3--mavzu borliq- falsafaning fundamental kategoriyasi reja
Substansional yo’nalishda makon va zamon materiya va ongga bog’liq bo’lmagan mustaqil mohiyatlar sifatida qaralgan. Substansional konsepsiya asoschilari Demokrit (makon muammosi bo’yicha) va Platon (zamonga nisbatan yondashuvlarda) makon va zamonni materiyaga ham, bir-biriga ham bog’liq bo’lmagan mustaqil mohiyatlar sifatida talqin qilganlar. Demokrit atomlar harakatlanuvchi bo’shliq amalda mavjudligi haqidagi yondashuvni ilgari surgan.Uning fikricha, bo’shliqsiz atomlar harakatlanish imkoniyatidan mahrumdir. Demokrit va Epikur makonni atomlardan iborat joy deb tasavvur qilgan va uni bo’shliq bilan tenglashtirgan. Makon mutlaq, bir jinsli va harakatsiz bo’ladi, vaqt esa bir tekis oqadi deb hisoblangan. Demokrit, Epikur va Lukresiy Kar ta’limotiga ko’ra, makon obyektiv, bir xil va cheksiz. U atomlar joylashadigan joy. Vaqt (zamon)ni abadiyat bilan tenglashtirish mumkin – u o’tmishdan kelajak sari bir maromda kechuvchi sof davomlilikdan iborat. Vaqt - voqyealar yuz beruvchi joy. Qadimgi yunon faylasuflari materiya, harakat, makon va vaqtni mustaqil substansiyalarga ajratuvchi bu g’oyalar keyinchalik Nyuton klassik mexanikasida rivojlantirildi. XVIII-XIX asrlarda substansional konsepsiya – mutlaq makon va vaqt konsepsiyasi falsafada tabiatshunoslikda yetakchilik qildi. Bu o’z mohiyatiga ko’ra metafizik konsepsiya edi, chunki u harakatlanuvchi materiya, makon va vaqtning aloqadorligini e’tiborga olmas edi. Mazkur konsepsiyaga ko’ra, materiyadan tashqarida sof makon yoki moddiy jarayonlar bilan mutlaqo bog’liq bo’lmagan vaqt mavjud bo’lishi mumkin edi. Shunga qaramay, makon va vaqt haqidagi bu tasavvurlar muayyan empirik asosdan xoli emas edi. Odatdagi tajriba va past tezliklar sohasida, makrodunyoda (makrodunyo esa inson yashaydigan asosiy muhitdir) makon, vaqt va harakatlanayotgan narsa o’rtasida bevosita aloqa kuzatilmaydi. Obyekt muayyan joydan uzoqlashishi mumkin, lekin buning natijasida makon o’zgarmaydi va yo’qolmaydi. Vaqt ham shunday tushuniladi, u obyektlarga bog’liq emas. Shuning uchun ham bunday yondashuvlar saqlanib qolgan, ayniqsa, tabiatshunoslik mikrodunyoni o’rganishga hali yaqinlashmagan sharoitda keng tarqalgan.
Ammo dialektik tafakkur sohibi bo’lgan F.Gegel bunday yondashuvlarni qat’iy inkor etgan. U makon mustaqil bo’lishi mumkin emasligini qayd etgan, vaqt haqida esa shunday degan: «...hamma narsa vaqtda yuzaga kelmaydi va yuz bermaydi, balki vaqtning o’zi shu shakllanish, yuzaga kelish va yuz berishdir». Bu e’tirozlarida F.Gegel haq edi. Umuman, Gegelning obyektiv idealizmida makon va zamonga e’tibor qaratmagan, chunki u vaqtdan tashqari, boqiy, «sof mantiqiy» xususiyatga ega bo’lgan bilimlarning mutlaq tizimini yaratishga harakat qilgan.
Ikkinchi – relyasion (lot. relativus – nisbiy) yo’nalish makon va vaqtni mustaqil mohiyatlar sifatida emas, balki real dunyo obyektlari va jarayonlari o’rtasidagi alohida munosabatlar sifatida tushunish bilan bog’lanadi. «Vaqt nima?», degan savolga javob berar ekan, Aristotel shunday mulohaza yuritadi: harakatda ham, vaqtda ham doim muayyan «oldin» va undan farq qiluvchi «keyin» mavjud. Aynan harakat tufayli biz har xil, o’zaro mos kelmaydigan «hozir»ni farqlaymiz. Vaqt shu «hozir»ning ketma-ketligi, ularning almashuvi, sanog’i, hisobi, «oldingi va keyingiga bog’langan harakatlar soni»dir. Aristotelda makon harakatsiz yulduzlar sohasi bilan cheklangan, ularning ortida – makon va vaqtdan tashqarida yotuvchi va hamma narsani harakatga keltiruvchi boqiy, harakatsiz, ilohiy osmon joylashgan.
Mazkur nuqtai nazardan ko’rsatilgan munosabatlar doirasidan tashqarida makon va vaqt mavjud bo’lmaydi. Bu yo’nalishning atoqli namoyandasi G.Leybnis (1646-1716) hisoblanadi.
