni yechishning quroli bo`lib hisoblanadi.

Umumiy metodlar uch guruhga bo`linadi:

  1. empirik tadqiqot metodlari (kuzatish, taqqoslash, o`lchash, eksperiment);

  2. nazariy tadqiqot metodlari (abstraktlikdan konkretlikka ko`tarilish va b.);

  3. empirk va nazariy tadqiqot metodlari (analiz va sintez, induksiya va deduksiya, modellashtirish, abstraktlashtirish va b).

Kuzatish - ob`ektni o`rganishda unga ta`sir etmasdan bilish metodidir. Bunda ob`ektning xossasini, qayd etish va o`lchash bilan chegaralaniladi, uning o`zgarishi kuzatiladi (masalan, keskichning yeyilishini kuzatish). Tadqiqot natijalari bizga real ob`ektlarning ob`ektiv xossa va aloqalari haqida ma`lumot olish imkoniyatini beradi. Ushbu natijalar tadqiqotining ixtiyori, hissiyoti va xohish-irodasiga bog`liq emas.

Taqqoslash (qiyoslash) - ilmiy bilishning keng tarqalgan metodi bo`lib, u “hamma narsa qiyoslanganda bilinadi” degan tamoyilga asoslanadi. Taqqoslash natijasida bir necha ob`ektga taalluqli bo`lgan umumiy jihatlar aniqlanadi. Bu esa, ma`lumki, qonuniyat va qonunlarni bilish yo`lidagi birinchi qadamdir. Taqqoslash sermahsul bo`lishi uchun quyidagi ikki talab bajarilishi kerak:

  1. O`rtasida ma`lum ob`ektiv umumiylik mavjud bo`lishi mumkin bo`lgan ob`ektlargina taqqoslanishi zarur;

  2. Ob`ektlarni taqqoslash eng ahamiyatli (bilish, o`rganish nuqtai nazaridan) xossalari, belgilari va jihatlari bo`yicha amalga oshirilishi shart.

O`lchash - taqqoslashga nisbatan aniqroq bilish quroli hisoblanadi. Ushbu metodning ahamiyati o`rganilayotgan ob`ekt haqidagi ma`lumotlarning yuqori aniqligidadir. Empirik bilish jarayonida o`lchash metodi ham kuzatish va taqqoslash kabi keng tarqalgandir. Empirik tadqiqotning ko`rilgan metodlaridan farqli holda, ekspirement ilmiy jihatdan eng umumlashtirilgan tarzda qo`yilgan tajriba hisoblanadi. Unda kuzatish va o`lchashdan tashqari ob`ekt joylashgan shart – sharoit, muhit va hatto tadqiqot ob`ektining o`zi ham ma`lum tarzda o`zgartiriladi. Eksperiment natijasida bir yoki bir necha omillarning boshqasiga yoki boshqalariga ta`siri aniqlanadi. Kuzatishdan farqli holda, eksperiment tajribaning qaytaruvchanligini ta`minlaydi, turli sharoitlarda ob`ektni tadqiq etish imkonini beradi, uni “sof holda” o`rganish mumkin bo`ladi. Ilmiy bilishda empirik tadqiqot metodlari muhim ahamiyatga ega. Ular faqatgina gipotezalarni tasdiqlash asosigina bo`lib qolmasdan, ko`p hollarda yangi ilmiy kashfiyotlar, qonunlarni ochishning manbaasi ham bo`lib xisoblanadi. Empirik va nazariy tadqiqotlarida analiz va sintez, deduksiya va induksiya, abstraktlashtirish kabi universal metodlar keng qo`llaniladi.

Analiz (tahlil) – ob`ektni qismlarga, bo`laklarga, tomonlarga, elementlarga ajratib, ularning har birining mazmun – mohiyatini o`rganish, bilishdir. Analiz metodi butunni tashkil etgan qismlar, bo`laklar, tomonlar, elementlar ularning butun tarkibidagi o`rni aniqlanadi. Analiz orqali predmet va hodisalarning tarkibi (strukturasi), tuzilishi o`rganiladi va bilinadi.