Makon va vaqt talqinidagi bu ikki tendensiya, ya’ni makon va vaqt borliqning mustaqil, obyektiv hamda moddiy mazmunga bog’liq bo’lmagan asoslari sifatida yoki harakatlanuvchi materiyaning ajralmas qismi sifatida talqin qilish keyinchalik o’z rivojini topdi. Birinchi substansional konsepsiya ayrim o’zgarishlar bilan yigirma asrdan ko’proq davr amal qildi. Nyutonning materiya joylashadigan harakatsiz, uzluksiz va bir xil uch o’lchovli joy sifatidagi makon to’g’risidagi fikri o’z mohiyatiga ko’ra, Demokritning makon haqidagi g’oyalari bilan bir edi. Nyuton konsepsiyasiga ko’ra, makon absolyut bo’lib, cheksiz ko’lamga ega. Shuning uchun u o’zida barcha materiyani sig’dira oladi va turli jarayonlarga bog’liq emas. Ushbu konsepsiyaga ko’ra, vaqt ham absolyut bo’lib, turli o’zgarishlarga bog’liq bo’lmagan holda kechadigan teng davriylikdir. Unda barcha narsalar paydo va yo’q bo’lib turadi. Muxtasar qilib aytganda, Nyuton makon va vaqt bir-biridan ajralgan va materiya bilan harakatga bog’liq bo’lmagan mustaqil narsa, deb tushungan.
Falsafa tarixida aksariyat faylasuflar u yoki bu tarzda to’qnash keladigan yana bir muhim masala shunday yangraydi: makon va vaqt borliq ko’rsatkichlarimi, ya’ni ular obyektiv xususiyat kasb etadimi yoki bizning ongimiz xususiyatlaridan kelib chiqadimi va o’z tabiatiga ko’ra subyektivmi? Shu munosabat bilan mazkur kategoriyalarning materialistik va idealistik mazmunlari haqida so’z yuritish mumkin.
Makon va vaqt muammosini obyektiv idealizm nuqtai nazaridan yondashuvni o’rta asrlar falsafasida ham kuzatish mumkin. Bu yerda faqat Xudo makon va vaqtdan tashqarida deb fikrlanadi. Mazkur nuqtai nazarning shakllanishiga Avliyo Avgustin (354-430) salmoqli hissa qo’shgan.Idealistik qarashlar makon va vaqtning obyektivligini rad etish va ular ongning turli shakllariga qaramligini tan olish bilan bog’liq. Masalan, subyektiv idealizm vakillari (Berkli, Yum, Max va boshqalar) makon va vaqtga individual ong shakllari sifatida yondashadi. Xususan, D.Yum (1711-1776) uchun ular faqat idrokda mavjuddir. I.Kant (1724-1804) ham makon vavaqtga subyektiv deb qaraydi, ammo ularni aprior, ya’ni insonga tajribaga qadar berilgan hissiy mushohada shakllari sifatida tushunadi. I.Kant makon vavaqtni inson hissiyoti shakli – kuzatish shakli sifatida talqin qiladi. Unga ko’ra, aynan dunyoni bilishga harakat qilayotgan subyekt o’ziga berilgan dunyoning muayyan makon va vaqtdagi shakl-shamoyilini yaratadi.
Materialistik yondashuv o’zining aniq ifodalangan shaklida shu bilan tavsiflanadiki, u makon vavaqtni ongdan tashqarida va undan qat’iy nazar mavjud deb hisoblaydi, ya’ni ular mavjudligining obyektiv xususiyatini qayd etadi. Mazkur yondashuv asosan tabiatshunoslikning I.Nyuton (1643-1727) va A.Eynshteyn (1879-1955) kabi atoqli namoyandalari ilgari surgan g’oyalarga tayanadi.
Makon vavaqt tabiati haqidagi metafizik yondashuvlarni rad etuvchi tabiiy ilmiy dalillar XIX asr oxirida fizikada elektromagnit nazariyasi yuzaga kelishi bilan shakllana boshladi. Uning rivojlanishi faylasuflarni bo’shliq haqidagi tasavvurlardan voz kechishga majbur qildi.Dastlab u “efir” to’g’risidagi g’oya bilan almashtirildi. Efir hamma joyda to’liq, lekin mutlaq va hyech narsaga bog’liq bo’lmagan makonning shakli vazifasini bajardi. Keyinchalik bu tasavvurlardan ham voz kechildi.
Ammo substansional va relyasion konsepsiyalar, Gegelning obyektiv idealizmi doirasidagi makon va vaqt haqidagi tasavvurlar singari, makon va zamonning obyektiv mavjudligiga shubha qilmas edi. Falsafadagi butun subyektiv-idealistik yo’nalish uchun makon vavaqt – tasavvurlarning joylashuv usuli, binobarin, ular o’z kelib chiqishining psixologik manbaiga ega. Berklidan Maxga qadar makon vavaqt - sezgilarning tartibga solingan qatorlari shakllaridir, degan yondashuvni asoslovchi dalillar majmui amal qildi. Ingliz faylasufi Pirson fikriga ko’ra, makon vavaqt amalda mavjud emas, ular narsalarni idrok etishning subyektiv usuli, xolos. Makon – narsalarni idrok etish tartibi yoki kategoriyasi bo’lsa, vaqt voqyealarni idrok etish kategoriyasidir. A.A.Bogdanov makon va zamonni tashkil etuvchi va uyg’unlashtiruvchi inson tafakkuri mahsuli deb hisoblaydi.