Sintez (ajratib olish) – analiz tufayli ajratilgan bo`laklar, tomonlar, qismlar, elementlarni o`zaro biriktirib, ularni bir butun holga keltirishdir. Sintez metodi tadqiqotchiga butunning bo`laklari, qismlari, tomonlari, elementlari o`rtasidagi va ularning butun bilan bo`lgan aloqa va bog`lanishlarini bilishga imkon beradi. Analiz bilan sintez tadqiqot jarayonidagi bir moddiy yoki mantiqiy amalning ikki tomonidir, ular bir-biri bilan bog`liq va bir-birini to`ldiradi, ularni bir-biridan ajratib bo`lmaydi, chunki tabiat va jamiyatda hamma jarayonlar ko`p tomonlamadir. Ilmiy tadqiqotlarda empirik, elementar-nazariy, tarkibiy-genetik, analiz va sintez metodlari qo`llaniladi. Tadqiqotchi o`rganayotgan predmet yoki xodisalari ustida olib borgan kuzatish va eksperimentlari, analiz va sintezlari asosida hosil bo`lgan empirik faktlar va ma`lumotlarni o`z tafakkurida umumlashtiradi, abstraktlashtiradi va konkretlashtiradi. Tafakkur jarayonida yuz beradigan bu amallar ham ilmiy bilishning umumiy ilmiy metodlarini tashkil etadi. Ilmiy bilishning umumlashtirish, abstraktlashtirish va konkretlashtirish metodlari faqat tafakkur jarayoniga oid bo`lib, ular ilmiy tadqiqotlarning nazariy darajasiga xosdir.

Umumlashtirish - bu tadqiqot olib borilayotgan bir qancha predmet yoki hodisalarga xos bo`lgan tomonlari, xususiyatlari va xossalarini fikrda e`tibordan soqit qilib, tadqiqot uchun zarur bo`lgan birorta belgi yoki xususiyatni mavxum xolga keltirishdir.

Abstraktlashtirish – tekshirilayotgan ob`ektlarning xususiy, unchalik e`tiborga molik bo`lmagan jihatlarini soqit qilib, uning mohiyatini ochib beruvchi xossalarini ajratish va o`rganishdir. Abstraksiya vositasida tafakkurning umumlashtirilgan natijalari shakllantiriladi, ular fikran boshqa xodisalar ichidan ajratib olinadi, bu esa ular orasidagi bog`lanishlarni tadqiq etish imkonini beradi. Abstrakt fikrlash - ijodiy yondoshishning majburiy shartidir.

Konkretlashtirish - bu umumlashtirish va abstraktlashtirish jarayonida ajratib olingan, e`tibordan soqit qilingan, oldingi butun belgi va xususiyatlarni yana predmet va xodisalar bilan bog`lab, shu predmet va hodisa haqida aniq bir fikr xosil qilishdir. Umumlashtirish, abstraktlashtirish va konkretlashtirish tafakkurdagi bir mantiqiy amalning turli tomonlaridir. Tadqiqotchi umumlashtirish, abstraktlashtirish va konkretlashtirish usullari asosida tafakkur jarayonida yangi nazariy bilimlarni hosil qiladi. Bu usullarning har uchalasi tafakkur jarayonida doimo birgalikda qo`llanilib, bir-birlarini to`ldirib boradi.

Tarixiylik – bu o`rganilayotgan predmet yoki hodisaning paydo bo`lishi, rivojlanish va yemirilish jarayonlari birligini, uning tarixiy taraqqiyot jarayonida boshqa voqealar bilan aloqadorligini nazariy bilishga oid usuldir. Tarixiylik deganda, tadqiq etilyotgan predmet yoki hodisaning konkret sharoitda paydo bo`lishi, yashashi, rivojlanish va yemirilish yoki yo`q bo`lishidan iborat jarayonning tafakkurda ifodalanishi tushuniladi.

Mantiqiylik esa, ana shu tarixiylikning tadqiqotchi fikridagi umumlashtirilgan, abstraktlashtirilgan, konkretlashtirilgan, qisqartirilgan, tasodiflardan tozalangan abstrakt konkretlik shaklidagi ifodalanishidir. Mantiqiylikda tarixiylikning eng zarur va eng asosiy tomonlari, xususiyatlari, qonuniyatlari ifodalanadi. Tarixiylik va mantiqiylik o`zaro chambarchas bog`liq. Tadqiqotchi biron bir ob`ekt ustida izlanishlar olib borganida ilmiy bilishning bu usullarini to`g`ri qo`llashi lozim. Haqiqatan ham, tadqiq etilayotgan predmet yoki hodisaning real tarixini to`g`ri o`rganib chiqmay turib, uning mohiyatini to`g`ri ifodalab bo`lmaydi.
Yüklə 20,81 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin